Breaking News

Eronda "qattiq qo’nish"ni amalga oshirgan prezident vertolyoti qidirilmoqda


Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy to'g'on ochilishi marosimida, Eron-Ozarbayjon chegarasi, 19-may, 2024.
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy to'g'on ochilishi marosimida, Eron-Ozarbayjon chegarasi, 19-may, 2024.

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon va boshqa rasmiylarni olib ketayotgan vertolyot mamlakat shimoli-g’arbidagi o’rmon hududda “qattiq qo’nish”ni amalga oshirgan.

Ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy so’zlariga ko’ra, mamlakatning turli qismlaridan qidiruv-qutqaruv brigadalari yomon ob-havo va quyuq tuman sharoitida voqea ro’y bergan joyga yetib borishga urinmoqda.

Ismi oshkor etilmagan Eron rasmiysining “Reuters” axborot agentligi bilan suhbatda aytishicha, prezident va tashqi ishlar vazirini olib ketayotgan vertolyot quyuq tumanda tog’li hududdan uchib o’tayotganda halokatga uchragan.

“Umidni boy bermaymiz, ammo halokat joyidan olingan ma’lumotlar juda tashvishlanarli”, - deydi rasmiy.

Prezident va uning hamrohlari jabrlanganmi, yo’qmi, bu haqda ma’lumot yo’q.

Voqealar rivojini kuzatayotgan eronliklar, Tehron, 19-may, 2024.
Voqealar rivojini kuzatayotgan eronliklar, Tehron, 19-may, 2024.

Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatiga safar qilgan Raisiyning kortejida uchta vertolyot bo’lgan, ikkitasi manziliga yetib borgan.

19-may kuni Prezident Raisiy chegara hududda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan uchrashgan, Araz daryosida yangi to’g’onni ishga tushirish marosimida qatnashgan edi.

Eron turli rusumdagi vertolyotlardan foydalanadi, biroq xalqaro sansksiyalar ularni ta’mirlash va ehtiyot qismlar topishni qiyinlashtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG