Breaking News

Rossiyaning “yadroviy doktrinasi” nimadan iborat?


2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri, Prezident Vladimir Putin va boshqa Kreml vakillari G‘arbni o‘zlarining yadro arsenali bilan tez-tez qo‘rqitib kelmoqda.

Urushning birinchi kunidayoq Putin shunday degan edi: “Kimki bizga to‘sqinlik qilmoqchi bo’lsa, yoki mamlakatimiz va xalqimizga tahdid solsa, Rossiya unga darhol javob beradi va bu siz tarixda hech qachon ko‘rmagan oqibatlarga olib keladi”.

Qariyb 2,5 yillik jang davomida G‘arb Ukrainaga milliardlab dollarlik zamonaviy qurol-yarog‘ yetkazib berdi. Ularning bir qismi Rossiya hududini ham nishonga oldi. Kreml tomonidan tahdidlar ko’payganiga, hatto Ukraina bilan bevosita chegarada – Belarusdagi jang maydoniga yadro qurollari joylashtirilishiga qaramay, bu tahdidlar hozircha faqat qo‘pol ogohlantirish bo‘lib qolmoqda.

Yadroviy reaksiyani nima qo‘zg‘atishi mumkin?

Xalqaro axborot agentliklarining ushbu savoliga javoban, Putin, Rossiyaning “yadroviy doktrinasi”ga ishora qildi.

“U yerda (doktrinada) nima yozilganiga e’tibor qiling, - dedi u Peterburgdagi anjumanda. - Agar kimningdir harakatlari bizning suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimizga tahdid solsa, biz o‘z ixtiyorimizdagi barcha vositalardan foydalanishni o‘rinli deb bilamiz”.

Rossiyadagi jangovar siyosat tarafdorlari Putinni yadroviy qurollardan foydalanish chegarasini pasaytirish uchun doktrinani o‘zgartirishga undamoqda va Putin ushbu hujjat global vaziyatning o‘zgarishini hisobga olgan holda o‘zgartirilishi mumkinligini aytmoqda.

Rossiyaning yadroviy doktrinasi nimadan iborat?

Rasmiy ravishda “Yadroviy ogohlantirish bo’yicha davlat siyosati asoslari” deb nomlanuvchi hujjat 2020-yilda Putin tomonidan imzolangan bo'lib, unda Rossiya dunyodagi eng katta yadro arsenalidan qachon foydalanishi mumkinligi bayon etilgan.

Unda yadro qurollari “ogohlantirish vositasi” sifatida ko’rsatilib, ularning qo‘llanilishi “oxirgi va majburiy chora” ekanligi qayd etilgan. Hujjatda “Rossiya yadro tahdidini kamaytirish va davlatlararo munosabatlarni yadro urushlariga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada keskinlashtirmaslik uchun barcha zarur choralarni ko‘radi”, - deb ta'kidlanadi.

Hujjatda aytilishicha, “yadroviy ogohlantirish potensial dushman Rossiya Federatsiyasi va/yoki uning ittifoqchilariga qarshi tajovuz qilgan taqdirda, unga nisbatan javob harakatlari muqarrarligini tushunishini ta'minlashga qaratilgan”.

Yadroviy quroldan foydalanishga nima sabab bo’ladi?

Doktrinada aytilishicha, Rossiya, unga va/yoki uning ittifoqchilariga qarshi yadroviy va boshqa ommaviy qirg'in qurollari qo‘llanilgan taqdirda, shuningdek, oddiy qurollar bilan Rossiya Federatsiyasiga qarshi tajovuz sodir etilganda, davlatning mavjudligi xavf ostida bo'lsa, yadroviy qurollardan foydalanishi mumkin.

Hujjatda aytilishicha, yadroviy qurol quyidagi aniq holatlarda qo‘llanilishi mumkin:

— Rossiya yoki uning ittifoqchilari hududiga qarata ballistik raketalar uchirilgani haqida ishonchli ma'lumotlar olinganda;

— Agar Rossiyaga yoki uning ittifoqchilariga qarshi yadroviy qurol yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanilsa;

— Agar dushmanning oddiy qurollar bilan amalga oshirilgan hujumi Rossiyaning mavjudligiga tahdid solsa;

— Agar Rossiyaning hal qiluvchi ahamiyatga ega hukumat yoki harbiy obyektlariga hujumlar amalga oshirilsa va bu hujumlar mamlakatning javob yadro zarbasini berish imkoniyatlarini izdan chiqarsa.

Belgilangan chegaradan o’tishga yaqin hujum bo’ldimi?

Rossiya Xarkov shahri yaqinidagi Ukraina shimoli-sharqiy hududlariga hujum qilganida, Vashington Kiyevga chegara mintaqasida Rossiya hududiga zarba berish uchun AQSh tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali qurollardan foydalanishga ruxsat berdi. Ammo bu hujumlar ko‘lami bo‘yicha cheklangan edi va yadroviy doktrinada ko’rsatilgan tahdidni keltirib chiqarmadi.

Biroq Kremldagi ayrim rasmiylar yadro qurollarini tashishga qodir uzoq masofali bombardimonchi samolyotlar joylashtirilgan Rossiya aviabazalariga qilingan Ukraina hujumlari seriyasiga, shuningdek, Kursk viloyatiga qilingan hujumlarga ishora qilib, dokrinani o’zgartirish kerak, demoqda.

Ularning aytishicha, ushbu holatlar doktrinada bayon qilinganidek, yadroviy qurol qo'llanilishini oqlashga asos bo'lishi mumkin.

Rossiya rasmiylari nozikroq nishonlarga qilingan hujumlarga izoh bermadi. Erta ogohlantirish radarlari AQSh raketalari uchirilishini aniqlash uchun mo'ljallangan. Bunday tizimlar Rossiyaga o'zining yadro kallakli raketalarini ularni yo'q qilish ertaroq uchirishga imkon beradi.

Karnegi jamg‘armasining yadro siyosati dasturi hammudiri Jeyms Ektonning yaqinda bergan izohida aytilishicha, Ukrainaning erta ogohlantiruvchi radarlarga qilgan hujumlari Kremlni “Vashington bu kabi zarbalarni Rossiyaning yadroviy himoya salohiyatini zaiflashtirishga urinish uchun rag‘batlantirgan”, deb o‘ylashga undashi mumkin.

"Agar Moskva Vashington uning yadro kuchlariga oldindan muvaffaqiyatli zarba bera oladi deb ishonib qolsa, bu Rossiyaning yolg’ondan yoki noto’gri ogohlantirishlarni asos qilib, katta ko‘lamli yadro hujumini boshlashi xavfini oshirishi mumkin”, - dedi Ekton.

Doktrinada qanday o'zgarishlar muhokama qilinmoqda?

Kremlning yadro tahdidlari yaqinda Ukrainadagi jang maydonida Moskva erishgan yutuqlar fonida yumshagan edi. Biroq so’nggi paytlarda Rossiyada yadroviy doktrinani o'zgartirish chaqiriqlari kuchaymoqda. Putin doktrina jahon voqealariga qarab o'zgartirilishi mumkinligini aytdi.

Keskin javob tarafdorlari hujjatni bir necha bor o’zgartirishga undab, uning joriy shakli juda zaif va noaniq ekanini ta'kidlab kelmoqda. Ularning aytishicha, doktrina G‘arbni Ukrainaga yordamni oshirishdan to‘xtatmadi va Moskva hech qachon yadroviy qurol qo‘llamaydigandek taassurot qoldirmoqda.

Moskva hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining xalqaro masalalar bo‘yicha eksperti Dmitriy Trenin, yadroviy doktrinani qayta ko‘rib chiqishni taklif qilib, “asosiy milliy manfaatlar xavf ostida bo‘lgan sharoitda” Rossiya birinchi bo‘lib yadroviy zarba berishi mumkinligini aytmoqda.

“Uchinchi yil davom etayotgan harbiy to‘qnashuvda dolzarb vazifa NATO yanada chuqurroq aralashuvining oldini olishdir, - deb yozgan edi yaqinda Trenin. - Agar biz buni qila olmasak, G‘arb tarafdan sekinlik bilan ortib borayotgan ziddiyat Rossiya va NATO harbiylari o‘rtasida bevosita to‘qnashuvga olib keladi, bu esa global yadro urushi xavfini tug‘diradi”.

Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda tashqi siyosat bo‘yicha ekspert, Kreml maslahatchisi Sergey Karaganov ham Putinga yadroviy qurolni qo‘llash chegarasini pasaytirish uchun doktrinaga o‘zgartirishlar kiritish kerakligini aytdi.

“Umid qilamanki, doktrinaga tez orada oʻzgartirishlar kiritiladi va bizning hududimizga qilingan har qanday hujumga yadroviy zarba bilan javob berishga rasmiy huquq beradi”, - dedi u Rossiya rahbariga.

Karaganov G‘arbni Xudo tomonidan yovuzliklari uchun olovli yomg‘ir bilan yo‘q qilingan Injildagi shaharlardan biri — Sodom va Gomorra bilan solishtirdi.

“Keling, bu yomg‘irni eslaylik va insoniyatni hushyor qilishga chaqiraylik”, - dedi u.

Putin aytilgan fikrlarga ehtiyotkorlik bilan javob berib, hozircha yadroviy qurollardan foydalanishni oqlaydigan tahdidlarni ko‘rmayotganini aytdi, lekin u doktrinani qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini ham ochiq qoldirdi.

“Doktrina — bu jonli vosita, biz atrofimizdagi va dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz hamda doktrinaga o‘zgartirishlar kiritishni istisno qilmaymiz”, - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatga o‘zgartirishlar kiritish zarurati G‘arbning kichik quvvatli yadroviy qurollarni joylashtirish to’g’risida o‘ylayotgani haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq edi. Putin bunga aniq ma'lumot keltirmadi, lekin uning izohlari AQShda kichik quvvatli yadro raketalarini suv osti kemalariga joylashtirish bo‘yicha muhokamalarga taalluqli bo‘lishi mumkin.

Tarafdorlar bunday qurol Rossiya tahdidlariga qarshi turish uchun zarur deb ta'kidlasa, tanqidchilar bu AQShni ham yadroviy qurollarni qo‘llash chegarasini pasaytirishga undashi va urush xavfini oshirishi mumkinligini aytmoqda.

“Hozirda juda past quvvatga ega bo‘lgan yadro qurilmalari ishlab chiqilmoqda. Biz G‘arbdagi ekspert doiralarida bunday zarba vositalaridan foydalanish mumkinligi va bunda hech qanday dahshatli narsa yo‘qligi haqida fikrlar tarqalayotganidan xabardormiz, - dedi Putin. - Biz buni hisobga olishga majburmiz, va hisobga olyapmiz ham”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG