Breaking News

AQSh ekspertlari: Keyingi prezident Markaziy Osiyoga yanayam jiddiy yondashsin


Mustaqil davlatlar hamdo'stligining Moskvadagi yig'ilishi, 8-oktabr, 2024
Mustaqil davlatlar hamdo'stligining Moskvadagi yig'ilishi, 8-oktabr, 2024

Rossiya Markaziy Osiyo uchun yetakchi biznes sheriklardan bo'lib qolishi aniq, deydi G'arb siyosatdonlari, ammo AQSh va Yevropa Ittifoqi ham o'z manfaatlarini ko'zlab, yanayam dadilroq harakat qilaverishi kerak.

O'zbekiston bu yilning boshidan beri AQSh bilan 672 million dollardan oshiq miqdorda savdo qilgan. Bundan qariyb 434 million dollari import, 238 million dollari esa eksport. Tomonlar buni salmoqli progress deya ko'rsatadi.

Aloqalarni tahlil qilib keladigan mutaxassislar nazarida ham tijorat oshayotgani tayin, chunki iqtisodiy aloqalar jadallashgan.

O'zbekistonning Xitoy va Rossiya kabi geografik va siyosiy jihatdan yaqin sheriklari bilan tenglashish G'arbning, xususan AQShning maqsadi emasligi Vashingtonda bot-bot tilga olinadi.

Davlat departamenti rasmiylari azaldan urg'u beradiki, Markaziy Osiyoning har bir davlati mustaqil va suveren, kim bilan qanday rishtalar o'rnatishni, hankorlik qilishni o'zi hal qiladi.

Yaqinda AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik "Amerika Ovozi" bilan suhbatda ta'kidlaganidek, "O'zbekiston mustaqil harakat qilishni xohlaydi va biz buni doimo quvvatlaymiz".

Amerikaning Markaziy Osiyodagi eng yirik tijoriy sherigi Qozog'iston bo'lib, o'zaro savdo 2,5 milliard atrofida va asosan neft sohasida.

Qirg'iziston bilan yiliga o'rtacha 80-100 million dollarlik import va eksport kuzatilsa, Tojikiston va Turkmaniston bilan bunday aloqalar ancha past.

Shunga qaramay hukumatlar mushtarak manfaatlar yo'lida birga ishlab kelayotganini qayd etadi, xususan xavfsizlik, iqtisodiy-ijtimoiy sohalar, sog'liqni saqlash, ta'lim v madaniy yo'nalishlarda.

Vashingtonda ikki tahlil maskani - Xalqaro soliq va sarmoya markazi va Osiyo milliy tadqiqot byuorosi o'tkazgan forumda keksa diplomatlar va mintaqadagi potensialni o'rganib kelayotgan ekspertlar qatnashdi.

Ular ayni damdagi rishtalarni "ko'tarinki ruhda" deya baholab, AQShning kelasi prezidenti kim bo'lishidan qat'i nazar, Markaziy Osiyoga e'tiborni oshirishga undadi.

Mustaqil davlatlar hamdo'stligining Moskvadagi yig'ilishi, 8-oktabr, 2024
Mustaqil davlatlar hamdo'stligining Moskvadagi yig'ilishi, 8-oktabr, 2024

Davlat departamentida hamda mintaqa bo'ylab elchixonalarda faoliyat ko'rsatgan Richard Hoagland fikricha, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari ayniqsa iqtisodiy jihatdan yaqinlasha boshlagan va AQSh buni quvvatlashi zarur.

Qozog'iston, Tojikiston va Turkmanistonda elchilik qilgan va hozirda iste'fodagi Hoagland - AQSh poytaxtidagi Kaspiy siyosat markazi asoschilaridan.

Kaspiy dengizi orqali savdo yo'llari kengayib borayotgani jiddiy siljish, deydi u. Ukrainada qonli urush 0lib boryotgan Rossiyani chetlab o'tuvchi bu yo'nalishlar Markaziy Osiyo respublikalariga o'z mahsulotlarini G'arb tomon yetkazishga yordam beradi.

Hoagland va forumda so'zlagan boshqa siyosatdonlarga ko'ra, AQShning keyingi rahbari, demokratmi yo respublikachi, mintaqaga nisbatan strategiyani yangilab, regional integratsiyani rag'batlantirish Vashington manfaatlari uchun xizmat qilishini anglashi lozim.

Osiyo milliy tadqiqot byuorosidan Jerom Siangko, konservativ siyosatni targ'ib qiluvchi "Heritage" fondidan Tomas Dens va Xalqaro soliq va siyosat markazidan Uesli Hill mintaqa jamiyatlari hali ko'p sohalarda yopiqligi, O'zbekiston va Qozog'istonda rahbarlar va'da qilgan islohotlar sustligi, biroq barcha davlatlar investitsiya jalb qilish ilinjida ekanini ta'kidlab, bunda shaffoflik va qonun ustuvorligi asosiy shartlar ekanini eslatadi.

2015-yildan beri yo'lga qo'yilgan C5+1 diplomatik dialogini bu ekspertlar ma'qullaydi. Besh respublika va AQSh muntazam bir davraga yig'ilib, masalalarni muhokama qilishi muhim, deydi ular. Lekin Vashingtonga bu platformaning o'zi yetmaydi.

Atrofida Rossiya, Xitoy, Eron va Afg'oniston kabi davlatlar bilan yashaydigan Markaziy Osiyoga strategik jihatdan yanada yuksakroq darajada qarash lozim. Navbatdagi ma'muriyat hozirgidan ham jiddiyroq yondashishi kerak, deya undamoqda bu mutaxassislar.

Ostona, Toshkent, Bishkek, Dushanbe va Ashgabat Vashington bilan o'zaro manfaatlarga asoslanib, hamkorlikni oshirishga tayyor ekanini bildirib keladi. AQShning bu poytaxtlardagi elchilari Oq uyda kim o'tirshidan qat'i nazar ustuvor maqsadlar o'zgarmasligini aytadi.

Ya'ni, AQSh bu respublikalarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlaydi hamda demokratiya va farovonlik tomon qadam tashlashida yordamlashadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG