Vashington shtatidagi o'qituvchining bir talabaga bergan yordami yangi shaxmat akademiyasining asos solinishiga sabab bo’ldi. Hozirgacha akademiya a’zolari 150 dan ortiq chempionatda g’olib bo’ldi.
Shaka Grin Vashingtondagi Bravo Zulu shaxmat akademiyasi asoschisi va ijrochi direktori.
“Bravo Zulu aslida dengizga oid atama. Men AQSh dengiz flotida xizmat qilganman. Bu atama "ish yaxshi bajarilgan" degan ma'noni anglatadi va birinchi marta eshitishimdayoq u manga ma’qul kelgan", - deydi u.
Bravo Zulu shaxmat akademiyasini yaratish g'oyasi Shaka Grin Antonio ismli uchinchi sinf o'quvchisiga yordam berganda paydo bo’ldi.
“Men u bilan kelishib oldim. “Agar darsda qatnashsang, senga shaxmat o‘ynashni o‘rgataman”, dedim. U “Men shaxmat o‘ynashni allaqachon bilaman”, dedi. “Unda, ko’rsat menga”, dedim. Shu tariqa, u bilan tushlik payti shaxmat o’ynaydigan bo’ldik”, - deydi Grin.
Bolalar tomosha qilish uchun kelib, o’yinga qiziqib qolishdi. Shundan so’ng Grin ertalabki va kechki shaxmat kursini ochdi. O’shanda shaxmat turnirlarida qatnashish g’oyasi ham tug’ildi.
“Bolaga hayotini yaxshilash uchun vosita bo’ladigan qurol izlayotgan edim. Bu dastur shu tariqa tug’ildi. Hozirgacha biz 150 dan ortiq chempionatda g’olib bo’ldik. Eng muhimi, Antonio va uning ko'plab do'stlari kollej talabasiga aylandi”, - deydi u.
Gringa ko’ra, har bir bola shaxmat o'ynashni boshqa fan yoki sport turlaridan oldin o'rganishi kerak. Chunki shaxmat sizni fikrlash, tanqidiy tahlil qilish va intizomga o’rgatadi, deydi u.
"Men shaxmatni yaxshi ko'raman, chunki u harakat qilishdan oldin o'ylashga, ishonch hosil qilishga o’rgatadi. Bu xuddi hayotga o'xshaydi”, - deydi Nataniel ismli o’quvchi.
Jamoada qizlar ham, o’g’il bolalar ham bor.
“Shaxmatda ko'proq o'g'il bolalarni ko'ramiz, lekin qizlar aslida yaxshiroq o’ynaydi. Bu kognitiv rivojlanish tufayli", - deydi murabbiy.
Grin o'yinchilar jamoasini yaratishdan va o’yinchilarning bir-biriga yordam berayotganini ko’rishdan zavqlanadi.
“Bizning o'ziga xosligimiz shundaki, Bravo Zulu dasturida jamoaga urg’u beramiz. Shu bois hamma kelishni xohlaydi”, - deydi u.
O'n to'qqiz yoshli instruktor Karmello Maylsning aytishicha, bolalar unga yanada ko’proq ishlash uchun ilhom beradi.
“Ularga yordam bera olishim uchun o’zim yaxshi bilishim kerak. Nazariyani, shaxmat kitoblarini o’qishim, o’rganishim kerak", - deydi u.
Bu yerda hamma o'rganmoqda; maqsad ham shu, deydi Grin.