AQSh Senati Ozbekistonga Xonobod aviabazasidan foydalangani uchun to'lanishi kerak 23 million dollar pulning berilishini kechiktirish uchun ovoz berdi.
"Baza haqqini berishimiz juda muhim. Ammo Amerikaning o'z so'zida turishi va xalqaro hamjamiyat oldida bir diktator xazinasini boyitish uchun hissa qo'shmoqchi emasligini ko'rsatishi undan-da muhimroqdir,"-dedi to'lovni kechiktirish taklifi bilan chiqqan respublikachi senator Jon Makkeyn (John McCain).
O’zbekiston hukumati AQShdan Xonoboddagi qo’shinlarini shu yilning oxirigacha olib chiqib ketishni so’ragan. Hozirda Vashingtonda bu talab borasida qizg’in bahslar ketar ekan, yaqinda respublikachi kongressmen Kurt Uelden (Curt Weldon) "AQSh O’zbekiston bilan harbiy hamkorlikni eplay olmadi; Karimovga qilingan va’dalarni to’liq bajarmadik va ikki o’rtada imzolangan strategik hamkorlik shartnomasi chetda qolib ketdi,"- degan tanqidiy fikrlar bildirgan edi.
Biroq senator Makkeyn bu fikrga qo'shilmaydi. "O’zbekiston ham strategik hamkorlik doirasida bo’yniga olgan qator majburiyatlarni bajara olmadi,"- deydi u. "O’zbekiston inson huquqlarini e’zozlash, o’z odamlarini o’ldirmaslik va boshqa qator majburiyatlarni bo’yniga olgan edi,"- deydi Andijon voqealaridan sal keyin Toshkentda bo’lib, Karimov rahbariyati vakillari bilan uchrasha olmagan senator.
Vashingtonda O’zbekiston endilikda hamdard va hamkor izlab, Xitoy va Rossiyaga yuz tutganini yaxshi bilishadi. AQShning Markaziy Osiyoda qolmasligi uchun qilinayotgan harakatlarda Xitoy ham o’z hissasini qo’shyapti, deb o’ylaysizmi, deb so’ralganda, senator Makkeyn shunday javob qiladi:
"Bu borada to’liq ma’lumotga ega emasman. Ammo bilamizki, O’zbekiston Rossiya, va Xitoy bilan aloqalarni yangilagan va ularga yaqin hamkor sifatida qaramoqda. Janob Karimov Andijon voqealaridan so’ng Xitoy bilan yanada yaqinlashdi. Bu bilan Xitoy o’z xalqiga qarshi o’t ochgan hukumatni olqishlamoqda," - deydi senator MakKeyn.
Respublikachi qonun chiqaruvchilardan yana biri, senator Lindsi Grexem (Lindsay Graham) esa, "O’zbekiston ommaviy qirg’inga qo’l urdi va shu bois ham AQSh bu hukumatni qo’llab-quvvatlamasligi lozim,"- deydi. Senator Grexemning fikricha, O'zbekiston hukumati inson huquqlarini hurmat qilmay, strategik hamkorlik shartlarini buzgan.
Amerika Ovozi bilan suhbatlashgan yana bir senator, respublikachi Jim Demint (Jim DeMint) esa, Xitoy O’zbekiston bilan ishlab, AQShga qarshi chiqyapti, deyishga shoshmaydi.
Senator Demint nazarida, AQSh-Xitoy aloqalari juda serqirra bo'lib, Xitoy O’zbekiston bilan qanchalik yaqinlashmasin, unga qurol-yarog’ taklif qilmasin, "AQSh bilan ijobiy aloqada bo’lish har narsadan muhimroqdir. Unga ko’p narsa tikilgan."
Ma’lumki, xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator davlatlar va yirik tashkilotlar Karimov hukumatini Andijon voqealari ustidan mustaqil xalqaro tergov boshlash uchun ruxsat berishga chaqirib kelyapti. Hozirgacha O’zbekiston hukumati bu talablarga yo’q javobini bergan.