Xitoy Rossiya yordamida yadro qurollari salohiyatini kengaytirmoqda. AQSh rasmiylari va qonunchilari bunga qanday munosabat bildirish haqida o’ylanmoqda.
Pekin va Moskva yadroviy hamkorlik kengayayotganini yashirayotgani ham yo’q. 2021-yil mayida Rossiya texnologiyasi yordamida Xitoyda ikkita yangi atom stansiyasining qurilishi boshlandi.
Xitoy yadro kallakchalari soni bo’yicha AQSh va Rossiyadan ancha ortda bo’lsa-da, uning yadro arsenali tez sur’atda ko’paymoqda. “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o’tgan hafta Yaponiyadagi majlisi paytida bundan tashvish bildirdi.
AQSh Mudofaa vazirligining Kongressdagi tinglovda hisobot bergan rasmiylarining aytishicha, Xitoydagi yangi reaktor uranda emas, plutoniyda ishlaydi, plutoniy esa qurol ishlab chiqarish uchun kerak.
“Xitoy yadro salohiyatining kuchayayotgani chuqur tashvish uyg’otmoqda. Bu yadroviy tahdidni kamaytirish uchun zarur amaliy choralarni tadbiq etish zaruratini kuchaytirmoqda. Xitoy dasturining sur’ati xalqaro barqarorlikka yangi bosim qo’yadi”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisining o’rinbosari Vedant Patel.
Xitoy “Katta Yettilik” vazirlarining xavotirlariga barham berishga harakat qildi.
"Xitoy hamisha mudofaa yadro strategiyasini olib borgan, yadro qurollarini birinchi bo’lib qo’llamaslik siyosatiga sodiq bo’lib, yadro salohiyatini milliy xavfsizligimiz talab qiladigan minimal darajada ushlab kelmoqda. Xitoyga qarshi yadro qurollarini ishlatishga do’q-po’pisa qilmagan mamlakatlarda Xitoy yadro qurollaridan qo’rqishga sabab bo’lmasligi kerak”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.
AQShdagi qonunchilar Xitoy yadro qurollarini nazorat qiluvchi bitim imzolashidan shubhalanar ekan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSh bilan imzolangan qurol nazoratiga doir ikki tomonlama kelishuvdan yil boshida chiqqanidan xavotir bildirdi.
“Xitoy yadro dasturi haqida razvedka ma’lumotlari bilan tanishishga muvaffaq bo’ldim. Ularning yadro arsenali dahshatli, uni nazorat qiladigan bitim yo’q. Rossiya bilan yangi START kelishuvi bo’yicha muzokara boshlab, Xitoyni ham unga qo’shsak bo’ladi. Ammo bunday nopok ittifoqni hamda har ikki mamlakatdagi diktatorlarning agressiyasini hisobga olganda bunga erishishimizga umidim juda kichik”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Maykl Makkol.
Uning demokrat hamkasbi Deyvid Sisillin nazarida, AQSh chora ko’rishi zarur.
“Yadro qurollari tarqalishining yanada kengayishi tarafdori bo’lmaganman hech qachon. Boshqa mamlakatlar yadro arsenalini kengaytirishiga qarshi harakatlarimizni ikki baravar kuchaytirishimiz kerak degan fikrdaman. Qarshi chora sifatida AQSh yadro qurollari sonini oshirish teskari natija beradi”, - deydi kongressmen.
Amerika olimlari federatsiyasi hisobiga ko’ra, Xitoyda 410 ta, AQShda 5244 ta va Rossiyada 5889 ta yadro kallakchalari bor.
Facebook Forum