Breaking News

Komediya Qozog'iston davlat ommaviy axborot vositalari yoritadigan absurd mavzularni fosh etdi


"Bikechess" filmidan olingan parcha
"Bikechess" filmidan olingan parcha

Zerikkan politsiyachi hukumatning yordam berishga tayyorligini namoyish qilib, bo'sh avtoturargohda stolda o'tiribdi; bir guruh odamlar hech qachon kelmaydigan hokim uchun suratga tushish marosimini uyushtirmoqda; millatning taniqli olimi Yerdagi barcha hayot aynan uning mamlakatida paydo bo'lganini da'vo qilmoqda.

Mukofotga sazovor bo‘lgan “Bikechess” (Velosiped shaxmati) komediyasining bu sahnalari g‘alati tuyuladi, biroq rejissor Assel Aushakimova ularni o‘z vatani Qozog‘istondagi haqiqiy yangiliklar asosida yaratgan.

Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan “Tribeca” festivalida eng yaxshi xalqaro badiiy film nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan filmning nomi ham real voqeaga asoslangan: 2019-yilda Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi shaxmatchilar velotrenajyorda musobaqalashadigan yangi sport turini e’lon qildi.

Film syujeti absurd voqealarni yoritib boradigan jurnalist Dina hikoyalari asosida rivojlanadi.

Komediya, noqulaylik va fojia o‘rtasidagi muvozanatga asoslangan film korrupsiya, politsiya zo‘ravonligi, LGBTQ+ huquqlari va nafaqat Qozog‘iston, balki butun postsovet hududidagi jurnalistikaning ahvoliga bag‘ishlangan.

Rejissorning “AQShga xush kelibsiz” nomli birinchi badiiy filmi Qozog‘istonda namoyish qilinishi cheklangan va ayollar o‘rtasidagi qisqa o‘pishish sahnasi bo’lgani bois cheklangan reyting olgan.

“Velosiped shaxmati” filmi ham LGBTQ+ mavzusini tilga olgani bois, Aushakimovaning aytishicha, davlat mablag‘ini olish u yoqda tursin, Qozog‘istonda ko‘rsatilishi ehtimoli ham juda kam.

“Hozir bizda juda gomofobik ritorika va an'anaviy qadriyatlar haqida ko'p gapirilmoqda, - dedi Aushakimova “Tribeca” ko’rsatuvidagi savol-javob davomida. - Madaniyat vazirligi Qozogʻistonda anʼanaviy qadriyatlarni haqoratlovchi yoki siyosiy bayonotlarni oʻz ichiga olgan filmlarni namoyish etishga ruxsat bermaydi”.

“Bikechess” filmida to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy bayonotlar mavjud bo‘lmasa-da, uning keskin satirasi Qozog‘iston hayotining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasvirini beradi.

Unda hukumat tashabbuslari fuqarolarning haqiqiy ehtiyojlarini qondirmaydigan, ma'nosiz ommaviy tomosha sifatida taqdim etiladi, qadriyatlarga bo’ysunmaydigan yoshlar shafqatsiz munosabatlarga duch kelgani; politsiyaning noqobilligi kulgili holatdan yovuzlikka aylangani fosh etiladi.

Qozog‘istonlik aktrisa Saltanat Nauruz tomonidan tasvirlangan Dina obrazi esa qahramon emas, balki oldinga siljish uchun zarur bo‘lgan murosalarga ko‘nikib qolgan shaxs timsolidir.

“Qozog'istonda ko'pchilik odamlar murosaga borishadi, - deydi Aushakimova. - Aynan shu konformizm bizni bugungi holatimizga olib kelgan”.

Film ssenariysi asosan 2022-yil yanvaridan oldin, Qozog‘istondagi umumxalq tartibsizliklari Rossiyaning harbiy aralashuvi bilan bostirilgan paytda, Kremlning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan biroz oldin yozilgan.

Rejisyor “Bikechess”ni ommaga tarqatishda Norvegiya va Fransiya mablag'lariga tayangan. Prodyuser Antuan Simkin Istanbul kinofestivalining “Meeting on the Bridge” platformasidagi uchrashuvlari orqali Aushakimova bilan bog‘lanib, filmni AQShga olib kelishga yordam bergan.

“Meni qiziqtiradigan narsa film o‘zining mahalliy kontekstidan tashqariga chiqadigan narsalarni o‘z ichiga olganida, - dedi Simkin “Amerika Ovozi”ga. - Dinaning o‘z missiyasi absurdligi bilan kurashish harakatlari Qozog‘iston kabi mamlakatlardagi hozirgi vaziyatni aks ettiradi. Shuningdek, film totalitarizm qanday ishlashini ham tasvirlaydi”.

Filmning “Tribeca”dagi premyerasidan so'ng, Aushakimova o'z diqqatini festival bo’ylab sayohatga qaratmoqda. U bir kun kelib filmni Qozog'istonda namoyish qilishni xohlasa-da, imkoniyatlar juda oz ekanini tan oladi.

Rejissorning fikricha, vaziyat faqat hukumat Rossiyadan uzoqlashib, madaniy siyosatini o‘zgartirganida yoki xususiy kino fondlari rivojlanganida yaxshilanishi mumkin. Ungacha esa u qo‘lidan kelganicha ishini davom ettiradi.

“Mening orzuim – mutlaqo siyosatga aloqasi bo’lmagan komediya ssenariysini yozish. Ammo hozircha men buni uddalay olmayapman – qayerga qarasam, siyosat bor, men Qozog‘istonda sodir bo‘layotgan hamma narsani kuzatib boraman”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG