Breaking News

Armaniston Moskva ta'siridan uzoqlashmoqda, Turkiya bilan aloqani yo'lga qo'ygani yo'q hali


Armaniston va Turkiya rahbarlari
Armaniston va Turkiya rahbarlari

Armaniston iyul oyida AQSh bilan harbiy mashg’ulotlar o’tkazdi, Yevropa davlatlari, xususan Fransiya bilan diplomatik aloqalarni kuchaytirmoqda. Kuzatuvchilar buni mamlakatning Rossiya ta’siridan uzoqlashayotganiga ishora sifatida ko’rmoqda.

“Bu juda jiddiy mashg’ulotlar. AQSh Armaniston Mudofaa vazirligiga o’z maslahatchilarini biriktirmoqchi. Fransuz maslahatchilari allaqachon vazirlikda ishlamoqda”, - deydi siyosiy konsultant Erik Akopyan.

Kuzatuvchilar Armaniston Rossiyaga tobeligini kamaytirmoqchi ekanini aytadi. Yerevan qo’shni Turkiyadan 1993-yildan beri yopiq chegarasini ochishni so’rab keladi.

Chegara Armaniston Tog’li Qorabog’ni egallab, Ozarbayjon bilan urush qilganidan so’ng yopilgan edi. Boku hududni o’tgan yili o’z nazoratiga qaytarishga muvaffaq bo’ldi.

Kuzatuvchilar Turkiya chegarani mintaqada ta’sirini kengaytirish uchun ochishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

“Turkiyaning Ozarbayjon bilan aloqalari kuchli, Gruziya bilan yaxshi aloqalarga ega, ammo Armaniston bilan emas. Turkiyaning Kavkazdagi umumiy siyosatiga nazar tashlaydigan bo’lsak, bu u uchun muammo”, - deydi tahlilchi Sinan Ulgen.

Vashington Armaniston va Ozarbayjonni doimiy tinchlik bitimini imzolashga undamoqda. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bunga oz vaqt qolganini aytadi.

Ozarbayjonlik tahlilchilar hal qilinmagan ayrim masalalar qolganini bildirarkan, busiz Turkiya chegarani ochmasligiga ishora qilishmoqda.

“Hududiy yaxlitlikni o’zaro tan olish kabi asosiy masalalarga kelishmasdan tinchlik bitimini imzolab bo’lmaydi”, - deydi Xalqaro aloqalarni tahlil qilish markazidan Farid Shafiyev.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Armaniston Bokuning talablarini bajarmaguncha chegara ochilmasligi haqida ogohlantirgan.

Ayrim tahlilchilar chegaraning ochilishiga shu tobda Ozarbayjon qarshi ekanini aytmoqda. Garchi Turkiya Ozarbayjonga Tog’li Qorabog’ uchun urushda yordam bergan bo’lsa-da, mutaxassislar Ozarbayjondan gaz va neft olayotgan Anqara bu masalada Boku roziligisiz bir tomonlama qaror qilmasligini aytishmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG