Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markaziga ko’ra, Amerikada yuqori dozali dorilar tufayli yuz berayotgan o'lim holatlariga, asosan, fentanil kabi sun’iy opioidlar sabab bo’lmoqda. Fentanilning ta’siri geroindan 50 baravar kuchli bo'lishi mumkin. AQSh huquq-tartibot idoralarining ta'kidlashicha, noqonuniy fentanil asosan Xitoydan keladigan arzon kimyoviy moddalardan tayyorlanadi va AQShga Meksika orqali olib kiriladi.
Lukas Beyrer fentanil qurboni bo'lgan yoshlardan. Ucherkov ishlarida faol yoshlardan bo'lgan. Bo’sh vaqtida suzish bo'yicha instruktor sifatida ishlagan va Sietldagi o'rta maktabning futbol jamoasi a’zosi ham bo’lgan.
16 yoshli bu o’spirin beli og’riyotgani haqida shikoyat qilgach, onasi Olga Davidov-Beyrerning aytishicha, u og'riq qoldiruvchi dorilarni qabul qila boshlagan. Avvaliga onasi bu narsaga jiddiy e’tibor bermadi. Ammo Lukas sinfdoshlaridan biri haddan tashqari doza tufayli vafot etgach, u o’g’li bilan bu mavzuda jiddiy suhbat qurdi.
“Men Lukas bilan dafn marosimidan keyin gaplashdim. Lukas o’shanda tabletka sotib olishini bilmas edim. Men unga, "bu narsa nima ekanligini bilmayman, lekin men farzandidan ayriladigan onalardan biri bo’lishni istamayman", deb aytdim. O’sha payt buning fentanil ekanini hech kim aytmagan ham edi”, - deydi ona.
Oradan bir oy o'tgach, Lukas kuchli og'riq qoldiruvchi vositani qabul qiladi. Tegovchilarning keyinroq aytishicha, u “Perkoset” deb o’ylagan dori aslida fentanil bilan to’yintirilgan soxta tabletka edi. Onasi Lukasni yangi o‘quv yilining birinchi tongida hushsiz holatda topadi.
"Uning do'stlari, “bu fentanil bo'lsa kerak, fentanil bo'lishi kerak", deb aytishgach, men "nima u fentanil", deb so’radim”, - deya eslaydi Olga.
Kuchli og'riqni davolash uchun fentanildan foydalanishga ruxsat berilgan. Noqonuniy fentanil esa ko'pincha geroin yoki kokain bilan aralashtiriladi yoki Lukasni o'ldirganidek, soxta tabletkalarga qo’shiladi. AQShning giyohvand moddalarni nazorat qilish agenti Jeykob Galvanning aytishicha, laboratoriya tekshiruvlari 10 ta soxta tabletkadan oltitasida fentanilning potentsial o'limga olib keladigan dozasini aniqlagan.
“Biz uni xodimlarimizga ko’rsatsak, farqini topisha olmaydi. Uni laboratoriya xodimlariga ko'rsatamiz; ular ham farqlay olmaydi. Bu narsalar shu darajada yaxshi yaratilgan”, - deydi u.
“Rostini aytsam, bu har qanday odam bilan sodir bo'lishi mumkin. Chunki fentanildan foyda juda katta va uni har qanday narsaga qo’shish mumkin. Faqat hamma bilishi kerakki, bu narsalar ko'chalarda sotilyapti yoki tarqatilyapti”, - deydi Olga.
O’lim holatlari oshishi ortidan maktablarda fentanil xavfi haqida maxsus dasturlar hamda undan zaharlanganda ishlatiladigan Nalokson preparatlari taqdim etilmoqda.
“Biz maktabga qanchalik erta borsak, shuncha yaxshi bo’ladi. Agar ruxsat berishsa, boshlang’ich maktabdan kollejlargacha kirib borar edik, chunki bu tabletkalar qanchalik halokatli ekani haqida xabar berish juda muhim”, - deydi Galvan.
AQSh Sog'liqni saqlash va aholiga xizmat ko'rsatish departamenti ma'lumotiga ko'ra, giyohvand moddalarni suiiste'mol qilish bilan og'rigan 12 va undan katta yoshdagi odamlarning 90 foizdan ortig’i davolanmaydi.
Lukasning oilasi fentanil xavfi haqida xabardorlikni oshirish, zaharlanishning erta belgilarini aniqlash hamda ko’mak uchun qayerga murojaat qilish bo’yicha ko'ngillilar guruhini yaratdi.
Facebook Forum