AQSh rasmiylari Jiddada Ukraina vakillari bilan muzokara qilishi ketidan Prezident Donald Trampning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkof Rossiyani Jiddadagi kelishuv tafsilotlaridan xabardor qilish uchun Moskvaga bordi.
AQSh va Ukraina rasmiylari Ukrainada 30 kunlik otashkesimga kelishib oldi va Moskva ham bunga ko’nsa, harbiy harakatlar zudlik bilan to’xtashi kerak.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kreml otashkesim bo’yicha taklifga ijobiy munosabat bildirishiga umid qilmoqda. Zelenskiy urushda 30 kunlik tanaffus taraflarga keng qamrovli tinchlik rejasini muhokama qilishga imkon berishini aytadi.
"Agar ruslar bu taklifga ko’nsa, demak haqiqiy yutuqqa erishgan bo’lamiz, real tinchlikka imkoniyat tug’iladi. Agar rozi bo’lishmasa, achinarli holatga duch kelamiz, ularning niyati oydinlashadi”, - deydi Jiddadagi sakkiz soatlik muloqotda qatnashgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubio.
Putin qisqa muddatli hamda Rossiya manfaatlarini hisobga olmaydigan sulhga qarshi ekanini bir necha bor aytgan. U Ukraina Rossiya ishg’ol qilgan to’rtta viloyatdan qo’shinlarini olib chiqishga rozi bo’lsagina, NATOga a’zolik istiqbolidan voz kechsagina muzokaraga ko’nishini bildirgan. Ukraina esa bosib olingan hududlaridan voz kechishga tayyor emasligini ta’kidlab keladi.
“Yon bermaymiz. Bizga to’g’ri keladigan, uzoq muddatda mamlakatimiz tinchligini ta’minlaydigan dunyo ko’rinishini tanlashimiz kerak”, - dedi Putin urushda turmush o’rtog’i va o’gillarini yo’qotgan ayollar bilan uchrashuv chog’ida.
Ikki taraf o’rtasida ishonch yo’q ekan, Moskva jang maydonida boy berayotgan Ukraina qisqa muddatli sulhdan kuchini tiklab olish uchun, qurol zaxiralarini to’ldirish uchun foydalanishiga ishora qilmoqda.
Kuzatuvchilar Rossiya 30 kunlik otashkesim bo’yicha taklifga ko’nmasligini taxmin qiladi.
“Biz va Kiyev o’rtasida ikki tomonlama kelishuv bo’lishi aniq.Rossiyaning yangi chegaralarini qonuniylashtiruvchi va Ukrainaning sovet davridan keyingi chegarasini belgilovchi tinchlik bitimi bo’lishi kerak”, - deydi rossiyalik diplomat Aleksandr Kramarenko.
Putinning surgundagi rossiyalik tanqidchilari ham Rossiya hududiy ambitsiyasidan voz kechmasligini aytadi.
“Rossiya boshqa masalalarda yon berishi mumkin, masalan Rossiyaning urushdan keyingi xavfsizlik arxitekturasiga kelganda. Moskva Ukrainaning mana shu yangi xavfsizlik tizimini shakllantirish jarayonida ishtirok etishni istaydi, nima qilish mumkinligini va nima qilish mumkin emasligini belgilamoqchi”, - deydi “Riddle” tahlil guruhi muharriri Anton Barbashin.
Ukrainaga harbiy madad berishni va razvedka ma’lumotlarini ulashishni to’xtatgan Vashington Saudiya Arabistonidagi muloqotdan so’ng yordamni jonlantirishga qaror qildi.
Ayrim manbalarga ko’ra, Rossiya Ukrainada urushni tugatish va AQSh bilan aloqalarni jonlantirish uchun bajarilishi kerak bo’lgan talablari ro’yxatini Vashingtonga uzatgan. Mazkur manbalar ikki taraf ushbu talablarni uch hafta muhokama qilganini bildirmoqda.
Rossiyaning asosiy talablari ma’lum – Ukrainani NATOga qabul qilmaslik, Ukrainaga xorijiy kuchlarni kiritmaslik, Qrim hamda Ukrainaning to’rtta viloyatini Rossiya hududi sifatida tan olish.
Payshanba kuni Putin 30 kunlik sulh taklifiga ijobiy munosabat bildirgan holda ikki ming kilometrlik front chizig’i bo’ylab otashkesim ijrosini nazorat etish oson bo’lmasligini, shartnoma shartlari aniq kelishilishi kerakligini, masalani Tramp bilan uchrashuvda muhokama etishini aytdi.
Bu o’rtada Rossiyaning Kursk viloyatidagi hududlarni o’tgan yozda qo’lga kiritgan Ukraina so’nggi kunlarda qurshovga tushib, askarlarini Kurskdan chiqarishga majbur bo’lyapti. Rossiya Mudofaa vazirligi Sudja shahri ukrain qo’shinlaridan butunlay tozalanganini ma’lum qildi. Zelenskiy Kursk yerlarini Rossiya bosib olgan hududlardan biriga almashtirishga umid qilayotgan edi.
AQShning o’zgaruvchan siyosati tufayli Ukrainani qo’llab-quvvatlash tashabbusini o’z qo’liga olayotgan Yevropaning Britaniya, Fransiya, Italiya, Germaniya va Polsha davlatlarining mudofaa vazirlari chorshanba kuni Parijda majlis qildi, Ukraina Mudofaa vaziri Rustem Umerov ham unga taklif etildi.
"Sherik mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz, Yevropa va boshqa hududlardan Ukrainaga yordam berishni istagan davlatlar bilan koalitsiya tuzishga harakat qilyapmiz”, - deydi Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili.
Uning fransiyalik hamkasbi Sebastyan Lekornuning aytishicha, Ukrainada yangi xavfsizlik tizimi bo’yicha muhokamalarda 15 taga yaqin mamlakat vakillari ishtirok etish istagini bildirdi.
Vashington Moskva bilan aloqalarni tiklash harakatida ekan Yevropa vazirlari qit’a mudofaasini kuchaytirish, Ukrainani xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlash yo’lida konkret qadamlar qo’yishga va’da berdi.
Bundan oldin NATOga a’zo davlatlar, Yaponiya va Avstraliya qurolli kuchlari bosh shtabining 34 ta boshlig’i ham Parijda majlis qildi. AQShdan ushbu yig’inda hech kim qatnashmadi.
Bu o’rtada Ukraina frontga yoshlarni jalb qilishga kirishdi. 18 yoshdan 24 yoshgacha bo’lgan fuqaroga bir yillik xizmat uchun 24 ming dollar va yana bir qancha imtiyozlar taklif etilmoqda.
O’tgan yili parlament dasafarbarlik haqida qabul qilingan yangi qonunga ko’ra, safarbarlik yoshi 27 dan 25 ga tushirildi.