Breaking News

Alyaskada oziq-ovqatga muhtoj odamlar soni oshmoqda


Hukumat yordamiga qaram bo'lgan minglab alyaskaliklar pandemiya, inflyatsiya hamda baliqchilik sanoatiga jiddiy zarar yetkazgan to'fon oqibatida oziq-ovqat tanqisligi bilan yuzlashmoqda.

Olis qishloqlarga oziq-ovqat barja yoki samolyotda yetkazib beriladi. Bu esa asosiy tovarlarning narxi ham o'ta qimmatlashishiga sabab bo’ladi. Shtatdagi taxminan 735 ming aholisining 13 foizi hukumatdan oziq-ovqat dasturi bo’yicha yordam olgan.

"Odamlar oziq-ovqat yoki isitish uchun yoqilg'idan birini tanlashga majbur bo'lmoqda", - dedi Ankorijdan Alyaskaning 634 kishilik Stebbins qishlog'i ma’muriyati vakili Deysi Lokvud Katchik.

Oziq-ovqat tanqisligi va kuchli inflyatsiyaga duch kelgan shahar yaqinda bolalarning bahorgi karnavali uchun yig'ilgan 38 000 dollar mablag'ni aholining asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun sarflashga majbur bo’lgan.

Shtatning respublikachi gubernatori Mayk Danlivi Texasdan deyarli ikki yarim baravar katta bo'lgan hudud aholisiga yordam ko'rsatish uchun 1,7 million dollar ajratdi.

"Biz kuniga 2-3 mahal ovqat iste'mol qilmaydigan ko'plab odamlarni bilamiz; ular bir marta ovqatlanishga majbur bo’lyapti, - dedi Alyaska oziq-ovqat zaxirasi dasturlari direktori Entoni Reynert. - Har doim Alyaskada ochlikning ma’lum chegarasi bo'lgan. Ammo so'nggi olti oy ichida u kuchayib, sezilarli darajada kengaydi".

AQShda keksalarga taom ulashayotgan musulmonlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00

Pandemiya ortidan shtatlar tomonidan boshqariladigan federal oziq-ovqat dasturini uzaytirish to'xtatildi. Bu dasturga hujjat topshirishning eski tartibi qayta tiklanganidan keyin ariza topshiruvchilar soni keskin oshib ketdi.

2021-yilda shtat sog'liqni saqlash departamentiga uyushtirilgan kiberhujum Alyaskaning arizalarni ko'rib chiqish imkoniyatini qiyinlashtirdi, dedi o'tgan yil oxirida sog'liqni saqlash bo'yicha komissar etib tayinlangan Xeydi Xedberg.

Arizalarni ko’rib chiquvchi kompyuter tizimlarini yangilashi kerak bo'lgan xodimlar kiber hujumni bartaraf etish uchun jalb qilingach, muhim tizimlar yangilanmay qoldi. Tizim yangilanganidan so’ng qisqartirilishi ko’zlangan 100 ta ish o’rni esa kompyuterlar o’rnatilmasdan burun to’xtatildi.

Yanvar oyida oziq-ovqat uchun yordam so’rab murojaat qilgan arizachilar soni 9 104 ga yetdi. Rasmiylar shu oy yig’ilib qolgan arizalar ko’rib chiqilishini va shundan so’ng e’tibor yangi arizachilarga qartilishini da’vo qilmoqda.

Shaharlarda ommalashayotgan noan’anaviy fermalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

Stefani Dubok dekabr oyida ariza topshirgan va hanuz javob kutmoqda. U Ankorij shahridagi “Chugiak-Eagle River” oziq-ovqat omborida ko'ngilli bo'lib ishlaydi. Unga shu yerdan yegulik berib turishadi.

"Busiz mening oilam moliyaviy jihatdan og’ir ahvolga tushib qolgan bo’lardi", - deydi u.

Shtatni sudga berganlar orasida 68 yoshli Rouz Karni ham bor. U oyiga 172 dollar yordam oladi.

Karnining so'zlariga ko'ra, u sentabr oyida yordam arizasi yangilangani haqida xat olgan. Lekin oradan bir oy o'tgach, ariza to’ldirishi uchun bir kun muhlat qolgani haqida xabar jo’natishgan. U arizani qayta to’ldirgan, lekin advokat yollaganidan keyingina o’tgan oyga kelib yordam olishni boshlagan.

Uning advokati Feronti shtat hokimiyatiga qarshi 10 mijoz nomidan ish olib bormoqda. Ammo tomonlar uzoq muddatli o'zgarishlarga olib kelishi mumkin bo'lgan yechim ustida ishlayotgani sababli ish to'xtatilgan.

Oziq-ovqat zaxiralari dasturi rahbari Reynertning aytishicha, Vashington shtatidan jo'xori uni, makaron, loviya, konservalangan meva va pishloq kabi asosiy mahsulotlarni arzonroq narxlarda sotib olish uchun taxminan 800 ming dollar sarflangan. Keyin bu tovarlar tarqatish uchun Alyaskaga olib kelingan.

Alyaskaning janubi-g'arbiy qismida joylashgan Bezel qishlog’ida Bezel Jamoatchilik xizmatlari jamg'armasi oyiga 350 ga yaqin uy xo'jaliklarini oziq-ovqat bilan ta'minlamoqda. Bu pandemiyadan oldingi miqdordan deyarli olti baravar ko'p. Do‘konda bir gallon sut taxminan 12 yarim dollar turadi. 20 funtli bir qop guruch esa 62 yarim dollar, deydi fondning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha koordinatori Keri Atchak.

Bu Bezeldan 19 kilometr uzoqlikdagi Yupik qishlog'i bilan solishtirganda arzonroq. U yerda 18 donalik tuxum qutisi deyarli 17 dollar. Ikki o'ram yeryong'oq yog'i esa 25,69 dollar turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG