Breaking News

Moldova: Yevrointegratsiya yo‘lida siyosiy va iqtisodiy qiyinchiliklar


Moldova Prezidenti Maya Sandu ikknchi prezidentlik muddatini boshlash marosimida, Kishinyov, Moldova, 2024-yil, 24-dekabr
Moldova Prezidenti Maya Sandu ikknchi prezidentlik muddatini boshlash marosimida, Kishinyov, Moldova, 2024-yil, 24-dekabr

Rossiya 2024-yilda boshqa davlatlarning, xususan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va sobiq Sovet respublikalarining ichki ishlariga turli usullar bilan aralashdi. Bu aralashuv diplomatiya, iqtisodiyot va psixologik ta'sir ko‘rsatish sohalarida amalga oshirildi. Shuningdek, sabotajlar uyushtirish va o‘z ta'sirini oshirish maqsadida yuqori darajali mansabdorlar orasiga o‘z odamlari yoki “ta'sir agentlarini” joylashtirishga ham urinib ko’rdi.

Kreml bu harakatlarni “ko‘p qutbli dunyo tartibini aks ettiruvchi yangi tizim yaratishga intilish”, Rossiya Federatsiyasi aholisini “an’anaviy qadriyatlarni yo‘q qilishga urinishlardan himoya qilish” va “mahalliy biznes manfaatlarini himoya qilish zarurati” deya izohladi.

Ekspertlarning fikricha, Vengriya va Slovakiya kabi davlatlarning siyosatidagi o‘zgarishlarni Rossiyaning aralashuvi bilan izohlash mumkin. Xorvatiyada Kremlga xayrixoh bo‘lgan Zoran Milanovich mamlakat prezidenti sifatida qayta saylandi. Gruziyada esa oligarx Bidzina Ivanishvili boshqarayotgan partiya mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarini kechiktirdi. Shuningdek, Litva va Ruminiyada saylovlar orqali ichki siyosiy vaziyatga ta’sir ko‘rsatishga urinishlar ham kuzatildi.

Ammo Moskva siyosatining muvaffaqiyatsizligi Yevropaning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lgan Moldovadagi prezidentlik saylovlari natijasida ko‘rinib qoldi. Barcha harakatlariga qaramay, Kremlga xayrixoh nomzod Aleksandr Stoyanoglo amaldagi prezident Mayya Sanduni mag‘lub eta olmadi. Mayya Sandu esa mamlakatni Yevro-Atlantika tuzilmalariga qo‘shilish yo‘nalishida olib borayotgan siyosatini davom ettirmoqda.

Biroq uning qayta saylanishi Moldovaning Moskva ta’sir doirasidan chiqqanini anglatmaydi.

2024-yil Moldova Respublikasi uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lganini “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati muxbiri Moldova ekspertlari bilan muhokama qildi.

“Moldovaning kelajagi bo’lajak saylovlarga bog’liq”

Moldova Respublikasining Yevropa Kengashi va BMTdagi sobiq vakili, Moldova Og‘zaki Tarix Instituti direktori Aleksey Tulburening fikricha, 2024-yilda Moldova uchun, kamida, ikki ijobiy voqea yuz berdi. Ulardan biri, iyun oyida Moldova va Bryussel o‘rtasida Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar boshlangani bo’ldi.

“Bu, shubhasiz, juda yaxshi natija, – deydi u. – Mening nazarimda, prezidentlik saylovlarida Mayya Sanduning g‘alabasi ham juda yaxshi natija, chunki u davlat rahbari sifatida Yevropa integratsiyasi jarayonini davom ettirish uchun eng munosib nomzoddir”.

Ikkinchi yaxshi yangilik, Yevrokomissiyaning iqtisodiy o‘sishni isloh qilish mexanizmini joriy etish uchun 1,8 milliard yevro ajratganidir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu dastur Moldova iqtisodiyotining yillik yalpi ichki mahsulotini (YIM) 10 foizga oshirishni ta’minlashi kerak. Bu o‘n yil ichida mamlakatning yalpi ichki mahsulotini ikki baravar oshirishga olib keladi. Ushbu o‘sish Moldovaning Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtacha YIM ko‘rsatkichiga yaqinlashishi uchun muhim ahamiyatga ega.

Moldovada Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha o‘tkazilgan referendum natijalari kutilgan darajada yaxshi bo‘lmadi. Garchi referendum o‘tkazilib, Yevrointegratsiya tarafdorlari g‘alaba qozonib, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa ham, ko‘pchilik bu jarayonda norozilik bildirdi.

Bu holat Mayya Sandu va u mansub hukmron partiyaning ("Harakat va birdamlik") mamlakatni boshqarish uslubi bo‘yicha fuqarolar orasida shubha va savollar borligini ko‘rsatadi. Shuning uchun referendum natijalari haqida ijobiy fikr bildirilsa ham, ular fuqarolar orasidagi norozilikni ochib berdi va bir qator qarama-qarshi taassurotlarni qoldirdi.

2024-yil 16-dekabrdan boshlab Moldovada 60 kun davom etadigan favqulodda holat e’lon qilindi. 2025-yil 1-yanvardan esa "Gazprom" Moldovaga gaz yetkazib berishni to‘xtatadi, chunki Moldova Kreml manfaatlariga muvofiq harakat qilishdan bosh tortdi.

“Bu vaziyatda biz “ijobiy qahramonlarni” ko‘rmayapmiz – hukumatimiz yetarlicha samarali ish ko‘rsatmadi va “Gazprom” ham gaz yetkazib berishni to’xtatdi, chunki 1-yanvardan boshlab Ukraina o‘z hududi orqali Rossiya gazining tranzitini to‘xtatadi. Ammo gazni alternativ yo‘llar bilan yetkazib berish mumkin. To’g’ri, bu vaziyatda gumanitar falokat yuz bermaydi, ammo mazkur holatni yanada samaraliroq boshqarish mumkin edi”, - dedi Aleksey Tulbure.

Moldova Og‘zaki Tarix Instituti direktori kelasi yil mamlakat uchun eng muhim voqea nima bo‘lishi haqidagi savolga ikkilanmasdan shunday javob berdi:

“Parlament saylovlari. Ular prezidentlik saylovlariga qaraganda muhimroq, chunki saylovlar natijasida hukumat shakllanadi va aynan hukumat tashqi va ichki siyosatni belgilaydi. Biz parlament boshqaruviga ega respublikamiz, prezident esa ko‘proq vakillik qiluvchi figura hisoblanadi. Shuning uchun, saylovlar qanday o‘tishi va ularning natijalari qanday bo‘lishiga qarab, Moldova kelajagi hal bo‘ladi – Yevrointegratsiyani davom ettiramizmi yoki boshqa bir yo‘lni tanlaymizmi. Balki, Gruziya yo‘nalishi bo‘yicha ketishimiz mumkin”.

Tullburening fikriga ko‘ra, kelgusi hukumat avvalgi kabi bir partiyali emas, koalitsion bo‘ladi. Agar Yevropa yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar g‘alaba qozonsa, Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar davom etadi. Ayniqsa, Bryussel Moldova va Ukrainaga 2027–2028-yillarga kelib, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha shartnoma imzolashi hisobga olinsa, bu jarayon muhim ahamiyat kasb etadi.

“Vazifalar – ulkan, muammolar ham shu kabi katta. Ammo ko‘p narsa Ukrainadagi urushning qanday rivojlanishiga bog‘liq”, – deya xulosa qiladi Aleksey Tulbure.

“Moldova aholisi bu urushga ko’nikib qoldi”

Moldova Davlat Universiteti Huquqiy, siyosiy va sotsiologik tadqiqotlar instituti direktori Viktor Juk o’tgan yilni o‘z mamlakati uchun juda murakkab, ammo ko‘plab umidlar tug‘ilgan yil sifatida ta'riflaydi.

“Qiyinchiliklar prezident saylovlari bilan bog‘liq emas edi, chunki Mayya Sanduning ikkinchi mandatni qo‘lga kiritish imkoniyati aniq edi. Ammo mart oyida u respublika konstitutsiyaviy referendumi o‘tkazishni taklif qilgach, qiyinchiliklar boshlandi. Referendum bo’yicha ikki siyosiy muammo yuzaga keldi: birinchisi, ko‘plab partiyalar referendumni boykot qilishini bildirgani sababli, yetarli saylovchilar qatnashmaydi va referendum o‘tkazilmaydi degan xavotirlar; ikkinchisi, Yevrointegratsiyani qo‘llab-quvvatlovchilar va unga qarshi bo‘lganlar orasidagi farq kichik bo‘ladi, degan xavotir”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Ekspert fikriga ko‘ra, referendum Moldovadagi siyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Bundan tashqari, Rossiya o‘z resurslarini ishga solib, respublikaga nisbatan gibrid hujumlar uyushtirib, ichki vaziyatni yanada murakkablashtirishga harakat qilgan.

“Ayniqsa, Ilan Shorning partiyalari va harakatlari bu murakkablikni yanada kuchaytirishga hissa qo‘shdi. Bu vaziyat siyosiy jarayonlarning izchilligini buzib, mamlakatda beqarorlikni kuchaytirdi.

Geosiyosiy nuqtai nazardan, Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarda tez sur’atlar bilan ilgarilashi kutilgan edi, hozircha bu muzokaralarning birinchi kichik bosqichi yakunlandi. Yaqin orada Bryusselda ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi”, – deya davom etadi Viktor Juk.

Moldovadagi vaziyatga ta’sir qilayotgan uchinchi omil sifatida hanuz davom etayotgan Ukraina urushi ko‘rsatilgan.

“Odamlar bu urushga allaqachon o‘rganib qoldi, unga kam e’tibor qaratishyapti va uning Moldova uchun qanday xavf tug‘dirishini to‘liq anglamayapti”, – deya afsuslanadi Viktor Juk.

Ekspertning fikricha, 2025-yil boshida Moldova uchun eng katta muammolardan biri energetik inqiroz bo‘ladi. Bu inqiroz ikki asosiy jihatdan namoyon bo‘ladi: birinchisi, Dnestr daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi (Kishinyov nazorati ostidagi hudud) elektr ta’minotidagi qiyinchiliklar va ikkinchisi, Dnestrning chap qirg‘og‘ida (Pridnestrovye yoki Transnistriya) gaz ta’minotining yo‘qligi.

Bu energetik inqiroz Moldova uchun nafaqat iqtisodiy, balki strategik va xavfsizlik masalalarida ham jiddiy muammo tug‘diradi. Elektr va gaz ta’minotidagi qiyinchiliklar mamlakatning ichki barqarorligi va fuqarolarning hayot sifatiga sezilarli darajada ta’sir qilishi mumkin. Bu vaziyatni boshqarish Moldova hukumati uchun katta sinov bo‘ladi.

“Moldovaning gaz va elektr energiyasi bilan ta'minoti iqtisodiy jihatdan amalga oshishi mumkin, ammo narxlar sezilarli darajada oshadi. Bu, ayniqsa, Pridnestrovye aholisi uchun jiddiy muammo tug‘diradi.

Hozirgi paytda Moldova siyosiy kuchlari norozilikni manipulyatsiya qilishga qodir emas, chunki asosiy muxolif kuchlar yoki faoliyatdan chetlatilgan yoki yetarlicha ta'sirga ega emas. Hukumatning aholi uchun gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan xarajatlarni qandaydir tarzda qoplash uchun mablag‘ izlayotgani, ehtimol, eng muhim holatdir. Yevropa Ittifoqidan yordamga umid bor, albatta, ular Moldova Respublikasiga yordam beradi”, – deya xulosa qiladi Moldova Davlat Universiteti Huquqiy, siyosiy va sotsiologik tadqiqotlar instituti direktori.

“Hech kim inqiroz haqida o'ylamagan paytda biz Ruminiya bilan muqobil quvur tarmog'ini yaratdik”

Moldova parlamentining sobiq deputati, “Viitorul” Taraqqiyot va Ijtimoiy Tashabbuslar Instituti iqtisodiy sharhlovchisi Vyacheslav Ionitsaning ta'kidlashicha, 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Moldova sanoati kamida 2–3% pasayadi.

“Ammo eng dahshatlisi shundaki, bizning sanoatimiz hali ham 1990-yilgi darajasiga yetib bormagan. Iqtisodiy o‘sish esa barqaror emas – ba'zan o‘sish kuzatilsa, ba'zan yana pasayish ro‘y beradi. Bu esa sanoatda barqaror rivojlanishni ta'minlash uchun zarur bo‘lgan asosiy omillarimizning yetishmasligini ko‘rsatadi”, – deydi “Amerika Ovozi”ning Rus xizmati muxbiri bilan suhbatda.

Moldova qishloq xo‘jaligi sohasidagi holat sezilarli darajada yomonlashgan.

Moldavanlar Yevropa Ittifoqiga qo’shilishni istamaydimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:29 0:00

“Ilgari qishloq xo‘jaligida barqarorlik bor edi, chunki har uch yaxshi yilning ortidan bir yomon yil kelardi. Ammo hozir vaziyat aksincha – uch yomon yilning orasida faqat bir yaxshi yil kuzatilmoqda”, - dedi ekspert.

Ionitsaning fikriga ko‘ra, “Viitorul” instituti statistika yuritishni boshlaganidan buyon, 2021-yil Moldova qishloq xo‘jaligi uchun eng yaxshi yil bo‘lgan.

“Bizni men “iqtisodiyot malikasi” deb ataydigan narsa – mevalar qutqaradi. Ammo bizda eksport 20 oydan beri uzluksiz pasayib bormoqda, yagona o‘sayotgan soha – xizmatlar va mevalar. Ilgari bizning olma va yong‘oqlarimizni eksport qiladigan ikkita asosiy davlat bor edi – Rossiya va Belarus. Xususan, Rossiyaga biz barcha olmalarning 90–95% ini jo‘natardik”, – deydi iqtisodiy ekspert.

Rossiyaning 2015-yilda mevalarga embargo qo‘llashi Moldovaga dastlab iqtisodiy zarba berdi. Ammo mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari yangi bozorlar topishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir Moldova mevalarni 10 ta asosiy davlatga eksport qiladi va yana 20 ta davlatga kam hajmda mahsulot yetkazib beradi.

Moldova iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, ish haqlari sohasida ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda.

“Bugungi kunda ilk bor barcha band aholining 16% dan ko‘prog‘i oylik maoshi 1000 yevrodan oshadi. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich”, – deydi Ionitsa.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ish haqlarining o‘sishi real iqtisodiyot sektorida ishlayotganlarga taalluqli. Biroq, davlat byudjeti hisobidan ishlovchilar (byudjet sektori xodimlari) o’tgan yilda ham, bu yilda ham 2020-yilga nisbatan kamroq maosh oladi.

Ekspertning bahosiga ko‘ra, 2025-yilda Moldova o‘ng qirg‘og‘idagi energetik vaziyat murakkab bo‘ladi.

Moldova uchun gaz ta’minoti kelasi yilda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi, ayniqsa tan olinmagan Pridnestrovye hududi uchun. Moldova o‘ng qirg‘og‘i muqobil quvur (Ruminiya orqali) orqali gaz olish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, uning quvvati barcha ehtiyojlarni qoplash uchun yetarli emas. Shunga qaramay, bu quvur minimal ehtiyojlarni ta’minlab, mamlakatga energetik inqiroz sharoitida omon qolish imkonini bermoqda. Pridnestrovye esa bunday muqobil ta'minotdan foydalana olmaydi, shuning uchun u yerda vaziyat yanada og‘irroq bo‘lishi mumkin.

U, Moldova o‘ng qirg‘og‘i Rossiyadan gazni allaqachon ikki yildan beri xarid qilmayotganini eslatadi. Bundan tashqari, Ruminiyadan keladigan gaz quvuridan tashqari, Ukrainadan keluvchi gaz quvuri ham mavjud. Agar 2022-yilda o‘ng qirg‘oq aholisi uchun gaz narxi bir kubometr uchun 1,5 yevro bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu narx 1 yevrodan pastga tushgan.

Shu bilan birga, Dnestr daryosining chap qirg‘og‘ida yashovchilar Rossiyadan yetkazib beriladigan gaz uchun bir kubometriga atigi 7 yevrosent to‘lagan. Bundan tashqari, Pridnestrovye hududi Rossiyadan keladigan gazga qattiq bog‘liq bo‘lib, bu gaz nafaqat aholining energiya ehtiyojlarini, balki mintaqaning byudjetini ham qo‘llab-quvvatlagan. Rossiyadan gaz yetkazib berishning to‘xtatilishi hududni qattiq iqtisodiy va ijtimoiy inqirozga olib kelishi mumkin, chunki issiqlik va energiya yetkazib berish to‘xtab, mintaqaning moliyaviy barqarorligi jiddiy xavf ostida qoladi.

O‘ng qirg‘oq uchun elektr ta’minoti vaziyati yanada murakkabroq bo‘ladi, chunki bu masalada Dnestrning ikki qirg‘og‘idagi elektr tizimlari o‘zaro bog‘langan.

“Agar pik soatlarda qisqa muddatli navbatma-navbat elektr o‘chirishlar ro‘y bersa ajablanmayman, chunki odamlarimiz elektr iste'molini sutkasiga to‘rt soat davomida kamaytirish kerakligini tushunishmayapti. Buni aholiga tushuntirish juda qiyin, lekin hukumat buni amalga oshirishga harakat qilmoqda”, – deya tushuntiradi ekspert.

Ekspert o’z izohining so’nggida oxirgi besh yil ichida Moldova 860 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarganini, bu umumiy ehtiyojning 20 foizini tashkil etishini ta'kidlaydi. Bu energiya qayta tiklanadigan shamol, quyosh va suvdan kabi manbalardan olingan.

“Bu haqda hech kim gapirmagan, lekin menimcha, Yevropada besh yil ichida qayta tiklanadigan energiya ulushini 1 foizdan 20 foizgacha shunchalik tez oshirgan boshqa biror mamlakat yo‘q”, – deydi “Viitorul” Taraqqiyot va Ijtimoiy Tashabbuslar Instituti iqtisodiy sharhlovchisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG