Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo’yicha bosh komissari Luiz Arbur va qochqinlar bo’yicha bosh komissari Antonio Guterrez Qirg’izistonni mamlakatdan boshpana izlayotgan barcha o’zbekistonliklarning huquqlarini xurmat qilishga chaqirmoqda.
Bosh komissar Luiz Arburning aytishicha, qochqinlar O’zbekistonga qaytarilgan taqdirda, ular qamoqqa olinishi, huquqlari poymol etilishi, qolaversa qiynoqqa solinishi va adolatsiz ravishda jazoga tortilishi mumkin.
Masalaga biroz oydinlik kiritish maqsadida biz idorasi Genevada joylashgan BMT inson huquqlari bo’yicha bosh kommissari matbuot kotibi Xose Luiz Diaz bilan telefon orqali bog’landik.
- Janob Diaz, boshqarmangiz Qirg’iziston hukumati bilan o’zbekistonlik qochqinlar ahvoli yuzasidan bevosita muloqotdami?
Diaz: Ha, tashkilotimiz Qirg’iziston hukumati bilan muloqot olib boryapti. U yerga o’zbekistonlik qochqinlar bilan suhbatlashib, ma’lumot to’plagan guruhimiz Jenevaga qaytib kelib, hisobot yozishga kirishdi. Tekshiruv jarayonida Qirg’iziston biz bilan hamkorlik qildi.
- BMT Qirg’ziston hukumati boshpana izlayotgan 29 nafar o’zbekistonlikni vataniga qaytarmoqchi ekaniga ishora qilmoqda, deb tashvish bildirdi. Bu borada yana qanday ma’lumotga egasiz?
Diaz: Qirig’iziston hukumatining o’zbekistonlik qochqinlarni yurtiga qaytarmoqchi ekani haqida ma’lumotlar oldik, ammo bu borada hali hech qanday tafsilotga ega emasmiz.
- Qochqinlar vataniga qaytarilgan taqdirda, bu holning Qirg’iziston uchun oqibati nima bo’ladi? Yoki BMT bunga yo’l qoymasligi mumkinmi?
Diaz: Qochqinlar vataniga qaytarilsa, demak Qirg’iziston u imzo chekkan xalqaro inson huquqlari qonunlarini, jumladan BMT Qochqinlar huquqlarini himoya qiluvchi konventsiyasi hamda Qiynoqlarga qarshi qabul qilingan va Qirg’iziston tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyani buzgan bo’ladi. Bu konventsiya kishilarni qiynoqqa solinishi ehtimoli mavjud mamlakatlarga jo’natishni ta’qiqlaydi. Qirg’izistondagi o’zbekistonlik qochqinlar taqdiri buning ayni misoli.
- Bilamizki, Qirg’iziston o’zbekistonlik to’rt qochqinni shu yilning 9 iyunida O’zbekistonga jo’natib yubordi. BMT inson huquqlari bo’yicha bosh komissariyati qo’lida ularning hozirgi ahvoli haqida biror ma’lumot bormi?
Diaz: Afsuski, yo’q. Biz O’zbekiston hukumatidan vakillarimizga ularning ahvolini o’rganish uchun imkoniyat berishni so’rayapmiz. Biroq O’zbekiston bu borada haligacha hech narsa degani yo’q.
- Sizning tadqiqotchilaringiz Qirg’izistonga borib, tekshiruvlar o’tkazishdi, qochqinlar bilan suhbat qilishdi. Hozirgacha yig’ilgan ma’lumotlar va tekshiruvingizning dastlabki natijalari - namoyish va qon to’kilganidan tashqari - Andijon voqealariga yana qanchalik oydinlik kirityapti?
Diaz: Mutaxassislarimiz o’zbekistonlik qochqinlarning bir nechasi bilan gaplashgan va shunga asoslanib, hisobot tayyorlashmoqda. Ammo, bu Andijon voqealarining to’liq tasviri emas. Andijonda mustaqil, xalqaro tekshiruv olib borishga imkoniyat berilmas ekan, biz bunday ma’lumotga ega bo’la olmaymiz.
BMTning qiynoqlar bo’yicha inson huquqlari komissiyasi maxsus vakili Manfred Novak va BMT bosh kotibining inson huquqlari himoyachilari bo’yicha maxsus vakili Nina Jilani va tashkilotning boshqa bir qator mutaxassislari O’zbekistonda Andijon voqealaridan keyin qo’lga olingan kishilarni aybsiz qamoqqa olingani va qiynoqqa solinayotgani haqidagi davolar yuzasidan xavotir bildirdi va yana bir bor, hukumatni xalqaro mustaqil tekshiruv boshlash uchun yo’l berishga undadi.