Afsonaviy Fort-Noks yana diqqat markazida va Prezident Donald Tramp "oltin joyidami" degan savolga javob izlamoqda.
“Oltin bor-yo’qligini bilish uchun Fort-Noksga boramiz, chunki balki o’g’irlangandir. Tonnalab oltin”, - deydi Tramp.
Hukumat xarajatlarini kesishga boshchilik qilayotgan Ilon Mask va respublikachi senator Rend Pol ham prezidentga jo’r bo’lmoqda.
“Fort-Noksdan oltin zaxiralari o’g’irlanmaganini kim tasdiqlaydi? Balki u yerdadir, balki yo’q. Bu oltin Amerika xalqiga tegishli. Hali ham o’sha yerdami, yo’qmi, bilishni xohlaymiz”, deb yozdi Mask “X” tarmog’ida.
Bunday da’volar yangilik emas. Moliya vaziri Skot Bessent oltin joyida ekani va yillik auditlar o’tkazilayotganini ta’kidlasa-da, ishonmaydiganlar talay.
Fort-Noks o’zi nima?
Fort-Noks bu - Qo’shma Shtatlar Yombi Depozitariysi. Qattiq qo'riqlanadigan, Birinchi jahon urushi davridan qolgan harbiy inshoot Kentukki shtatida joylashgan.
AQShning birinchi Urush vaziri Genri Noks nomi bilan atalgan Kemp-Noks 1918-yilda tashkil etilgan bo’lib, keyinchalik doimiy harbiy bazaga aylantirilgan va 1930-yillarda nomi Fort-Noks deb o’zgartirilgan.
Depozitariy 1936-yilda hukumatning oltin zaxiralarini saqlash uchun qurilgan. 1937-yilda Fort-Noks o’zining birinchi oltin jo’natmasini AQSh pochtasi orqali qabul qilib olgan va 1941-yilga kelib bu omborda 649,6 million unsiya (taxminan 20 ming tonna) oltin saqlangan. Bu hozirgi zaxiralardan to’rt baravar ko’p.
Fort-Noks omboridan nafaqat oltin, balki Ikkinchi jahon urushi paytida Mustaqillik deklaratsiyasi va konstitutsiya nusxalarini saqlash uchun ham foydalanilgan.
Qancha oltin bor?
AQSh zarbxonasi ma’lumotiga ko’ra, bugungi kunda depozitariyda 147,3 million unsiya (5000 tonna) oltin bor. Bu mamlakat zaxiralarining taxminan yarmini tashkil etadi, qolgan qismi esa mamlakat bo’ylab boshqa xavfsiz inshootlarda.
Fort-Noksda saqlanadigan standart oltin quyma taxminan 12,4 kilogrammga teng.
Oltinning balans qiymati 1970-yillarda har bir unsiya uchun 42,22 dollar qilib belgilangan. Tog’-kon sanoatini yorituvchi mining.com nashriga ko’ra, bugungi narxlarda bu 428 milliard dollarga teng.
Qanchalik xavfsiz?
AQShda “Fort-Noks kabi xavfiz” iborasi tez-tez quloqqa chalinadi. To’rt yuz yetmish kubometr granit, 3200 kubometr beton, 680 tonna armatura va 610 tonna konstruktiv po’latdan qurilgan depozitariy – haqiqiy qal’a.
Inshoot ichidagi oltin omborining bir qismi yer ostida bo’lib, po’lat plitalar va beton bilan o’ralgan. Ombor eshiklari o’sha paytdagi eng ilg’or, burg’ulashga chidamli materialdan yasalgan.
Markaziy ombor eshiklari 18 tonna keladi. Uni ochish uchun bir necha xodim faqat o’ziga ma’lum bo’lgan koddan foydalanadi. Hech bir shaxs uni yakka o’zi ocholmaydi, tartibini bilmaydi, deb yozgan edi AQSh zarbxonasi sobiq direktori Filip Dal 2023-yilgi maqolasida.
Inshootni AQSh zarbxona politsiyasi va yirik harbiy kuchlar qo’riqlaydi. Binoni o’rab turgan panjaralar elektrlashtirilgan, shuningdek, atrof minalangan. Depozitariy o’zning zaxira elektr sistemasi va suv ta’minotiga ega.
Kirish mumkinmi?
AQSh zarbxonasi depozitariyni maxfiy obyekt deb ataydi, tashrif buyurish mumkin emas. Hatto sobiq prezidentlarga kirishga ruxsat berilmagan.
Ammo 1974-yilda istisno tarzda bir guruh jurnalistlar va Kongress a’zolari omborga kirgan. Tashrif o’shanda katta miqdordagi oltin zaxiralari sirli ravishda g’oyib bo’lgani haqidagi mish-misharga javoban uyushtirilgan va televideniye orqali ko’rsatilgan.
Bundan 40 yil o’tib, 2017-yilda sobiq moliya vaziri Stiv Mnuchin Kentukki shtati siyosatchilari bilan Fort-Noksga tashrif buyurgan edi.
“Oltin xavfsiz saqlanayotganidan xursandman!”, - deb yozgan u tvitida.
Bugun yana audit talablari yangramoqda. Konservativ radio boshlovchi Glen Bek Prezident Donald Trampga yozib, “oltin zaxiralari mavjudligini hujjatlashtirish va tekshirish uchun” Fort-Noksga kamera guruhini olib kelishga ruxsat so’ramoqda.
Ko’pchilik xazina joyida ekaniga shubha qilmasa-da, ayrim mutaxassislar fikricha, ombor eshiklarini yana bir bor jamoatchilik uchun ochish, auditni jonli ko’rsatish bahslarga barham berib, AQSh moliya tizimiga ishonchni kuchaytirgan bo’lardi.