AQSh Davlat departamentining Markaziy Osiyo ishlari bilan shug'ullanuvchi bo'limining direktor muovini Kent Logsdon chorshanba va payshanba kunlari departament tomonidan Internetda o'tkazilgan O'zbek-Amerika aloqalariga bag'ishlangan suhbatda ishtirok etdi. Janob Logsdon ikki kunlik suhbat davomida mazkur mavzuga tegishli qator savollarga javob berdi. Savollarning aksariyati Andijon voqealari va o'sha voqealar natijasida shakli o'zgarayotgan O'zbek-Amerika aloqalariga bevosita tegishli bo'ldi.
Andijonda bo'lib o'tgan voqealarga AQShning munosabatini bildirar ekan, janob Logsdon AQSh O'zbek hukumat qo'shinlari Andijondagi tinch namoyischilariga qarshi o'q otganligini tan olishini aytdi. "Yuzlab erkak, ayol va bolalarning hukumat qo'shinlari tomonidan otib o'ldirilganligi haqida ko'plab ishonchli guvohlarning dalillari bor," dedi Kent Logsdon. "Hukumat o'z fuqarolari va xalqaro hamjamiyat oldida bo'lib o'tgan voqealar yuzasidan jiddiy, ishonchli va mustaqil tergov o'tkazishga majbur."
Janob Logsdon O'zbekiston parlamenti o'tkazayotgan tergov jarayoni va uning natijalari chet-el mutaxassislarining ishtirokisiz, joylarda bo'lmasdan va guvohlar bilan suhbatlashmasdan haqiqatdan mustaqil bo'lishi mumkinligini gumon ostiga oldi. U O'zbekiston hukumatini EHHT va BMT kabi xalqaro tashkilotlar va mutaxassislar ishtirokida mustaqil tergov o'tkazishga chaqirdi.
"Amerika O'zbekistonga nisbatan qanday choralar ko'rishi mumkin" degan savolga, janob Logsdon bu borada Amerika kompaniyalari O'zbekistonga sarmoya qilishdan to'xtamasligini, ma'lum qildi. "Biroq," dedi u, "AQSh markaziy hukumatga bo'lgan moliyaviy yordamini o'tgan yildayoq kesgan edi." O'zbekistondan Amerika fuqarolarining chiqib ketishi va AQSh elchixonasining qisqartirilishiga esa AQShning O'zbekistondagi fuqarolari va ob'yektlariga qarshi terror xuruji uyushtirlishi mumkinligi haqidagi axborotning olinganligi sabab bo'ldi dedi. Hozirda AQShning ayrim siyosatchilari Bush ma'muriyatini O'zbekiston bilan Xonoboddagi harbiy baza ijarasini uzaytirishga shoshmaslikka, da'vat etmoqdalar.