Tolibon O'zbekistonning "ERIELL Group" energetika kompaniyasi bilan 1 milliard dollarlik shartnoma imzoladi.
Unga binoan "ERIELL" Afg'onistonning Tuti Maydon hududida gaz qaziydi, shimoliy Juzjon viloyatida.
Bu hafta Kobulga Toshkentdan delegatsiya borgan. Unda "ERIELL" vakillari va Tashqi ishlar vazirligidan Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev ham bor.
Tolibonga ko'ra, "ERIELL" bilan kelushuv 10 yillik va birinchi yilida kompaniya 100 million sarmoya kiritadi.
Hujjatga binoan, dastlabki ikki yilda 100 megavat tok ishlab chiqarilishi kerak, deya bildirmoqda Kobuldagi rahbarlar.
Tolibon boshqaruvini dunyoda biror davlat rasman tan olmagan, biroq qator hukumatlar, jumladan O'zbekiston, Rossiya va Xitoy u bilan diplomatik rishtalarga ega.
Mirziyoyev hukumati Tolibon bilan hamkorlik qilarkan, sababini iqtisodiy manfaatlar va xavfsizlikni ta'minlash zaruratiga bog'laydi.
Yaqinda Termizda Ayritom erkin zonasi ochilgan. Unga chegaradagi maxsus yo'lakdan kiriladi.
Afg'onlar u yerda ikki hafta davomida vizasiz biznes uchun kelishi mumkin.
Mutasaddilarning "Amerika Ovoz" ga tasdiqlashicha, qo'shni davlat fuqarolari bu iqtisodiy zonada ishlash huquqiga ham ega bo'ladi. Ularning malakasini oshirish va yosh afg'onlarga ta'lim berish ham ko'zlangan.
Shuningdek, zonada xususiy kasalxona ham ochilgan hamda boshqa xizmatlar ham ko'rsatladi.
O'zbekistonning yana bir biznes giganti - "Akfa Group" yuritayotgan bu zonada yirik logistika markazi ham bo'lib, yiliga o'nlab ming yuk mashinasini o'tkazish salohiyatiga ega.
Tolibon zonani olqishlab, O'zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirgan. Respublika diplomatlari bu inshootni mintaqaviy hamkorlikni oshirish sari yana bir imkoniyat, deya tanishtiradi.
Biroq Tolibonni terrorchi deb biladigan AQSh afg'on uchuvchilar 2021-yilda O'zbekiston hududiga olib qochgan samolyotlar va vertolyotlarni respublikaga topshirgani Kobuldagi rahbariyatni g'azabga keltirgan. Unga ko'ra, bu harbiy havo vositalari Afg'oniston mulkidir.
O'zbekiston na bu masala va na '"ERIELL" bilan kelishuv haqida lom-mim demagan, garchi bu hujjatga O'zbekiston rasmiylari ishtirokida qo'l qo'yilgan.