Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning adliya tizimini isloh qilish qarorini bir oyga qoldirishini ayrimlar taktik chekinish deya ko’rarkan, faollar hukumatga bosimni susaytirmoqchi emas. Ba’zi kuzatuvchilar omma bilan to’qnashuv fuqarolar urushiga turtki berishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Netanyaxu muxolifat bilan muloqotga tayyor ekanini aytsa-da, namoyishchilarning ayrim toifalari, jumladan xizmat qilishdan bosh tortgan armiya zaxirachilarini keskin tanqid qildi.
“Xizmat qilishdan bosh tortishga da’vatlar dahshatli jinoyatdir. Isroil davlati armiyasiz bo’lmaydi, armiya esa xizmatdan bo’yin tovlash bilan bo’lmaydi”, - dedi u.
Zaxirachi askarlarning norozilik harakatiga qo’shilgani namoyishchilarga kuch bag’ishladi. Askarlarning ixtiyoriy zaxira vazifasini bajarishdan bosh tortishi haqidagi do’q-po’pisasi Mudofaa vaziri Yoav Gallantni xalq noroziligiga sabab bo’lgan qonun loyihasini qoldirishga da’vat etishga majburladi. Netanyaxuning vazirni ishdan olish qarori uch oy davom etgan ko’cha namoyishlarini yanada avj oldirdi.
“Armiya parchalanib ketishidan xavotirdamiz. Xalq armiyasi faqat demokratik jamiyatda bo’lishi mumkin. Demokratiya bo’lmasa, odamlar o’zini armiyaga taklif qilmaydi. Zaxirachilar Isroilni birinchilardan himoya qiladi”, - deydi “Qurolli birodarlar” tashkilotidan Ron Sherf.
Netanyaxu taklif etayotgan qonun loyihasi hukumatga Oliy sud a’zolarini tayinlash vakolatini, parlamentga esa sud hukmini bekor qilish va sudning qonunlarni tuzatish imkoniyatlarini cheklash vakolatini beradi.
Tanqidchilar nazarida, Oliy sud kuchini yo’qotsa, konservativ hukumat siyosatini nazorat qilishga ojizlik qilishi, bu esa demokratiyani barbod qilishi mumkin.
Isroil sobiq bosh vaziri Ehud Barak ham bu diktaturaga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
"Isroil deb nomlangan liberal demokratiyada voyaga yetdik, unga xizmat qilyapmiz. Mana shu demokratik Isroil bilan shartnomaga ko’ra, hukumatning birorta siyosatiga qo’shilmasak-da, hayotimizni fido qilishga, ba’zan o’rtoqlarimizni dafn etishga majburmiz, chunki bu demokratik va erkin ravishda saylangan hukumatdir. Diktator yoki diktatura bilan esa hech qanday kelishuv yo’q bizda”, - dedi u.
Isroil mudofaa kuchlarining uchdan ikki qismidan ko’prog’ini zaxirachilar tashkil etadi. Muntazam harbiy xizmatni o’tab bo’lgandan keyin ko’plar ko’ngilli sifatida zaxira xizmatini ham bajarib turadi. Ular Isroil xavfsizligi uchun muhim hisoblanadi. Zaxirachilarning xizmatdan bosh tortishi haqidagi do’q-po’pisalari harbiylarni xavotirga soldi.
Netanyaxu tarafdorlari zaxirachilarni demokratik ravishda saylangan hukumatni ag’darish harakatida ayblamoqda.
AQShdagi Jorj Meyson universiteti professori Yujin Kontorovichning aytishicha, oz sonli harbiy ofitserlar hokimiyatni qo’lga olishga, mamlakat xavfsizligini xavf ostiga qo’yib, davlat siyosatini o’zgartirishga intilmoqda. Kontorovich ularni davlat xavfsizligini garovda ushlab turganlikda ayblaydi.
Biroq sobiq bosh vazir Ehud Barak nazarida, hozir mamlakatda xalq va hukumat o’rtasida ixtilof yuzaga kelgan bir paytda askarlar vijdoniga qarab ish ko’rmoqda, ammo Isroil tashqi hujumga uchrasa, hamma umumiy dushmanga qarshi birlashishi aniq.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroil hukumati pozitsiyasini tanqid qilarkan, Netanyaxuni adliya tizimini isloh qilish rejasidan voz kechishga chaqirdi.
“Ular bu yo’ldan yurishda ortiq davom eta olmaydi. Buni aniq aytganman. Umid qilamanki, bosh vazir haqiqiy murosaga kelishishga harakat qiladi”, - dedi Bayden.
Netanyaxu bunga javoban muxolifat bilan jiddiy muloqot qilishini bildirdi.
Facebook Forum