Tobutdagi jurnalist Aleksandr Bondarenko, u aprel oyi oxirida Donbassdagi janglarda halok bo’ldi.
Aleksandr - Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Ukraina qurolli kuchlari safiga qo’shilgan, shafqatsiz janglarda halok bo’lgan navbatdagi ukrain jurnalisti.
Bondarenko urushgacha Kiyevda axborot agentligini boshqargan, bundan avval esa BBC radiosida ham ishlagan.
Ukrainada Aleksandr kabi ko’ngilli tarzda armiya safiga qo’shilgan jurnalistlar ko’p, frontda halok bo’lganlari ham anchaga borib qolgan.
Aleksandrdan bir o’g’il farzand qoldi. O’g’li otasi bilan faxrlanadi:
“Otam uning qabrida yig’lashlarini mutlaqo istamasdi. Men buni bilaman. Ammo afsus, shunday bo’lyapti, hayot shunday ekan, biz buni qabul qilamiz”, deydi Aleksandrning o’g’li.
Jurnalist Natalya Nagornaya Aleksandrning yaqin do’stlaridan biri. Hamkasblari Aleksandrni o’ta quvnoq, jasur va dilkash inson sifatida xotirlashadi.
“Men Aleksandrni 2012 yildan buyon tanirdim. Tashqi ko’rinishidan jiddiy tuyilsada, juda quvnoq, hozirjavob, hazil mutoyibaga boy inson, do’st edi. Jurnalist sifatida o’ta jiddiy mavzular bilan shug’ullanib kelardi. Men hozir qancha hamkasblarimiz urushda ekanini aniq bilmayman, Aleksandr urush boshlanishi bilanoq frontga otlangan jurnalistlardan biri edi. O’ta shafqatsiz, qaqshatqich kechayotgan bu urushda ko’plab jurnalistlar halok bo’lishdi, kimdir jangchi sifatida, yana kimdir jurnalistik faoliyatini bajarishi davomida. Aleksandr jangchi sifatida halok bo’lgan ukrain jurnalistlaridan biri”.
Facebook Forum