Chorshanba kuni Ozarbayjonning AZAL aviakompaniyasiga tegishli yo’lovchi samolyot Qozog’istoning Aqtau shahridan bir necha kilometr narida qulashi oqibatida samolyotdagi 67 ta odamdan 38 tasi halok bo’lgan. Jarohat olganlar kasalxonaga yetkazilgan, ba’zilarining ahvoli o’ta og’ir ekani aytilmoqda.
Samolyot Ozarbayjon poytaxti Bokudan Checheniston poytaxti Grozniyga uchib ketayotgan bo’lgan.
Ayrim xabarlarga ko’ra, samolyot qushlar bilan to’qnashib, boshqaruv tizimi izdan chiqqan. Internetda tarqalgan videoda samolyotning sirtida portlovchi moddaning parchalaridan hosil bo’lgan izga o’xshash teshiklarni ko’rsa bo’ladi.
Aytish joiz, shu kuni Ukraina dronlar bilan Grozniy shahriga hujum qilgan. Dronlarni urib tushirish maqsadida harakatga keltirilgan havo mudofaasi tizimi nishoniga samolyot ham tushgan bo’lishi mumkin.
Xaritadan ko’rinishicha, samolyot Grozniygacha quruqlik uzra uchishi kerak edi, lekin negadir Kaspiy dengizini kesib, Aqtau tomon yo’l olgan.
Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, pilot qattiq qo’nish paytida samolyot portlamasligi uchun havoda aylanib yoki ortiqcha masofa yurib, qo’nishdan oldin yoqilg’ini sarflamoqchi bo’lgan.
Ozarbayjonda milliy motam e’lon qilindi.
Qozog’iston va Ozarbayjon aviahalokat sabablarini o’rganish maqsadida tergov komissiyasini tuzdi.
Samolyotda Rossiya, Ozarbayjon, Qozog’iston va Qirg’iziston fuqarolari bo’lgan.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyaning Leningrad oblastida bo’layotgan MDH ga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitini erta tark etishga majbur bo’ldi.
Aqtauga Rossiya Favqulodda holatlar vazirligining mutaxassislari va shifokorlari safarbar etilgan.