Breaking News

Prezident Bush G'alaba kunini Moskvada nishonlaydi


AQSh Prezidenti Jorj Bush bu haftada natsistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 60 yilligini nishonlash uchun Yevropaga yo'l oladi. Safari davomida u nafaqat ittifoqchilarning g'alabasini, shuningdek, Sovuq urushdagi g'alabani ham nishonlaydi.

Prezident Bushning Yevropaga safari asosan tarixiy va geosiyosiy ramziylikka boy bo'ladi. AQSh prezidenti dunyoning boshqa rahbarlari bilan Ikkinchi jahon urushidagi g'alabani nishonlash uchun Moskvaga boradi. Undan tashqari sobiq Sovet Ittifoqining yana ikkita davlati rahbarlari bilan ham uchrashadi. Biroq bu mamlakatlarning birida 9 may sanasiga munosabat boshqacha. Latviya uchun natsistlar Germaniyasining mag'lubiyati bilan Sovet okkupatsiyasi boshlangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin prezident Bushning Latviya va Gruziyaga rejalashtirilgan safarlariga e'tiroz bildirgan edi. Biroq Tashqi aloqalar kengashi vakili Jeyms Goldgayrning aytishicha, Bushni Putinning e'tirozidan ham ko'proq tashvishlantirayotgan masalalar bor.

"Aminmanki, Putin Bushning tashriflaridan xursand emas, biroq Rossiyaga yo'l olayotgan AQSh prezidenti uchun sobiq Ittifoqning ayrim mamlakatlariga tashrif buyurish judam muhimdir," dedi Goldgayr. "Ayniqsa, so'nggi paytda Rossiyaning demokratlashtirish borasida orqaga va bu mamlakatlarning g'arbga qo'shilishi uchun qilgan olg'a qadamlarini hisobga oladigan bo'lsak."

Janob Goldgayr Bushning Latviyaga tashrifi Boltiq bo'yi mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi hamda NATOning a'zosi sifatidagi yangi roliga ba'gishlanadi, deydi.

Tashrif so'nggida Amerika prezidenti Gruziyaga ham boradi. Polshaning sobiq tashqi ishlar vaziri va hozirda Amerika Biznes Instituti, ya'ni konservativ siyosatni olg'a suruvchi tadqiqot markazi ilmiy xodimi Radek Sikorsining ta'kidlashicha, bu bilan Gruziyaning yangi rahbari Mixail Saakashvili Kremlga aniq ishora ko'rsatayotgan bo'ladi.

"Gruziyaga tashrifi orqali, menimcha, prezident Bush Amerikaning sobiq Ittifoqdagi demokratik inqiloblarga bo'lgan hayrihohligini ma'lum qiladi," dedi u.

Chechenistondagi harbiy harakatlariga ko'mak qilish uchun Rossiya Gruziyada haligacha o'zining bir necha ming sonli qo'shiniga ega.

"Gruziyaga hozirda AQShdan, G'arbdan kuchli madad ishorasi kerak. Islohotlarni olg'a surishga harakat qilayotgan bu mamlakatga AQSh yordam ko'rsatadi degan ishora," dedi Jeyms Goldgayr.

Riga bilan Tbilisida to'xtab o'tishiga qaramay, prezidentning asosiy tashrifi baribir Rossiyaga qaratilgan. U yerda Jorj Bush 60 yil ilgari natsistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g'alaba tantanalarida ishtirok etish bilan birga, shu yilning o'zidayoq prezident Vladimir Putin bilan yana bir bor uchrashadi. Jeyms Goldgayrning kuzatishicha, ikki rahbar o'rtasidagi iliq va yaqin munosabatlarga so'nggi oylarda sovuq tushgan.

"Aloqalar qandaydir darajada taranglashgan, biroq baribir prezidentlar o'zaro yaxshi munosabatda bo'lishlari kerak. Ikki mamlakat yondashishlaridagi ba'zi farqlarga qaramay, AQSh va Rossiyaning o'zaro iliq aloqada bo'lishlari juda muhimdir."

Moskva va Vashingtondagi tahlilchilar prezident Bush oldidagi muvozanatlashday qiyin vazifani alohida ta'kidlab o'tmoqdalar. Putinni demokratiya sari chorlash bilan birgalikda, Bush uning terrorizmga qarshi urushdagi yordamiga muhtoj.

Bir paytning o'zida Putin Vashingtonning Gruziya va ayniqsa Ukrainaday sobiq Sovet respublikalarida o'shib borayotgan ta'siridan bezovta. Radek Sikorskining aytishicha, chegaradosh mamlakatlardagi demokratik tuzumlarni qo'llab-quvvatlashda Putinga ham katta naf bor.

"O'ylashimcha, o'z chegaralari bo'ylab qo'shnilarini vahimaga tushirgandan ko'ra, Rossiya uchun ular bilan hamkorlik qilishning foydasi ko'proq," dedi Sikorski.

AQShning sobiq Ittifoq davlatlari bilan kuchayayotgan aloqalariga qaramay, Bush ma'muriyati Putinni Rossiyaning mintaqadagi ta'siridan ayirmaslikka bir necha bor ishontirgan.

XS
SM
MD
LG