AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Misrga safar qiladi. Bush ma’muriyatining Yaqin Sharqda siyosiy islohotlarni joriy qilish haqidagi chaqiriqlari, Kondoliza Raysning 20 iyunda Misr poytaxti Qoxirada qiladigan ma’ruzasida, asosiy mavzu bo’lishi kutilmoqda.
Yaqinda Rays, Misr hukumati muxolifat rahbariga tazyiq o’tkazganidan norozilik belgisi sifatida, Misrga rejalangan safarini bekor qilgan edi. Ammo Misr prezidenti, o’shandan buyon, prezidentlik saylovlari ko’p-partiyaviylik asosida o’tkazilishiga yo’l ochib bergan.
Kuzatuvchilar Misr prezidentining islohotlaridan ayb topib, uni tanqid ostiga olgan bo’lsalarda, Kondoliza Rays, safarga otlanar ekan, Misrdagi o’zgarishlarga ijobiy baho berdi.
AQSh davlat kotibi, shuningdek, 22 iyunda Bryusselda o’tadigan Iroq masalalari bo’yicha xalqaro konferentsiyada ishtirok etadi. Aytib o’tish joiz-ki, yaqinda o’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, AQSh harbiylarining Iroqdagi roli Amerika fuqarolarining noroziligiga uchramoqda.
AQSh Davlar kotibining aytishicha, Iroqda demokratiyani joriy etish va xavfsizlik kuchlarini tayyorlash ishlarida yuqori natijalarga erishilgan.
- Saddam Hussein ag’darilgandan keyin, Yaqin Sharqda katta o’zgarishlar ro’y berdi, dedi Rays. Endilikda biz Iroq xalqiga barivoj va demokratik davlat qurishga ko’maklashayapmiz.
Kondoliza Rays Yaqin Sharq mintaqasiga tegishli boshqa mavzularga ham to’xtalib o’tdi. Uning aytishicha, AQSh, radikal Hamas guruhiga nisbatan o’z munosabatini o’zgartirgani yo’q. AQSh Davlat departamenti Hamas guruhini terrorchi guruhlar ro’yxatiga kiritgan.