Breaking News

Ijtimoiy sahifaga tarqalgan AQSh maxfiy hujjatlarida qanday ma'lumotlar bor?


AQSh matbuotiga ko’ra, Bayden ma’muriyati Mudofaa vazirligining maxfiy hujjatlari ijtimoiy tarmoqlarga chiqarilganidan ko’rilgan zararni baholashga urinmoqda.

Xalqaro hayot - 11-aprel, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:46 0:00

Adliya vazirligi nozik ma’lumotlarni o’z ichiga olgan hujjatlar qanday qilib oshkor etilganini tergov qilishga kirishgan. Mudofaa vazirligi ham alohida surishtiruv o’tkazmoqda.

Kongressdagi qonunchilar vaziyatdan xavotirda. Vakillar palatasi va Senatning razvedka qo’mitalari raislari Bayden ma’muriyatidan bu borada tushuntirish talab qilmoqda.

Ushbu hujjatlarda AQShning ittifoqchi va g’anim davlatlarni kuzatib yurgani ta’riflanadi. Xususan Janubiy Koreya, Isroil va Ukraina rasmiylari, jumladan Prezident Vladimir Zelenskiyning suhbatlariga yashirincha quloq solingani ma’lum.

Pentagon hujjatlarida Ukrainaning rus qo’shinlariga qarshi hujumidan oldin qurollarining sifati, havo mudofaasi, batalyonlari hajmi va tayyorgarligidagi zaifliklar bayon etiladi. Maxfiy hujjatlar oshkor etilishi ketidan Ukraina harbiy rejalariga tuzatish kiritishga kirishgani aytiladi.

AQSh razvedkasi maxfiy hujjatlarda Ukraina qarshi hujumda o’z maqsadlariga erisha olishiga shubha bildirgan.

Hujjatlardan biri AQSh Markaziy razvedka agentligi tomonidan tayyorlangan bo’lib, unga ko’ra, Isroil razvedkasi Mossad yangi hukumatga qarshi namoyishlarni gijgijlab, hatto harakatga da’vat etgan.

Boshqa hujjatlardan ma’lum bo’lishicha, Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sisiy fevral oyida yuqori lavozimli harbiy rasmiylarga 40 mingta raketa ishlab chiqarib Rossiyaga yuborishni va G’arb bilan aloqa buzilmasligi uchun bu ishni yashirincha qilishni buyurgan.

Vashingtondagi “Yangi Amerika xavfsizligi uchun markaz” tahlilchisi Jek Mijelining aytishicha, ushbu hujjatlarda AQShning Ukraina mojarosidagi ishtiroki ilgari xabar berilganidan ham chuqurroq ekanini, Ukrainada AQShning maxsus amaliyot bilan shug’ullanuvchi harbiylari harakatlanayotganini, AQShning Ukrainada 100 ga yaqin davlat xizmatchilari borligini, urushga doir rasmiy ma’lumotlarning asl vaziyatdan ancha farq qilishini ko’rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG