Breaking News

Turkiya dengiz flotini kuchaytirishga zo’r bermoqda


Turkiya harbiy flotini kengaytirishga urinar ekan, ayrim qo’shni mamlakatlar bundan xavotirga tushgan. Anqara dasturni mudofaa zaruriyati bilan izohlamoqda.

Xalqaro hayot - 11-sentabr, 2024-yil - AQSh Ukrainaga Rossiya hujumlariga ruxsat beradimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:22 0:00

Prezident Rajab Toyib Erdog’an yaqinda Turkiyaning zamonaviy suvosti kemasini ishga tushirish marosimida qatnashdi.

Mamlakatda hozir vertolyotlarni tashuvchi kema, yangi fregatalar, o’ndan ortiq jangovar kemalar qurilishi avjida.

“Bu Erdog’anning siyosiy maqsadlari bilan hamohangdir. Qatardan Somaligacha, Liviyagacha ta’sirini yoymoqchi. Mamlakat mudofaasi uchun bu katta ahamiyatga ega. Bu endi hududiy mudofaa emas, balki olg’a mudofaadir, ya’ni xorijdan turib mudofaa qilishni anglatadi”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan Serhat Guvench.

Turkiyaning ayni damda Qatar, Liviya va Somalida harbiy bazalari bor, bu mamlakatlar bilan shu haqda shartnomalar mavjud.

Anqara harbiy flotining kengayishi mintaqaviy tahdidlarga qarshi kurashda, NATOdagi majburiyatlarini amalga oshirishda yordam berishini bildirmoqda.

“Agar vaziyatga nazar soladigan bo’lsak, mojaro nuqtalarining barchasi Turkiya atrofida – Qora dengizda, O’rta Yer dengizida, Qizil dengizda joylashganini ko’ramiz. Shu tarafdan Turkiya flotining zamonaviylashishi NATO va G’arbdagi ittifoqchilar xavfsizligi uchun foydalidir. Neft xavfsizligi, dengizda harakatlanish erkinligini ham unutmaslik kerak”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.

Isroil ham Turkiya harbiy flotining kengayayotganidan, Kiprning Turkiya nazoratidagi shimoliy qismiga Anqara harbiy dronlar joylashtirayotganidan xavotirda.

“Bularning ba’zilari Isroilga qarshi ishlatilishi mumkin. Ammo bu Isroil bilan yuzma-yuz to’qnashuvga olib keladi degani emas. Shunday bo’lsa-da, Isroil harbiy qo’mondonligi bularning barchasini inobatga olgani yo’q deb aytolmayman”, - deydi Tel-Avivda joylashgan Milliy xavfsizlikni o’rganish instituti tahlilchisi Galliya Lindenshtraus.

Turkiyalik tahlilchilarga ko’ra, Anqara Isroilning O’rta Yer dengizining sharqiy qismida faollashayotganidan tashvishga tushgan.

“Turkiya o’z flotini yangi tahdidlarga javob tariqasida kengaytirmoqda. Ammo bu Turkiya qo’shnilari uchun tahdid yaratmoqda. Ya’ni yopiq doiraga yuz tutyapmiz. Buni qurol poygasi deb ataymiz. Afsuski, odatda qurol poygalarining oxiri yaxshi bo’lmaydi”, - deydi Serhat Guvench.

Turk kemasozlari harbiy flot buyurtmalarini bajarish uchun tunu-kun mehnat qilmoqda. Bu esa, tahlilchilar nazarida, qo’shni davlatlarning Turkiya maqsadlari yuzasidan xavotirlari va shubhalarini kuchaytirishi aniq.

O’z navbatida Gretsiya ham qurolli kuchlarini zamonaviylashtirmoqda va buni Turkiya tahdidiga javob bilan izohlayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG