So’nggi uch yilda Afg’onistonda Tolibonga qarshi jang qilayotgan bir qator guruhlar paydo bo’ldi. Ular asosan partizanlik bilan shug’ullanmoqda, Tolibonni hokimiyatdan ag’darish salohiyatiga ega emas.
Ayrim kuzatuvchilar bunga ushbu guruhlar ichidagi ziddiyatlarni va chetdan yordamning yoq’ligini sabab qilib ko’rsatmoqda.
Vashingtonda asoslangan Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasi tahlilchisi Bill Rojjio asosan uchta aksilTolibon guruhni tilga oladi.
“Eng taniqlisi – Milliy qarshilik fronti. Bundan tashqari Afg’oniston birlashgan fronti va Afg’oniston ozodligi fronti ham bor”, - deydi u.
Ushbu guruhlar asosan sobiq siyosiy va harbiy arboblardan iborat, Afg’onistonning bir necha qismida, jumladan poytaxt Kobulda Tolibonga hujumlar uyushtirgan, o’z ijtimoiy sahifalarida ma’lumotlar va videolar qo’yib borishmoqda.
Toliblar ularga ko’rsatilayotgan qurolli qarshilik ahamiyatini kamaytirib ko’rsatishga harakat qilmoqda. Tolibon hokimiyatga kelganidan beri mahalliy ommaviy axborot vositalaridan xolis axborot olish qiyinlashgan.
BMT bosh kotibining Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha iyun oyida chop etilgan so’nggi hisobotida ushbu frontlar faoliyati tilga olingan, biroq ularning Tolibon oldida ojizligi aytiladi.
Bill Rojjio qarshilik kuchlari xorijdan yordam olmayotganini bunga sabab qilib ko’rsatadi.
“Bu frontlarning toliblarga tahdidi katta emas. Ular endi shakllanmoqda, xorijdan yetarlicha yordam olmaydi. AQSh rasmiy siyosati Tolibonga qarshi qurolli qarshilikka yordam bermaslikdan iborat”, - deydi u.
Amerikalik tahlilchiga ko’ra, boshqa mamlakatlar Vashington siyosatiga qarab ish tutadi, demokratlar hokimiyatda ekan Qo’shma Shtatlar qarshilik kuchlarini hali-beri qo’llab-quvvatlamaydi. Biroq Donald Tramp prezidentlikka kelsa, vaziyat o’zgarishi mumkin, deydi Rojjio.
Hindistonlik tahlilchi Jaloba Shivama esa aksiltolib kuchlar o’rtasida inoqlik, birlik yo’qligiga ishora qiladi.
“Ular hatto Tolibon bilan qanday kurashish kerakligi yuzasidan hamfikr emas. Milliy qarshilik fronti va Afg’oniston ozodlik fronti qurolli qarshilikka chaqirishgan, biroq ba’zilar o’z huquqlarini himoya qilishda qurolli qarshilikni yagona usul deb ko’rmayapti”, - deydi Shivama.
Ayrim kuzatuvchilar toliblarga qarshi frontlarning ko’payayotgani fuqarolar urushi ehtimolini kuchaytirishi haqida ogohlantirmoqda.
Tolibon hozircha “Islomiy davlat-Xuroson” guruhini o’ziga jiddiy raqib deb ko’radi. Tahlilchilar toliblar ustidan g’alaba qozonish uchun xalqaro hamjamiyatni Milliy qarshilik fronti va Afg’oniston ozodlik frontini ham siyosiy, ham harbiy tomondan qo’llab-quvvatlashga chaqirmoqda.