Breaking News

"AQSh-O'zbekistonni yaqinlashtirgan dastur endi yo'q"


1961 yilda AQSh hukumati tomonidan tashkil etilgan Tinchlik Korpusi rivojlanayotgan dunyoda ta’lim, yoshlar bilan ishlash, mahalliy taraqqiyot, atrof-muhit muhofazasi, informatsion texnologiya sohalarida yordam beradi. Ko’ngillilar mamlakatlardagi siyosatga aralashmaydi. O’zbekistondagi 12 yillik faoliyatidan so’ng, Tinchlik Korpusi, O’zbekiston hukumati uning ko’ngilli xizmatchilariga viza va boshqa zarur hujjatlarni rad etgani sabab mamlakatdagi faoliyatini tugatdi.

Erika Simon-Braun pedagogika boy’icha bakalavrlik darajasini olib, amaliy tajribamni tushiga ham kirmagan bir uzoq mamlakatda boshlayman, deb hech xayoliga keltirmagan edi. O’zi katta shaharda ulg’aymagani sabab, qishloq sharoiti unga hech ham begona emas edi. Yosh, g’ayratli va oqimishli amerikaliklarni yollovchi Tinchlik Korpusi Erikagada O’zbekistonga borib, o’rta maktabda ingliz tilini o’rgatishni taklif qildi. Mayli, degan edi, “Buxoroga, G’ijduvonga borasan,”- deyishdi.

“Boshlang’ich sinf o’quvchilariga ingliz tilidan dars berdim va G’ijduvondagi bir oilada yashadim,”- deydi Erika.

O’zbekiston maktablarida chet tili darslari, albatta, yangilik emas. Erikaning aytishicha, u ishlagan maktabda ham ingliz tili bo’yicha dars rejasi mavjud edi, ammo yangilikka intilgan maktab Tinchlik Korpusi ko’ngillisining fikr-mulohazalarini chetda qoldirmadi.

"O’qituvchilar bilan yangicha o’qitish usullari, dars rejasi, mashg’ulotlarni o’yinlar yordamida olib borishni yo’lga qo’ydik,"-deya hikoya qiladi Erika. "Men ketganimdan keyin ham, o’quvchilarga shu asnoda til o’rgatilsin, deb maqsad qildim."

Vatanini umrida ilk marta tark etgan yosh ayol uchun an’anaviy jamiyatga borib, do’st orttirish va o’sha jamiyatning negizi hisoblanmish maskanda ishlash oson kechmaydi. Erika boshida tildan, begona muhit talablaridan biroz qiynalganini aytadi. Ammo, yangi ishxona ham, mahalliy omma ham uni juda iliq kutib oldi:

“G’ijduvon menga bag’rini ochdi. Shu jumladan, menga mezbonlik qilgan oila va men ishlagan maktab. Ular Tinchlik Korpusi vakillari bilan yaxshi tanish ekanlar. Avval ham ko’ngillilar ishlagan ekan u yerda. Amerikalik xizmatchi kelganidan, endi bolalariga amerikalik ingliz tili o’rgatayotganidan quvondilar.”

Erika o’zbek tilini o’rgandi. Rus maktabda o’qitgani bois, rus tilidan ham darslar ola boshladi. Qolaversa, Buxoro tojik tilida keng gaplashadigan viloyat emasmi, tojikchani ham o’rganishga urindi. Mahalliy oila bilan yashayotgani juda qo’l keldi.

"G’ijduvondagi oilamni yoshi ulug’ buvi boshqarar edi. O’g’li, kelini va ularning uch farzandi. Katta qizlari Toshkentda o’qiydi. Ikki o’g’ildan biri, 16 yoshlisi, ingliz tilida yaxshi gapiradi. Hamma menga katta yordam berdi. Nimaiki bo’lsin, og’irimni yengil qilishga shay edilar. Qarindoshlar va qo’shnilar ham juda mehribon odamlar edi. Ularni sog’inyapman endi,"-deydi sobiq ko'ngilli.

Erika o’zi kabi boshqa ko’ngilli xizmatchilarning viza olish va boshqa kerakli hujjatlar muddatini cho’zdirish borasida katta muammolar bilan yuzlashayotganini bilar edi. Shu yilning yozida o’zi ham ikki haftalik ta’til olib, vataniga kelib ketmoqchi edi.

"Uyga borib kelish maqsadida Buxorodan poyezdda Toshkentga keldim. Albatta, ta’til uchun kerakli narsalarimni olgandim, xolos. Gijduvonga boshqa qaytib bormasligim xayolga ham kelmagan edi,"-deydi Erika. "Tinchlik Korpusining Toshkentdagi idorasida edim, birdaniga dastur yopiladi, hamma AQShga qaytadi, deb aytishdi. Dahshatga tushdim. Buxorodagi do’stlarim, o’quvchilarim, ishim va uyim... hech kim bilan xayrlasha olmadim. Ishimni tugata olmadim. O’zbekistonda shunday sharoitda, kutilmaganda, chiqib ketish juda qiyin bo’ldi."

Yozda boshqa ko’ngillilar bilan hamkorlikda bolalar lageri tashkil qilayotgan edik, deydi Erika. "Bolalar lagerini tashkil etolmaganimizdan qattiq afsusdaman. Lager ustida mahalliy jamoatchilik bilan ishlayotgan edik. Ammo, moliyani biz berayotganimiz sabab, ko’ngillilar mamlakatdan chiqib ketgach, loyiha ro’yobga chiqmadi."

O’zbekistonda bir yarim yil ishlagan Erika Tinchlik Korpusining O’zbekistonga yana ish boshlashiga ishonmaydi. Ammo, deydi u, dastur O’zbekiston va AQShni bir-biriga yaqinlashtiruvchi kuchli ijtimoiy vosita edi.

"Biz O’zbekiston xalqi uchun qaysidir jihatdan Amerika elchilari edik. Ular biz orqali o’zga xalq, o’zga madaniyat bilan tanishib, o’zga tilni o’rganishga harakat qilar edilar. Bu ularga amerikaliklar bilan yonma-yon ishlash, ular bilan muloqot qilish imkoniyatini berardi. Biz uchun ham shunday. Biz ko’ngillilar o’zimiz bilan Amerikaga O’zbekiston madaniyatini, qadriyatlarini olib kelardik. O’zbekistondan olib kelgan narsalarimni bu yerda ko’z-ko’z qilaman. Rasmlarim u yerda qanday odamlar orasida kun kechirganimni aks ettiradi. O’zbekistondagi kunlarim haqida faxr bilan gapirib beraman. Tinchlik Korpusi kabi dasturlar, shubhasiz, har ikki davlat uchun birdek foydali loyiha edi,"- deydi yaqinda O’zbekistondan qaytgan Erika Simon-Braun.

XS
SM
MD
LG