AQShda Respublikchilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlarning bir qismi Kaliforniyada uyushtirilgan ikkinchi yuzma-yuz teledebatda qatnashdi. Ularning barchasi asosiy saylovda qatnashish uchun partiyadan yagona nomzod bo’lishga umid qilmoqda. So’rovlarda yaqqol peshqadam Donald Tramp bu gal ham teledebatda qatnashmadi.
Debat Ronald Reygan prezident kutubxonasida o’tdi. Unda 14 ta nomzoddan yettitasi ikki soat davomida turli mavzular bo’yicha qarashlarini bildirdi, raqiblari bilan tortishdi.
Immigratsiya masalasida Nyu-Jersi sobiq gubernatori Kris Kristi Meksika bilan chegarani qo’riqlash uchun bojxona va chegara xizmatchilariga ko’mak sifatida Milliy gvardiyani safarbar etishini aytdi.
Janubiy Karolina sobiq gubernatori Nikki Xeyli ko’p odamlar o’limiga sabab bo’layotgan fentanil preparatining oqimini to’xtatish uchun Meksikadagi narkokartellarga qarshi maxsus kuchlarni yuborishini, Xitoy bilan savdo aloqalarini to’xtatishini bildirdi.
Sarmoyador Vivek Ramasvami nazarida ham Xitoy AQShning dushmani, Putin esa yovuz diktator bo’lsa-da, Ukraina anoyilardan emas.
Florida gubernatori Ron Desantisning aytishicha, u Xitoy fuqarolariga Floridada harbiy inshootlar yonidan mulk sotib olishni taqiqlagan. Desantis boshqa shtatlarni ham shunga chaqirdi.
Donald Tramp unga qarshi ko’plab jinoiy ishlar ochilganiga qaramay, ommaviy so’rovlarda salkam 60 foiz bilan oldinda. Desantisni respublikachi saylovchilarning 16 foizi qo’llab-quvvatlamoqda.
Shimoliy Dakota gubernatori Dag Burgum Bayden ma’muriyatining yaqinda Eron bilan mahbus almashish bo’yicha kelishuvini tanqid qildi.
“Ularda beshta mahbus, bizda beshta mahbus. Ammo ularga olti milliard dollar ham berildi. Endi Eron bu pulni terrorizm uchun ishlatadi, axir Tehron dunyoda davlat terrorizmining eng katta homiysi”, - dedi hokim.
Sobiq vitse-prezident Mayk Pens Tramp haqida gapirdi.
“Donald Tramp ma’muriyatimiz hamda so’nggi 50 yilda respublikachilar harakatini belgilagan maqsadlardan qaytmoqda. Uning og’zidan past ketish, chekinish ruhidagi so’zlarni eshitish mumkin”, - dedi Pens.
Respublikachi nomzodlarning uchinchi teledebati 8-noyabr kuni Mayami shahrida bo’lib o’tadi. Partiyaviy tanlov g’olibi yana bir yildan so’ng asosiy saylovda demokrat raqibi bilan bellashadi.
Qatorasiga ikki teledebatni o’tkazib yuborgan Tramp chorshanba oqshom Michigan shtatining Detroyt shahrida bo’lib, avtomobil sanoati ishchilari bilan uchrashdi. Tramp Prezident Jo Baydenning davlat imtiyozlari orqali elektr avtomobilsozligini targ’ib qilish siyosatini tanqid qildi. Unga ko’ra, bu ko’p soha xizmatchilarini ishsiz qoldiradi.
Tramp 2020-yil saylovida Michigan shtatida Baydenga salkam 154 ming ovoz boy bergan edi.