Ukrainada urushni to’xtatishga so’z bergan AQSh Prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan bir yarim soat davomida telefonda gaplashdi.
Tramp va Putin muzokaralarni boshlashga kelishib oldi. Putin Trampni Moskvaga taklif qildi, biroq Trampning aytishicha, ilk uchrashuv Saudiya Arabistonida o’tkaziladi, shundan so’ng Vashington va Moskvada uchrashuvlarga hozirlik ko’riladi.
"Prezident muloqot yaxshi o’tganini aytdi. Ma’muriyat Rossiya-Ukraina urushini batamom tugatish uchun tinchlik bitimiga kelishishga sidqidildan ahd qilgan”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Kerolayn Levit.
Putin so’nggi bor AQSh rahbari bilan 2022-yil fevralida Ukrainaga qo’shin tortishdan oldin gaplashgan. Amerikani Trampdan oldin boshqargan Jo Bayden urush boshlanishi ketidan Ukrainani qurollantirib, Putin bilan gaplashishdan bosh tortgan.
Rossiya Ukraina hududining beshdan birini ishg’ol etib, uni o’zida qoldirmoqchi, Ukrainaning esa betaraf bo’lishini talab qilyapti.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya istilo qilingan hududlarni tark etishi, uning mamlakati esa NATOga a’zolikni yoki boshqa turdagi xavfsizlik kafolatini olishi kerakligini aytib keladi.
"Prezident Trampdan bizga xavfsizlik kafolatlarini berishni, Ukrainaga yordam ko’rsatishni, bizni kuchaytirishni so’rayman. Yevropa bilan ham gaplashishimiz kerak albatta, chunki bizga kattaroq armiya kerak. Hozir byudjet kamomadimiz bor. Kattaroq armiyani boqish karak, qurollantirish kerak, bunga esa ko’p mablag’ zarur va pul qayerdandir kelishi kerak”, - deydi Zelenskiy.
Tramp Putin bilan muloqotdan so’ng Zelenskiy bilan qo’ng’iroqlashgan. AQSh rahbari Ukrainaga yordam kafolatlari evaziga shartlar qo’ydi.
"Pullarimizning xavfsizligini ta’minlaymiz. Ularda nodir yer minerallari, neft, gaz va ko’plab boshqa narsalar bor. Ular bunga rozi bo’lishdi. Ukraina rozi bo’ldi. Ukrainaga bundan keyingi yordam, pullarimiz kafolatli bo’ladi”, - dedi Tramp.
Oq uy rahbari Ukrainaga sarflangan pullarni qaytarish maqsadida bu mamlakatning 500 milliard dollarga baholanayotgan nodir yer minerallariga qiziqish bildirdi.
Chorshanba kuni Kiyevga borgan AQSh Moliya vaziri Skot Bessent Zelenskiyga bu boradagi hamkorlikka doir hujjatni topshirdi. Zelenskiy uni 14-fevral kuni Myunxenda boshlanadigan xavfsizlik anjumanigacha o’rganib chiqishga so’z berdi.
AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset Ukraina boy berilgan hududlarini qaytara olmasligini, NATOga a’zo bo’la olmasligini ta’kidladi.
“Xayoliy maqsadlar ketidan quvish urushning va azob-uqubatlarning cho’zilishiga olib keladi”, - dedi u.
Tramp ma’muriyati Bayden ma’muriyatidan farqli o’laroq Ukrainani keragicha va shartsiz qo’llab-quvvatlash g’oyasidan yiroq.
Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Tramp ma’muriyati muzokaralar boshlanmasidan oldin Rossiyaga yon berganini aytadi.
Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornu esa tinchlikka zaiflik emas, kuch orqali erishish kerakligini, aks holda mojaro kengayishini bildirdi.
NATO Bosh kotibi Mark Rutte Ukraina bo’yicha muzokaralar Yevropa Ittifoqi va Kiyev ishtirokisiz bo’lmasligi kerakligini ta’kidladi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri bilan chorshanba kuni Parijda ko’rishgan Fransiya, Britaniya, Polsha, Germaniya, Ispaniya, Italiya va Yevropa Komissiyasi rasmiylari ham o’xshash fikr bildirdi.
Tramp muzokaralar Ukraina ishtirokisiz zarar ko’rmasligini aytadi.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Kaya Kallas Ukraina tinchlik bitimi shartlariga ko’nmasa, Yevropa uni qo’llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Zelenskiy Ukraina muzokaralarga jalb etilmasa, AQSh va Rossiya kelishuvini qabul qilmasligini aytadi. Ukraina prezidenti Tramp u bilan Putindan oldin uchrashishini xohlaydi.
Moskva Ukrainada prezident saylovi o’tkazilishini talab qilarkan, tinchlik bitimi yangi rahbar bilan imzolanishiga ishora qilmoqda.
Oddiy ukrainaliklar muzokaralarning Ukraina ishtirokisiz o’tish ehtimolini Ukrainaga xiyonat deya qabul qilmoqda.
“Tramp nega endi bizning mamlakatga hujum qilgan davlat rahbariga birinchi bo’lib qo’ng’iroq qilganini, shundan keyingina bizning rahbar bilan gaplashganini tushunmayapman. Hozirgi vaziyatdan Ukrainaga foyda bo’ladi deb o’ylamayman”, - deydi kiyevlik Miroslava Lesko.
“Tramp Ukrainada tinchlik o’rnatishga emas, uni o’marishga harakat qilyapti”, - deydi Anjelika Tkachuk.
Myunxen xavfsizlik anjumanida AQSh mudofaa vaziri, davlat kotibi, milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi, Markaziy razvedka agentligi direktori, Trampning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Ukraina bo’yicha muzokaralarda qatnashishi kutilmoqda.