Breaking News

AQShda o'zbekistonlik erkak bolalar pornografiyasida ayblanib, 19 yilga qamaldi


AQShning Florida shtatidagi federal sudida 39 yoshli o'zbekistonlik Sulton Nuriyev 19 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud uni bir umr, ya'ni qamoqdan chiqqanidan keyin ham nazorat ostida saqlashni buyurgan. Nuriyev bolalar aks etgan pornografik materiallar olib yurganlikda aybdor deb topilgan. O'tgan yil 26-sentabridagi tinglovda u bu ayblovni tan olgan.

Sud hujjatlariga ko'ra, Nuriyev 2022-yilning 13-yanvarida Floridaning Orlando shahridan Toshkentga borgan. Oradan bir oydan oshiq vaqt o'tib, 20-fevralda AQShga qaytgan. Orlando aeroportida uning yonidan, xususan telefonidan bolalar bilan bog'liq seksual tasvirlar topilgan.

Mutasaddilarning bayon qilishicha, ularda yosh avlod azoblanayotgani aks etgan. Shuningdek, tergov xulosalarida qayd etilganki, Nuriyev chet elda yurganida o'zini 12 yoshli bola sifatida ko'rsatib, o'smir qizlarni yalang'och va turli holatlarda suratga tushishga undagan.

Tekshiruvni AQSh Bojxona va chegara xizmati hamda Federal tergov byurosi olib borgan.

Amerikada 2006-yilda joriy etilgan tartib bolalar himoyasini kuchaytirib, ularning har qanday shaklda, jumladan seksual ezilishining oldini olish va bunday hollarga qarshi kurashish uchun choralarni keskinlashtirgan.

Mahalliy, shtat va federal miqyosda qator dasturlar ishga solingan va har qanday shikoyat yoki gumon izchil ko'rib chiqiladi, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG