Breaking News

Polsha harbiy qudratini oshirishga zo’r bermoqda


“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi rahbari va jangchilarining Polsha bilan chegaradosh Belarusga ko’chganidan xavotirga tushgan Varshava harbiy salohiyatini kuchaytirishga zo’r bermoqda.

Xalqaro hayot - 16-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:10 0:00

Polsha 1920-yili Qizil Armiya bilan urushda qozonilgan g’alabani nishonlab, so’nggi 29 yilda eng yirik harbiy parad o’tkazdi. Varshava bu bilan Belarus va Rossiyaga harbiy qudratini namoyish etmoqchi bo’ldi.

Tadbirda 2000 ta harbiy, 200 dona harbiy texnika, 92 ta samolyot qatnashdi. Polsha so’nggi paytlarda AQSh va Janubiy Koreyadan ko’plab tank va boshqa turdagi qurollar sotib olgan.

"O’zimizni zaif qilib ko’rsata olmaymiz. Afsuski, ruslar va beloruslar faqat kuch tilini tushunadi. Yangi texnikamiz borligini, armiyamiz o’zgarayotganini ko’rsatdik”, - deydi polshalik harbiy tahlilchi Yaroslav Volskiy.

Unga ko’ra, armiyada o’zgarishlar Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritishidan ancha oldin boshlangan, biroq urush harbiy modernizatsiya jarayonini tezlashtirdi.

“Buning uchun mablag’ oshirilgani hamda Ukrainaga uzatilgan 30 foiz texnikaning o’rnini bosishga ehtiyoj tug’ilgani ikkita asosiy omildir”, - deydi mutaxassis.

Polsha armiyasi 2010-yildan beri professional hisoblanadi, chaqiruv bekor qilingan. Aksariyat askarlar harbiy muassasalarda ta’lim oladi.

Harbiylar sonini oshirish maqsadida ko’ngillilarga zaxiraga o’tishga imkon beruvchi tizim joriy etildi.

“Ko’ngillilar 27 kunlik asosiy mashg’ulotlardan o’tadi – harbiy intizom, taktika, otishni o’rganish. Shundan so’ng ular qasamyod keltiradi va armiyada qolishni istaganlar kasb tanlab, harbiy hunar o’rganishni davom ettiradi”, - deydi harbiy yollanma markazidan polkovnik Justina Balik.

Unga ko’ra, odatda armiyaga ko’ngillilarning 70 foizi qo’shiladi.

“Bu yili armiyaga 25 ming odam yollashni reja qilganmiz. Reja ortig’i bilan bajarilishini bilamiz. 21 mingdan ortiq ko’ngilli harbiy xizmatga yozilib bo’ldi”, - deydi polkovnik.

2035-yilga borib Polsha harbiylari sonini 175 mingdan 300 minggacha oshirmoqchi.

“Biz NATOning sharqiy qanotdagi eng kuchli mamlakat bo’lishimiz kerak. NATOga aʼzo bo’lganimiz tufayli biz oʻzimizni xavfsiz his qilamiz va alyans bizni himoya qilishiga ishonamiz”, - deydi Polshaning quruqlikdagi qo’shinlari sobiq qo’mondoni Valdemar Skripchak.

Harbiy tahlilchilar hozircha Belarus yoki Rossiya tomonidan Polshaga tahdid yo’qligini aytadi. Bunga Polshaning NATOga a’zoligi sabab qilib ko’rsatilmoqda.

Polsha Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda faol qo’llab-quvvatlayotgan mamlakatlardan. Varshava Kiyevning NATOga tezroq qo’shilishi tarafdori, biroq alyansning Germaniya va AQSh kabi qudratliroq a’zolari buning uchun avval urush tugashi kerak, deydi, aks holda NATO Rossiya bilan bevosita yuzlashishga majbur bo’ladi va bu 3-jahon urushi, yadroviy urushga olib kelishi mumkin.

Bundan bir kun oldin NATO rasmiylaridan biri Ukraina Rossiya bilan talash hududlarining ba’zilaridan voz kechsa, alyansga qo’shilishi mumkin degan fikr bildirdi.

Rasmiy Kiyev NATO bosh kotibi ma’muriyatining rahbari Stian Yensenning Norvegiyadagi bir gazetaga bergan ushbu intervyusini keskin tanqid qildi, Ukraina hududlaridan voz kechmasligini ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG