Breaking News

O'zbekiston Bosh prokuraturasi: to'rt qochqin O'zbekistonga o'z ihtiyoriga ko'ra qaytgan


20 avgust kuni tarqatgan bayonotiga ko'ra, O`zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon otishmalarida ishtirok etganlikda ayblanayotgan va 26 iyun kuni Qirg'izistondan O`zbekistonga chiqarilgan to'rt nafar O'zbekiston fuqarosi haqida xorijiy ommaviy axborot vositalarida chiqqan ma'lumotlar inkor etildi.

Bu haqda O'zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining boshlig'i Svetlana Ortiqova shularni gapirdi:

"Go`yoki Qirg'iziston hukumati tomonidan O'zbekistonga to'rt qochqin qaytarilgan va ularning biri qiynoqlar ostida vafot etgan, degan xabar tarqatilgan. Lekin shu ma'lumotlarning noto`g`ri ekanligini inobatga olib, men quyidagilarni ma`lum qilmoqchiman. Bosh prokuratura o`z vaqtida shu jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni O'zbekistonga ekstraditsiya qilish uchun hujjatlar tayyorlagan. Lekin shu narsaga e'tiboringlarni qaratmoqchimanki, to`rttala shaxs ham o`z hohishi bilan, yana qaytaryapman, o'z hohishi bilan O'zbekistonga qaytgan. Bular - Hojiev Dilshodbek, Hojiev Tavakkalbek, Shokirov Xasan va Qodirov Muhammadjon. Ularning hammasi 12-13 may kunlari Andijonda terrorchilik harakatlarini sodir etganlikda va bundan tashqari odamlarni garovga olganlikda va tinch aholini o'qqa tutganlikda ayblanmoqdalar. Hozirgi kunda ular hibsxonada saqlanishmoqda va ularning sog`liqlariga hech qanday zarar yetkazilmagan."

Svetlana Ortiqova to`rt nafar fuqaroga nisbatan qiynoq o`ishlatilganligi va ularning biri qiynoqlar oqibatida vafot etganligi haqidagi ma'lumot qaysi ommaviy axborot vositasida, qachon chop etilganligi haqidagi savolga aniqlik kiritmadi va prokuraturada shunday ma'lumot borligini v ana o'sha ma'lumotga muvofiq bayonot bildirayotganligini aytish bilan cheklandi.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhining raisi Surat Ikromov Bosh prokuratura qiynoq qo`llanishini inkor etishdan avval, mazkur ma'lumot kim tomonidan taqdim etilganini ko`rsatishi lozim edi, degan fikrda.

Surat Ikromov: "Axborot vositalari degani bu umumiy narsa. Ma'lumotning qaysi xalqaro tashkilot tomonidan, qaysi xalqaro axborot vositasi tomonidan tarqatilgani noma'lum. Bir necha marotaba murojaat qilishimizga qaramasdan ularning familiyalarini bilishning ilojisi bo`lmadi. Bizga bir nechta xalqaro tashkilotlar ham ularning ism-shariflarini aniqlab berish to`g'risida murojaat qilishdi, lekin buning iloji bo`lmadi. O'zbekiston Bosh prokuraturasi o`sha paytda axborot berishi kerak edi, "ekstraditsiya qilindi, falon joyda turibdi", deb. Endi hech qanday axborot bermagan prokuraturaning oradan ikki oy o'tib bunday ma'lumot berishi aqlga sig'maydigan narsa."

Surat Ikromov, shuningdek, to`rt nafar andijonlikning o`z ihtiyori bilan kelganligini ham shubha ostiga oldi va qonunga ko`ra ekstraditsiya qilingach Qirg`iziston Bosh prokuraturasi ularni O'zbekiston Ichki ishlar vazirligiga topshirishini va bu erda ularning o'z ihtiyorlari bilan kelishlari yoki ayblarini bo`yinlariga olishlari haqida gap bo`lishi mumkin emasligini ta'kidlab o`tdi.

Shu yilning 12-13 may kunlari Andijonda sodir bo`lgan otishmalarda yuzlab fuqarolarning o`qqa tutilishi natijasida halok bo`lganligi hamda otishmalar bois mamalakatdan chiqib ketgan yuzlab kishilarga rasmiy qochqinlik maqomi berilgani haqida xabarlar tarqatilgan.

O`zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan Andijon otishmalarini mustaqil tergov qilish haqidagi talabini rad etib kelmoqda va O`zbekiston Bosh prokuraturasining tergov o`tkazishi bilan chegaralanishini bildirmoqda.

Bugungi kunda BMT tomonidan rasmiy qochqinlik maqomi berilgan, otishmalar guvohi bo`lgan o'zbekistonliklar, shuningdek, mamlakatdagi inson huquqlari himoyachilari Andijonda tinch aholi hukumat qo`shinlari tomonidan o`qqa tutilgani haqida ko`rsatma berishmoqda.

XS
SM
MD
LG