Turkiya AQShni Suriyadan 2000 dan oshiq askarini olib chiqishga chaqirayotgan bir paytda Isroil aksincha Qo’shma Shtatlardan Suriyada kurd kuchlarini qo’llab-quvvatlashda davom etishni so’ramoqda.
Turkiya arab va kurdlardan iborat “Suriya demokratik kuchlari” guruhini terrorchi deb biladi, Isroil esa ulardan Turkiyaning Suriyada faollashishiga barham berishda foydalanmoqchi.
“Tramp o’ylanib qolgan. Saylov kampaniyasi paytida u “Amerika birinchi” shiorini olg’a surgan. Ya’ni amerikalik harbiylarni xorijiy mojarolardan chiqarishga so’z bergan. Ammo 2000 dan ortiq askar Suriyadan chiqarilsa, xavfsizlikka jiddiy tahdid yoki tahdid ehtimoli tug’iladi”, - deydi Vashingtonda joylashgan Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasining turk tahlilchisi Sinan Jiddiy.
Anqara “Islomiy davlat”ga qarshi jang qilayotgan kurd bo’linmalarini Turkiyada kurd muxtoriyati uchun kurashayotgan “Kurdiston ishchilar partiyasi”ga sherik deb biladi. AQShning Suriyadagi qo’shinlari esa Turkiyaning kurdlarga qarshi harbiy harakatlar olib borish salohiyatini cheklamoqda.
“Suriya demokratik kuchlari”ni shu kungacha himoya qilib turgan yagona narsa bu AQSh soyabonidir. Kurdlar Suriya qurolli kuchlari tarkibiga qo’shilishi zarur”, - deydi turkiyalik sobiq diplomat va tahlilchi Oydin Seljen.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Suriyada Bashar Assadni hokimiyatdan ag’darib, davlat tepasiga kelgan kuchlar bilan yaqin aloqa o’rnatgan, Damashqdan kurd guruhini tarqatishni, aks holda Suriyaga qo’shin tortishini aytmoqda.
Isroil esa “Suriya demokratik kuchlari” “Islomiy davlat”ga qarshi samarali kurashayotganiga ishora qilib, uni qo’llab-quvvatlayapti.
“Islomiy davlat”ning qayta oyoqqa turishidan hech qaysi taraf manfaatdor emas. AQSh qo’shinlari ko’p sonli emas, jangarilarga qarshi kurashda samarali. Shunday ekan Isroil ularning Suriya shimoli-sharqida kurdlarga yordam ko’rsatishda davom etishini so’rayapti. Ya’ni Isroil bu masalada diplomatik harakatlarini kuchaytiradi”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.
“Isroil hukumatining Suriyada kurdlarga rasmiy va davlat yordamini ko’rsatishga qaratilgan harakatlari kuchayayotganiga guvohmiz. Chunki Isroil o’z xavfsizligiga jiddiy xavotirlarni bartaraf etishda kurdlarga ishonish mumkinligini ko’ryapti”, - deydi Sinan Jiddiy.