Breaking News

AQSh avtomobilsozligi og'ir kunlarni boshdan kechirmoqda


Jeneral Motorzning AQShda apreldagi sotuv miqdori o'tgan yil o'sha paytdagi ko'rsatkichidan deyarli 8 foizga tushib ketdi. Fordniki 5 foizga tushdi. Yaponiyaning Toyota kompaniyasining sotuv miqdori esa rekord ko'rsatkichga yetdi - o'tgan yil aprel oyidagisidan 21% o'sish.

Shu yilning birinchi choragida Jeneral Motorz so'nggi o'n yillikdagi eng katta zararga duch keldi - kompaniya 1.1 milliard dollar yo'qotdi. "Mashina va haydochi" jurnali muxbiri Saba Sere bunga "Jeneral Motorzning hammaga yoqib tushadigan yengil va yuk mashinalarini chiqara olmasligi uning eng katta muammosidir" deb ishora qiladi.

Ushbu kompaniya 2005 yilda 17 ta yangi modelni sotuvga qo'ydi, biroq ularni sotib olishga ko'p sonli xaridor shoshilmagach, kompaniya mashinalarning narxini tushirishga majbur bo'ldi. Sanoat tahlilchisi Filip Guziyckning aytishicha, kompaniya odamlar diqqatini mahsulotlariga jalb qila olmayapti. "Ular sotuvdan hech qanday foyda ko'rganlaricha yo'q. Faqatgina jip rusumidagi mashinalarigina xaridorlarga yoqib tushganday bo'ldi," deydi u.

Yonilg'i narxlarining ko'tarilishi ko'p benzin talab qiladigan jiplarning ham barakasini o'chirdi - o'tgan oyda ularning sotuv sur'ati 17% ga tushdi.

Aksiga olib, Jeneral Motorzning 1999 va 2002 yillarda chiqarilgan million donadan oshiq jip va yuk mashinalari qulflanishga qarshi ishlatiladigan tormozga tegishli korroziya muammolari yuzasidan hukumat tekshiruvidan o'tmoqda.

Bir necha kun burun esa Jeneral Motorz o'z hohishi bilan o'rindiq kamarlari bilan bog'liq muammolari sababli 2 millionga yaqin avtomobilni sotuvdan chiqardi.

Boston shahrida Jeneral Motorz mashinalarini sotayotgan dilerladan biri Nil Kammarano o'tgan yilga nisbatan bu yili ancha foyda ko'rganini va AQSh avtomobilsozlari hali ham kuchli ekanini ta'kidlab o'tdi.

"AQSh bozoridagi avtomobil savdosining 45% Ford bilan Jeneral Motorzga to'g'ri keladi," deydi u.

Biroq holat hozirgi suratda davom etaversa, bir necha yildan so'ng eng yirik avtomobilsoz nomini Toyota Jeneral Motorzdan olib qo'yadi. So'nggi 20 yil ichida Jeneral Motorzning AQSh bozoridagi ulushi 40% dan 25% ga tushdi va tushishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG