Breaking News

Tadqiqotlarga ko'ra, AQShdagi keksalarning ko'pchiligi xafaqon kasalidan davolanmas ekan


Amerika Tibbiyot Uyushmasi jurnalida chop etilgan yangi ilmiy maqolada, AQShdagi qon bosimi yuqori keksa kishilar holati o’rganilgan. Izlanishga Illinoys shtatidagi Shimoliy-G’arbiy universitetdan doktor Donald Loyd-Jouns boshchilik qildi.

- Tadqiqot shuni ko’rsatdi-ki, eng keksalar orasida, y’ani 80 yoshli va undan kattalarning 75 foizidan ko’pida xafaqon kasali, ya’ni gipertoniya bor ekan, deydi Loyd-Jouns.

Doktor Loyd-Jouns va uning hamkasblari besh mingdan ziyod keksalarning qon bosimini o’lchab va yuragini tekshirib, ularning sog’lig’ini olti yil mobaynida kuzatishdi. Doktor Loyd-Jouns ushbu izlanish haqida shunday deydi:

- Nazorat bo’yicha raqamlarga nazar tashlasak, gipertoniya kasalligi bilan og’rigan kishilarning qon bosimini tushirish borasida katta natijalarga erishganimiz yo’q.

Erkaklarning 40 foizdan kamrog’i va ayollarning 25 foizi xafaqonlik kasalidan samarali davolandilar. Doktor Loyd-Jounsning aytishicha, gipertoniya bilan xasta eng keksa kishilarning 25 foizi keyingi olti yil ichida jiddiy yurak kasalligiga uchrab, yurak xuruji yoki uning to’xtab qolishi natijasida kasalxonaga yotqizildilar.

Xullas, xafaqon kasalligi haqiqatdan ham xavfli.

- 80 yoshdagi va undan ham keksa bemorlar oldimga kelib, “doktor, men yoshimni yashab, oshimni oshab bo’ldim, o’ladigan bo’lsam roziman, ammo iltimos, yurak xurujiga yo’liqmayin, oldini oling,” deyishadi, deydi doktor.

Yurak xurujini oldini olishning eng yaxshi yo’li - qon bosimini nazorat qilishdir. Olimlar nazarida, doktorlar keksalarda xafaqon kasalini davolashga, keksalar esa bu kasallikdan davolanishga ko’proq e’tibor qaratishlari lozim.

XS
SM
MD
LG