Nyu-Yorklik Jonas King eski kiyim va to'qimachilik mahsulotlariga yangi hayot bag’ishlayotgan dizaynerlardan biri. U birov ishlatgan eski matolardan maxsus mahsulotlar ishlab chiqaradi.
“Bu mening bisotim. Ko'rib turganingizdek, hamma joyda qiyqimlar. Mening butun hayotim mato parchalaridan iborat", - deydi dizayner Jonas King.
Bruklinlinda yashovchi dizayner Jonas King eski matolarni bo'yaydi, qayta tikadi va ularga yangi hayot beradi. O’zining shaxsiy kiyimlari ham turli ranglar, naqshlar va matolardan iborat.
Atrof-muhitga kamroq chiqindi chiqarishni maqsad qilgan bu dizaynerlar har qanday eski narsaga yangi hayot berish mumkin, deb hisoblaydi.
"Odamlar juda ko'p narsa ishlab chiqaradi. Hozir dunyoda keyingi olti avlodni kiyintirish uchun yetarlicha kiyim bor va kiyim-kechak butun dunyo bo'ylab teng taqsimlanmagan. Aksariyati G'arbda", - deydi King.
U maktabda o'qib yurgan paytidayoq kiyim-kechakning odamlarga, atrof-muhit va hayvonlarga ta'sirini hisobga oluvchi moda turiga qiziqib qoldi.
U maktabda o’zi uchun qalpoqli kiyimlar tikishni boshladi; keyinchalik esa yosh dizaynerlar tanlovlarida qatnashdi. “KidSuper” deb nomlangan mashhur bolalar moda ko'rgazmasida g’olib chiqib, sovg’a sifatida o'zining birinchi tikuv mashinasini qo’lga kiritdi.
"Bu mustahkam “Zinger” tikuv mashinasi – “KidSuper” shousining yorlig’i ham turibdi. U Yig'ish liniyasi deb nomlanadi. Ko’rgazma butun dunyodan odamlar hadya qilgan matolar asosida o’tkazilgan edi”, - deydi dizayner.
King hozir Nyu-York texnologiya moda institutida o'qiydi; Bruklinda rassomlar va musiqachilardan iborat do’stlari bilan yashaydi. U ba'zi materiallarni do'stlaridan oladi, lekin matolarning aksariyati Nyu-Yorkdagi “FabScrap” deb nomlangan qayta foydalanish xizmatidan keladi.
Tashkilot asoschisi Jessika Shreyberning aytishicha, “FabScrap” har hafta 3,5 tonnaga yaqin mato yig'adi.
“Hammasi saralanganda, siz bu yerda parchalangan va qiyqim mato qoldiqlarini ko'rishingiz mumkin. Biz ularni maydalagichga yuboramiz va bu yakuniy natija. Odamlar undan yostiqlarni, divan va yumshoq o’yinchoqlarni to’ldirishda foydalanishadi”, - deydi u.
King o’z ishiga yangi yondashuv olib kirdi. Tabiiylikni yanada kuchaytirish maqsadida, u gul va barglardan rang olmoqda.
“Bu tez orada uzilib tushadigan barglar. Yashil rangi ancha to’qlashgan. Men ularni poyasini qoldirgan holda uzib olaman. Bu ancha mashaqqatli ish”, - deydi u.
King yerga mos ranglarni chiqarish uchun momaqaymoq va kungaboqardan foydalanishni ham rejalamoqda.
U o’zi tayyorlagan ko'ylak, shim va sumkalarini shaxsiy vebsayti orqli sotadi.