Prezident Islom Karimov bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo bo'yicha muovini Daniel Frid shunday dedi:
- O’zbekistonga tashrif buyurishdan asosiy maqsadimiz O’zbekiston va AQSh munosabatlaridagi murakkab davrdan so'ng o'zaro aloqalarni muhokama qilish, kelajakda hamkorlikni davom ettirishga asos bo`luvchi maqsadlarni aniqlash edi.
Janob Fridga ko`ra, O'zbekiston prezidenti bilan o`tgan uchrashuvda AQSh va O'zbekiston o`rtasida 2003 yilda imzolangan bitimda hamkorlikning asoslari aks etgan masalalar, demokratiyalashtirish jarayoni, siyosiy islohotlar va inson huquqularini ta’minlash muhokama qilingan.
- Prezident bilan uchrashuvda men hamkorlik haqidagi bitimga bir necha bor murojaat qildim va bu deklaratsiya AQSh va O'zbekiston o`rtasidagi kelajakdagi hamkorlikka ham asos bo`ladi deb umid qilaman, - deydi janob Frid.
O’zbekiston prezidenti bilan muzokoralar belgilangan vaqtdan ko`ra ko'pga cho`zilganiga qaramasdan, bir qator masalalar bo’yicha kelishuvga kelinmagan. Aynan qanday masalalar bo`yicha kelishuvga kelinmagani haqidagi savolga javob berar ekan, janob Frid uchrashuv konfidetsial xarakterga egaligi sabab, muhokama qilingan masalalarga faqatgina qisman to`xtalib o’tishini bildirdi. Uchrashuvda ikki mamlakat muloqotni davom ettirish yo`llarini qidirish va terrorizm bo`yicha hamkorlikni davom ettirish lozimligi bo'yicha kelishuvga kelgan. AQShning Andijon voqealariga nisbatan munosabati, AQSh tomonidan nodavlat tashkilotlarni qo’llab quvvatlash tartibi, demokratiyani ta’minlash yuzasidan esa tomonlar to`liq kelishuvga erishmagan.
Janob Frid O’zbekistonda AQShga qarashli bir qator nodavlat tashkilotlarga bosim ko`rsatilayotganidan tashvish bildirib o`tdi. Unga ko`ra, AQShning markaziy siyosati bu demokratiya, va bundan AQSh bilan hamkorlik qilayotgan hech qanday davlat mustasno emas. AQSh nodavlat tashkilotlarini qo`llab quvvatlashda davom etadi, shu jumladan Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlarni ham, dedi Daniel Frid.
AQSh Davlat kotibi muovini O’zbekiston oily sudida Andijon voqealari yuzasidan ko`rsatma berayotgan ayblanuvchilardan birining AQSh elchixonasidan mablag' olganligi haqida bildirgan da’vosiga ham izoh berib o`tdi.
- Andijon voqealari bo`yicha kechayotgan sud jarayonida AQShga nisbatan bir qator ayblovlar bildirilgan. Bu ayblovlar assossiz. Bilishimcha, ayblanuvchining maqsadi xalifat qurish bo`lgan. AQShni turli sabablarga ko`ra oldin ham ayblashgan, lekin hech qachon bizning maqsadimiz O`zbekistonda yoki Markaziy Osiyoda xalifat bunyod etish bo`lmagan, - dedi janob Frid.
AQSh delegatsiyasining tashrifi 28 sentyabr kuni mamalakatdagi nodavlat tashkilot vakillari bilan o`tgan uchrashuvdan so`ng yakuniga yetdi, va AQSh delegatsiyasi O’zbekistondan Qirg`izistonga jo`nab ketdi.