Breaking News

Saudiya Arabisoni haj ziyoratchilari sonini oshirmoqchi: bu ekologiyaga qanday ta'sir qiladi?


Haj mavsumiga tayyorgarlik, Makka, Saudiya Arabistoni, 2023-yil, 26-iyun
Haj mavsumiga tayyorgarlik, Makka, Saudiya Arabistoni, 2023-yil, 26-iyun

Saudiya Arabistoni haj mavsumida Islomning muqaddas qadamjolariga tashrif buyuruvchi millionlab ziyoratchilar sonini yanada oshirish niyatida. Ammo iqlim o'zgarishi bilan bog’liq muammolar va jazirama issiq bu rejalarga pand berishi mumkin.

Xalqaro havo qatnovi va infratuzilmani kengaytirish hisobiga Riyod mavsumiy ziyoratchilar sonini ko’paytirishni maqsad qilmoqda.

Saudiya Arabistonida koronavirus pandemiyasi davrida joriy qilingan cheklovlarsiz birinchi Haj ziyorati boshlandi. 2019-yilgi haj ziyoratiga 2,5 millionga yaqin kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, bu yil 2 millionga yaqin odam kelishi kutilmoqda.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning qirollik iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejasiga ko‘ra, “Vision - 2030” doirasida 30 million ziyoratchi Haj va Umra ziyoratlarida qatnashadi. Bu pandemiyadan oldingi darajadan 10 millionga ko'proq.

Bu Makka va Madinadagi mehmonxonalar va boshqa infratuzilmalarni keng ko'lamda kengaytirishni talab qiladi. Qadimgi shaharlar o’rnini allaqachon ko'p qavatli uylar va savdo markazlari egallagan. Qo‘shimcha ziyoratchilar uchun uzoq masofaga uchadigan reyslar, avtobus va avtomobillar hamda suv va elektr energiyasi ta’minotini oshirishni taqozo qiladi.

Hukumatning ulkan rejasida qo’shimcha millionlab ziyoratchining atrof-muhitga ta'siri qanday bo’lishi hisobga olingan yoki olinmagani noma’lum. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘l tarmog‘i kabi chora-tadbirlar muqaddas shahar va uning atrofini ifloslantiruvchi tirbandlikni bartaraf etish uchun yetarli emas.

Poyezdlar 300 km/soat tezlikda qurg'oqchil landshaft bo'ylab o'tib, ziyoratchilarni Jiddadan Makkaga olib boradi. Ammo ular masjiddan bir necha kilometr uzoqlikda to'xtashadi, ya'ni ziyoratchilar yo kamida bir soat piyoda yurishlari yoki muqaddas joyga avtobus yoki mashinada borishlari kerak. Jidda aeroportidan Makkaga bir tomonlama chipta uchun 19 dollarlik narx past daromadli ziyoratchilarga og’irlik qilishi mumkin.

Haj islomning besh arkonidan biri bo‘lib, qodir bo‘lgan barcha musulmonlar umrida kamida bir marta ushbu ziyoratni amalga oshirishi shart.

Saudiya qirollik oilasining qonuniyligi asosan islomning eng muqaddas qadamjolarini qo‘riqlashi va sayyoradagi eng yirik diniy yig‘inlardan biriga mezbonlik qilishi bilan bog‘liq.

Mutaxassislarning aniqlashicha, Haj iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shuvchi yirik tadbirlardan biri hisoblanadi.

Haj: shaytonga tosh otish marosimi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:02 0:00

Melburndagi Viktoriya universiteti mutaxassislari tomonidan 2018-yilgi Haj ziyoratini o‘rganish natijalariga ko‘ra, besh kunlik ziyorat 1,8 million tonnadan ortiq issiqxona gazini havoga chiqargan. Bu taxminan Nyu-York shahri har ikki haftada chiqaradigan miqdorga teng. Eng katta hissa aviatsiyadan bo'lib, u chiqindilarning 87 foizini tashkil etadi.

Tadqiqotning saudiyalik mualliflaridan biri Abdulla Abonomining aytishicha, Saudiya hukumati tabiiy barqarorlikni “Vision - 2030” dasturining bir qismi sifatida ko’radi. Bu dastur ziyoratchilar, sayyohlar va bizneslarni jalb qilish uchun tabiiy resurslarni himoya qilishga undaydi.

Abonomiga ko’ra, barqarorlik siyosatini muvofiqlashtiruvchi milliy markazlar tashkil etish, qonunbuzarliklarni bartaraf etish uchun ekologik politsiya kuchini yaratish va turizm bo'yicha universitet kurslariga barqarorlik mavzusini kiritish kabi choralar amalga oshirilmoqda.

“Agar siz toʻrt yil avval o’zini qayta tiklovchi barqarorlik haqida soʻrasangiz, u nima ekanligini hech kim tushunmasdi, - dedi u. - Ammo bugun ancha yaxshi. Bilaman, biz kechikdik, lekin hechdan ko’ra kech yaxshiroq".

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ilgari ziyoratchilar bilan to‘ldirilgan avtomobillar va avtobuslar Makka atrofidagi ko‘chalarni to‘ldirib, chiqindi gazlarini havoga chiqargan bo’lsa, masjidlar va ularning hovlilari kengayishi hisobiga muqaddas joyga olib boruvchi ko‘plab yo‘nalishlarda piyodalar harakati ko’paydi.

Lekin tirbandlik o’rnini endi odamlar bilan bog’liq muammolar egalladi. Mino va Arofat atrofida sayr qilish Hajning muhim amallaridan biri va avtomobillar hamda avtobuslar hojilarni u yerga olib boruvchi muhim transport turiligicha qolmoqda. Piyoda yurish transportdan ko’ra manzilga tezroq olib borishi mumkin, ammo jazirama issiqda buni amalga oshirish qiyin.

Marosimlar paytida ziyoratchilar ko'pincha tashqarida soatlab yurishadi, payg'ambar so'nggi xutbasini aytgan, Rahmat tog'i deb nomlanuvchi cho'l tepaligiga chiqishadi va cho'l tekisligidagi shaytonni ifodalovchi ustunlarga tosh otishadi. So’ng Ka'bani tavof qilish uchun Makkadagi Masjid-ul Haromga yig'ilishadi. Hajga, odatda, ko’proq keksalar kelishi hisobga olinsa, issiqning ularga ta’siri yanada og’ir bo’ladi.

Shu hafta Makkada quyosh botishi arafasida harorat 37 darajaga chiqdi. Haj mavsumida harorat yanada oshishi kutilyapti.

Massachusets texnologiya instituti mutaxassislari tomonidan 2019-yilda o‘tkazilgan tadqiqotning ko‘rsatishicha, agar dunyo iqlim o‘zgarishining eng yomon oqibatlarini bartaraf etgan taqdirda ham, 2047 – 2052-yillar hamda 2079 – 2086-yillar orasidagi haj mavsumlari “o‘ta xavfli chegara”dan yuqori haroratlarda o‘tkaziladi.

Islom oy taqvimiga amal qiladi, shuning uchun Haj har yili taxminan 11 kun oldinga suriladi. 2030-yilda Haj ziyorati aprel oyida bo'lib o'tadi va keyingi bir necha yil ichida u harorat yumshoqroq bo'lgan qish fasliga tog’ri keladi.

So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni rasmiylari ziyoratchilarni salqinlatish uchun muqaddas qadamjolar atrofiga katta ayvon va soyabonlar o‘rnatmoqda. Harorat ko'tarilsa, rasmiylar bunday choralarni kuchaytirishi yoki yuqori issiqlik davrida ziyoratchilar sonini cheklash kabi yangi strategiyalarni joriy qilishi kerak, deya xulosa qiladi tadqiqotchilar.

“Haj qilmoqchi bo‘lganlar bu ishni qilishga qodir bo‘lishi kerak, - deydi tadqiqot mualliflaridan biri Elfatih Eltahir. - Global isish bir necha yillar davomida buni ba'zi odamlar uchun qiyinlashtiradi".

Musulmon faollar “yashil Haj”ga qaratilgan ommaviy tashabbuslarni boshlab, ziyoratchilarni faqat bir marta sayohat qilishga, bir marta ishlatiladigan plastmassalardan saqlanishga va daraxt ekish orqali uglerod chiqindilarini kamaytirishga undamoqda.

Bahrayndagi Arab Ko'rfazi universiteti professori Ode Jayyusiyga ko’ra, biologik parchalanadigan plastmassalar, qayta ishlatiladigan chodirlar va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish issiqxona gazlarini kamaytiradi. Sun'iy intellekt esa logistika, sayohatni soddalashtirish, samolyotlar va avtobuslarning to'la bo'lishini hamda bo'sh vaqtni ko'p sarflamaslikni ta'minlashga yordam berishi mumkin.

"Haj global auditoriyaga eng yaxshi yashil amaliyotlarni namoyish qilish uchun namuna bo’la oladigan platforma taklif qilishi mumkin", - deydi Jayyusiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG