Breaking News

Turkiya Suriya ixtilofidan qanday foyda ko’rmoqchi?


Kuzatuvchilar Suriyada isyonchilarning bir qismini nazorat qilayotgan Turkiya hozirgi sharoitda ayrim strategik maqsadlariga intilayotganini aytadi.

Xalqaro hayot - 4-dekabr, 2024-yil - Janubiy Koreya parlamenti prezidentga impichment e'lon qilmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:59 0:00

Ulardan biri Suriya Prezidenti Bashar Assadni Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog’an bilan muloqotga majburlash. Suriya bilan aloqalar yaxshilansa, Erdog’an Turkiyada urush boshidan beri yashayotgan yuz minglab qochqinlarni vataniga qaytarishi mumkin bo’ladi.

“Bu yerda o’tkazilgan ijtimoiy so’rovlar suriyalik va afg’on qochqinlari masalasi turk xalqi uchun muhim ekanini ko’rsatmoqda. Suriyaliklar mamlakatiga qaytib ketsa, bundan Turkiyadagi har qanday hukumat xursand bo’ladi”, - deydi turkiyalik tahlilchi Oydin Seljen.

Yana bir mutaxassis Murat Aslanga ko’ra, Assad muzokaraga ko’nishi uchun Turkiya “Hayat tahrir ash-sham” va “Suriya milliy armiyasi” guruhlariga harbiy harakatlarni to’xtatishni buyurishni taklif qilishi mumkin.

“Anqara Suriyada vaziyatning izdan chiqishini istamaydi”, - deydi Aslan.

Isyonchilar Suriyada kurdlarni ham nishonga olib, Turkiyaga tashqi siyosatda yana bir maqsadiga erishishda yordam beryapti. Anqara “Xalq mudofaa otryadlari” deb ataluvchi qurollangan suriyalik kurdlarni Turkiyaga qarshi kurashayotgan Kurdiston ishchilar partiyasiga sherik deb biladi.

Shu bilan birga, suriyalik isyonchilarning radikal islomiy guruhlarga aloqadorligi Anqaraga zarar yetkazishi mumkin, deydi Yaqin Sharq texnologiya universitetidan Husayn Bog’chi.

“Bashar Assad rejimini ag’darish Turkiya manfaatiga javob bermaydi. Chunki bu tartibsizlikka olib keladi. Hokimiyatga kim keladi shunda? Kurdlar emas, radikallar keladi. Turkiyaga biqinida Daishga o’xshagan yana bir hududning keragi yo’q. Turkiya qamoqxonalarida Daishning minglab odamlari o’tiribdi”, - deydi Bog’chi.

Bu orada islomiy guruhlar Hamo shahrini ishg’ol qilishga urinmoqda. Urush boshidan beri Londondan turib Suriya haqida xabar ulashayotgan faol Rami Abdulrahmonning aytishicha, isyonchilar hujum boshlaganidan beri 300 jangari, 200 askar va 104 tinch fuqaro halok bo’lgan.

Seshanba kuni Rossiya va Turkiya prezidentlari telefonda Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi, Vladimir Putin barqarorlikni va konstitutsiyaviy tartibni tiklash uchun qonuniy hukumatni qo’llab-quvvatlash zaruratiga urg’u berdi, Turkiyadan mintaqadagi ta’sirini ishga solishni so’radi.

Rossiya 2015-yildan beri Suriya hukumati va Prezidenti Bashar Assadni qo’llab-quvvatlab keladi, Rossiya harbiy-havo kuchlari jangarilarni havodan nishonga olmoqda. Rajab Toyib Erdog’an esa oldin “Erkin Suriya armiyasi”, hozir esa “Suriya milliy armiyasi” deb nomlanuvchi isyonchi guruhga madad bermoqda.

Kurdlar jangarilar qo’lga olgan Halabdan Raqqa viloyatining Tabqa shahriga qochmoqda.

"Raqqa va Tabqa shaharlariga 30 mingga yaqin oila qochdi. Odamlar kelishda davom etyapti”, - deydi ulardan biri.

"Uch kundan beri tuz tatiganimiz yo’q. Tanklar, artilleriya, raketalar tinmayapti”, - deydi yana bir kurd.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashida Suriya iltimosiga ko’ra Suriyadagi vaziyat bo’yicha majlis o’tkazildi.

Suriya vakili “Hayat tahrir ash-sham” jangarilari ortida Turkiya turganini aytdi, AQSh va Isroilning ham qo’li borligini bildirdi.

“Hayat tahrir ash-sham” al-Qoidaga aloqador “Jabhat an-Nusra” guruhidan tashkil topgan, AQSh, Rossiya, Turkiya va BMT qora ro’yxatida.

AQShning BMTdagi vakili o’rinbosari Robert Vud tinch aholini himoya qilishga chaqirdi.

“Hayat tahrir ash-sham”ni AQSh va BMT terrorchi deb bilgan bo’lsa-da, bu Assad rejimi va uning rus himoyachilari sodir etayotgan vahshiyliklarni oqlamaydi”, - dedi diplomat.

Rossiya elchisi Vasiliy Nebenzya Vudni terror tashkilotining Suriya shaharlariga hujumini qoralamaganlikda aybladi.

"Vashington xalqaro terrorizmga qarshi samimiy kurashmasligiga bizda shubha yo’q”, - dedi Nebenzya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG