Osama bin Ladenning al-Qoida terror guruhi to'rt yil ilgari AQShda terror xurujlari uyushtirgandan beri, Qo'shma Shtatlarning terrorga qarshi urushdan boshi chiqmay qoldi. Amerika Ovozi 11 sentyabr fojeasining xotira kunida "AQSh bugun to'rt yil ilgarigiga qaraganda xavfsizroqmi?"- degan savolga javob izladi.
Prezident Bush amerikaliklarni terrorga qarshi urush mamlakatni xavfsizroq qiladi, deya ishontirish ilinjida.
"Amerika Qo'shma Shtatlari o'z yurtini kelajakdagi xurujlardan himoya qilishga tayyor," - deydi prezident. "Mamlakatimiz bugun uch yil ilgarigi vaqtga qaraganda xavfsizroq bo'lsa ham, uni butunlayin xavfsiz deb bo'lmaydi,"- degan edi Bush, 2004 yilning 11 sentyabrida xalqqa qilgan raduio murojaatida.
Amerikaliklar mash'um voqealarning to'rt yilligini xotirlar ekanlar, "mamlakatimiz xavfsizmi?" - degan savolni so'rashda davom etmoqdalar. Vashingtondagi Brukings ilmiy-tadqiqot institutining xavfsizlik masalalari bo'yicha tahlilchisi Maykl O'Xanlon "ha" deb javob beradi.
"Mening fikrimcha," - deydi O'Xanlon, "11 sentyabr fojeasiga o'xshash hujumning qaytarilishidan xolimiz. Chunki al-Qoidaning bu kabi yirik hurujni uyushtirish uchun imkoniyatlari pasaygan. Al-Qoida a'zolari quvg'indalar. Boshqacha qilib ayganda, ularning faoliyati ko'p jihatdan cheklandi."
Biroq tahlilchilarning aksariyati jahon bo'ylab terror hujumlarining ko'payganiga e'tibor qaratadilar. Maykl O'Xanlon AQSh o'zini xavfsizroq his qilsada, jahonning qolgan qismi ko'proq xavfga duchor bo'lmoqda, deydi.
Maykl O'Xanlon: "Shunga qaramasdan, biz terrorga qarshi uzoq muddatli urushda ustun kelyapmiz, deyish qiyin. Chunki dunyoning turli chekkalarida soni ko'payayotgan jihodchilarga ko'z-quloq bo'lishimiz kerak. Buni biz Iroq, Maroqash, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, London va Madriddagi terror xurujlaridan ham bilsak bo'ladi."
Siyosiy tadqiqotchilarning aytishicha, 11 sentyabr voqealari AQShning terrorga qarshi urushida ko'plab mamlakatlarni AQSh atrofida birlashtirdi. Yevropada ko'p sonda chiqadigan Shpigel jurnalining bosh muharriri va 11 sentyabr haqida kitob yozgan yozuvchi Ralf Xoppen ana shu fikrda. "Biroq," -deydi u, "Iroqdagi urush 11 sentyabrdan tashqari boshqa sabablar bois boshlangan. Odamlar, ayniqsa, Yevropada bu sabablarni haligacha tushunmaydilar."
Aynan Iroqdagi urush AQShning boshqa mamlakatlar bilan aloqalarining taranglashishiga olib keldi. Iroqdagi urushning xalqaro terrorizmga qarshi kurashga ta'siri qanday bo'lganini turli mutaxassislar turlicha izohlaydilar. Masalan, Vashingtondagi Gudzon institutida bosh ilmiy xodim bo'lib ishlayotgan iste'fodagi armiya general-leytenanti Uilyam Odomning aytishicha, Iroqdagi urush AQShni bo'lg'usi hujumlar oldida zaiflashtirdi.
Uilyam Odom: "Bugunga kelib, AQSh Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk bor o'zini ko'proq xavf ostida ko'rmoqda. Prezident Bushning Iroqdagi urushni boshlashni talab qilishi, AQShning qator ittifoqchilari bilan aloqalarning sovuqlashishiga olib keldi. Ittifoqchilarni yo'qotish esa, AQShning Sovuq urushi davrida barpo etgan xalqaro tizimiga tahdiddir."
"Kuchli ittifoqchilarsiz,"- deydi general Odom, "AQSh terrorga qarshi urushda kerakli madadga ega bo'la olmaydi."
Biroq Brukings Institutining xodimi Maykl O'Xanlonning fikricha, Amerika ittifoqchilarini yo'qotgani yo'q.
Maykl O'Xanlon: "Mamlakatlar ularga qarshi umumiy tahdid mavjud bo'lganda hamkorlik qilishadi. Hoh u g'arb davlatlari bo'lsin, hoh u mo'tadil musulmon davlatlar bo'lsin, hoh boshqa mamlakatlar bo'lsin, ularning hammasi terrorga qarshi kurashdan manfaatdor."