Breaking News

AQSh: ortiqcha dozaga qarshi ishlatiladigan dorini retseptsiz sotishga ruxsat berildi


Opioiddan zaharlanganlar uchun dori topish osonlashdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

AQSh Oziq-ovqat va farmasevtika idorasi opioidlar, jumladan, fentanilning haddan ortiq dozasi oqibatlarini tez bartaraf etadigan dorini retseptsiz qo’llashga ruxsat berdi.

AQSh Oziq-ovqat va farmasevtika idorasi nalokson preparatining yetakchi turi bo'lgan Narkan burun spreyini retseptsiz to'g'ridan-to'g'ri do'konlarda sotishga ruxsat berdi. Narkan opioidning haddan tashqari dozasi oqibatlarini davolashda ishlatiladi. Fentanil kabi moddalarni yuqori dozada qabul qilish Qo'shma Shtatlarda tasodifiy o'limning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.

Fentanil, odatda, kuchli og'riqni qoldirish uchun ishlatiladi. AQSh huquq-tartibot idoralariga ko’ra, noqonuniy fentanil Xitoydan Meksika orqali olib kelingan kimyoviy moddalardan arzon narxda ishlab chiqariladi. Bu fentanil geroin yoki kokain bilan aralashtiriladi yoki soxta tabletkalarga qo’shiladi. Doktor Neytan Kittl giyohvandlik bo'yicha mutaxassis.

“Hozirgi kunda turlari ko’paygan, lekin ular oddiy brend shaklida og'riqqa qarshi tabletkalardek ko’rinadi. Ular kimdir dorixonadan oladigan oksikodonli tabletkaga o'xshaydi va afsuski, opioidlarni ishlatishga o'rganmagan ko'plab odamlar og'riq qoldiruvchi tabletka ichyapman, deb o'ylaydi”, - deydi mutaxassis.

So’nggi yangilik insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.

“Opioidlardan foydalanmaydigan oddiy odamlar nalokson dorisidan foydalanishni qanchalik ko’p bilsa, shuncha ko'p hayot saqlab qolinadi, chunki siz qabul qilayotgan narsada fentanil bo'lishini hech qachon bilmaysiz”, - deydi doktor Kittl.

Ma’muriyat qarori naloksonning mamlakat bo'ylab retseptsiz qo'llanilishini kengaytiradi, lekin u Vashington shtatida 2019-yildan beri keng ishlatib kelingan, jumladan, maktablar va kutubxonalarda yuz beradigan favqulodda vaziyatlar uchun. Sobiq giyohvand va hozirda giyohvandlik bo’yicha maslahatchi Lyup Xurtadoning aytishicha, hayotni saqlaydigan dori-darmonlar, o'z vaqtida berilsagina, samarali bo'ladi.

“Odamlar giyohvandlikka berilganidan uyaladi. Shu bois dorilarni yolg'iz paytida qabul qiladi. Bu holatda siz o'zingizni haddan tashqari dozadan qutqara olmaysiz. Narkan odamlarning hayotini saqlab qoladi, lekin uni sizga kimdir berishi kerak. O’zingizga o’zingiz bera olmaysiz. Shu bois izolyatsiyada qolganlarni jalb qilish, ularni jamiyat a'zolari sifatida qabul qilish muhim”, - deydi u.

Xurtadoga ko'ra, har bir odam ortiqcha doza qanday bo’lishini va naloksonni qanday ishlatishni bilishi kerak.

“Siz bu qachon sodir bo'lishini yoki kim bilan yuz berishini hech qachon bilmaysiz. Ko'chada mashinangizda, avtobusda bo'lishingiz mumkin. Avtobus kutayotgan bo'lishingiz mumkin. Do’koningizni ochayotganingizda kimdir haddan tashqari doza qabul qilgan bo’lishi mumkin”, - deydi u.

Opioid iskanjasidagi cho'loq taqdirlar (1-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:14 0:00

Sog'liqni saqlash bo'yicha maslahatchi Bred Fayngudning aytishicha, nalokson orqali fentanil bilan bog’liq o'limlarni to'xtatish giyohvandlarga davolanish uchun yangi imkoniyat berish bilan barobar.

“Giyohvand moddalarni suiiste’mol qilish surunkali kasallik. Odamlar buning ustida kurashmoqda va uni davolash mumkin. Agar biz odamlarga kerak bo'lgan davoni ta'minlay olsak, ular yaxshilanadi va shifo topadi”, - deydi shifokor.

Narkanni retseptsiz sotishni boshlash bir necha oy vaqt olishi mumkin. Rasmiy bayonotda aytilishicha, yangi chora ishlab chiqaruvchilarni mahsulotni "iloji boricha tezroq va arzonroq narxda" sotuvga chiqarishga ham undaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG