Breaking News

Kongressmen Delaxant O'zbekiston bo'yicha rezolyutsiyaga izoh beradi


AQSh Kongressining ikki a'zosi massachusetslik demokrat Bill Delaxant va texaslik demokrat Lloyd Doggetlar Kongressning Vakillar Palatasiga O'zbekistonga tegishli rezolyutsiyani taqdim etgan edilar. Unga ko'ra, AQSh hukumatidan O'zbekistonga Xonobod aviabazasi uchun barcha to'lovlarni to'xtatish so'raladi. Rezolyutsiyada, shuningdek, AQSh prezidentidan Andijon voqealari va unga aloqador deb hisoblanayotgan prezident Karimovning masalasini BMT Xavfsizlik Kengashi orqali Xalqaro jinoiy sudga oshirilishini ta'minlashni so'rash kiradi.

475-sonli rezolyutsiya "oddiy rezolyutsiya" deb ataladi. Ya'ni oddiy rezolyutsiya, agar Vakillar palatasida chiqarilgan bo'lsa, faqatgina shu palataning o'zida qoladi. Senatga qo'shimcha ovoz uchun yoki prezidentga imzo uchun borishi shart emas. Oddiy rezolyutsiyaning qarori majburiy emas. U faqatgina biron-bir masala bo'yicha fikr bildiradi va tavsiya qiladi xolos.

Quyida rezolyutsiya muallifi kongressmen Bill Delaxant bilan bu borada suhbat keltiriladi.

Savol: Kongressmen Delaxant, nega siz va kongressmen Dogget mana shu rezolyutsiya bilan chiqdingiz?

Kongressmen Delaxant: Biz O'zbekistonda Karimov tuzumi tomonidan inson huquqlarining qattiq poy-mol etilayotganidan anchadan beri tashvishda edik. Bir necha oy ilgari ro'y bergan va namoyishga chiqqan ko'plab oddiy fuqarolarning qirg'ini uning
kulminatsiyasi bo'ldi. Ana shu hol bizni mazkur rezolyutsiya tashabbusi bilan chiqishimizga majbur qildi.

Savol: Sizning tashabbusingizni Kongressda qo'llab-quvvatlashadimi? Boshqa kongressmenlar bilan u haqida gaplashdingizmi?

Kongressmen Delaxant: 4-5 oy ilgari kongressmen Dogget Xalqaro faoliyatlar haqidagi qonunga qo'shimcha kiritgan edi. U ma'qullanganda, AQShning O'zbekiston uchun ko'magiga chek qo'yilardi. Men uning o'sha taklifini qo'llab-quvvatlagan edim, biroq hujjat Kongressning aksariyat a'zolari tomonidan qarshi ovoz olib, qonunga kiritilmadi. Biroq o'sha vaqtdan buyon ko'plab hamkasblarimiz bilan muloqotda bo'ldik. O'zbekistonga bag'ishlangan tinglovlar bo'lib o'tdi. Natijada kongressmenlarning ko'plari O'zbekistondagi zulmning hajmi qanchalik katta ekanligini tushunishdi. Shuning uchun aminmanki, biz taklif qilgan rezolyutsiyani ko'pchilik qo'llab-quvvatlaydi.

Savol: Esingizda bo'lsa, nyu jersilik kongressmen Kris Smit bir necha oy ilgari Markaziy Osiyoga tegishli rezolyutsiyani taklif etgan edi. Unga ko'ra, AQShning har bir Markaziy Osiyo davlatiga yordami u yerdagi inson huquqlari bilan bog'liq ahvolning yaxshilanishiga qarab belgilanadi. Siz o'z hujjatingizni u bilan muhokama qildingizmi?

Kongressmen Delaxant: Kongressmen Smit bilan muloqotga qilishga hozircha imkoniyatim bo'lmadi. Men uni juda hurmat qilaman. Bizning rezolyutsiyamiz keng qamrovlidir. Hozirda respublikachilar ham, demokratlar ham bu masalada tobora ko'proq yakdillika erishmoqdalar. Agar Bush ma'muriyati chet-elda inson huquqlarini himoya qilish siyosatida qattiqroq yondashganda edi. Prezident dunyoning zulmga to'la joylariga demokratiyani yoyish haqida ko'p gapiradi. O'zbekistonni ham ana shunday joy deb hisoblaymiz. Shuning uchun Oq uy ma'muriyati faolroq harakat qilishi kerak va
bizning rezolyutsiyamizni qo'llab-quvvatlashi kerak.

Savol: Ba'zi mutaxassislarning fikricha, siz Kongressga kiritgan hujjatda Xalqaro jinoiy sudi tilga olingani uchun va Oq uy ma'muriyatining mazkur sudga nisbatan munosabati do'stona bo'lmagani uchun, hujjat tasdiqdan o'tmaydi, deyishmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?

Kongressmen Delaxant: Bush ma'muriyatining Xalqaro jinoiy sudga qarshi bo'lgani bilan, shu narsani yoddan ko'tarmasligi kerakki, jahonning aksariyat davlatlari bu sudga hayrihohlik bildirishgan. O'ylaymanki, davlatlar sudga mustaqil va betaraf hamda boshqa bir davlatning ta'siriga tushmaydigan bir organ sifatida qaraydilar. Shuning uchun ham men Xalqaro jinoiy sudni Karimov tuzumi rahbariyatining hulqini mustaqil ravishda ko'rib chiqadigan juda to'g'ri tashkilot deb hisoblayman.

Savol: Biroq xabaringiz bo'lsa, O'zbekiston hukumati Xalqaro jinoiy sudni 2000 yilda tan olgani bilan, O'zbekiston parlamenti uni tan oladigan hujjatni haligacha ratifikatsiya qilgani yo'q. Bu holda qanday harakat qilmoqchisiz?

Kongressmen Delaxant: To'g'ri, biroq O'zbekiston Xalqaro jinoiy sudni tark etgani ham yo'q. Shuning uchun sudning hech bo'lmaganda masalani boshlang'ich muhokamasini qilish maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Men Yevropa Ittifoqi rahbariyatining qarorini qarshilayman va uni to'g'ri deb hisoblayman. Kerakli sanksiyalar kiritilgan. AQSh hukumati ham ana shu yo'nalishda harakat qilganida a'lo bo'lar edi, biroq umid qilamanki, Yevropa Ittifoqi rahbariyatining qarori Bush ma'muriyatiga o'z ta'sirini o'tkazmasdan qo'ymaydi.

Savol: Agar rezolyutsiyangiz Kongress tomonidan tasdiqlanmasa, uning O'zbekiston hukumatiga nisbatan qanday yaqin muddatli va uzoq muddatli oqibatlari bo'lishi mumkin?

Kongressmen Delaxant: Men ishimizga ijobiy ruhda munosabatda bo'lishni istardim. Agar AQSh hukumati o'z pozitsiyasini aniq qilib ko'rsatganda edi, inson huquqlarini muzokaradan xoli bir masala ekanligini lo'nda qilib ifoda etganda edi, AQShga qarshi yog'ilayotgan ikkiyuzlamachilikdagi tanqidlarga barham berilgan bo'lar edi. Inson huquqlari haqida gap ketganda, bir mamlakatning ishi ko'rilib, boshqasiniki qolib ketmaganda edi.

Misol qilib Kubani olaylik. Ko'p yillik savdo embargosi u yerda hanuz amalda, biroq Kubadan ham kattaroq gunoh qilgan O'zbekistonga qarshi esa sanksiyalar kiritilgani yo'q. Bu o'z-o'zidan bizga qarshi ikkiyuzlamachilik tanqid toshlarini yog'diradi. Biz ma'naviy pokligimizni yo'qotmoqdamiz. Bush ma'muriyati yaxshilik va yomonlik, ma'naviy poklikni tez-tez tilga olib turadi. Harakatlarimizning gaplarimizga mos tushmasligi esa bizga qarshi ikkiyuzlamachilikdagi ayblovlarni yuzaga keltiradi. Ikkiyuzlamachi siyosat esa, mening nazarimda, Amerikaga qarshi munosabatlarga sabab bo'ladi - nafaqat Yevropada, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyo bo'ylab. Shu narsa muhimki, agar biz o'zimizni ma'naviy tarafdan ustun qilib ko'rsatmoqchi bo'lsak, unda harakatlarimiz ham ana shundan dalolat berishi kerak.

Savol: Va so'nggi savolim, janob Delaxant. Mazkur rezolyutsiya O'zbekiston hukumati bilan kelajakdagi muzokara va muloqot uchun eshikni yopib qo'ymayaptimikan?

Kongressmen Delaxant: Shaxsan men muloqot tarafdoriman. Biroq Andijon voqealarining mustaqil tergovidan o'zga chorani ko'rmayapman. Amin bo'lganingizdek, Yevropa Ittifoqi rahbariyati ham ana shunday xulosaga kelgan. Shuning uchun agar Karimov hukumati davlatlar hamdo'stligi davrasida o'z hurmatini saqlab qolmoqchi bo'lganida edi, mustaqil xalqaro tergovga yo'l bergan bo'lar edi. Men Andijonda o'sha voqealarning guvohi bo'lgan ikki kishi bilan uchrashganman. U yerda nima bo'lganiga butun dunyo ishonch hosil qilishi uchun, faqatgina mustaqil xalqaro tergov o'tkazilishi zarur.

XS
SM
MD
LG