Breaking News

Rossiyalik siyosatshunos Markaziy Osiyo-Rossiya aloqalarini sharhlaydi


6-7 oktyabr kunlari Sankt Peterburg shahrida o`tgan Markaziy Osiyo Hamkorligi Tashkilotiga a`zo davlatlar sammitida tashkilotni tugatish va uni Rossiya boshliq Evroosiyo Iqtisodiy Hamkorligi tashkiloti tarkibiga kiritish haqida qaror qilingan edi. Moskvalik tarix fanlari doktori, siyosatshunos Artyom Ulunyaning fikricha, Markaziy Osiyo tuzumlari rahbarlari bunday qaror bilan Kreml madadiga o'ta muhtoj ekanliklarini namoyish qildilar.

Moskva uchun, deydi Aryom Ulunyan, bu juda qulay, chunki bu bilan u sobiq Ittifoqidagi nazoratni yana o'z qo'liga olayotgandaydir. Markaziy Osiyo rahbarlari esa o'z qarorlari bilan Rossiyaning ehtiyojini qondirganday bo'lib, undan mamlakat ichi va tashqarisidagi siyosatlari uchun siyosiy madad kutmoqdalar. Bundan tashqari, deydi rossiyalik siyosatshunos, mintaqadagi saylovlar va turli siyosiy guruhlarning faolligini hisobga olganda, rejim rahbarlari Moskvaning markaziy hukumatlarga muxolif kuchlarni qo'llab-quvvatlamasligiga amin bo'lmoqchilar.

Artyom Ulunyan nazarida, Moskvaga navbatdagi yuz tutish bilan Markaziy Osiyo davlatlari o'zlarini G'arbdan va AQShdan uzoqlashtirmayaptilar, chunki Markaziy Osiyodagi hech bir tuzum AQShni to'la-to'kis hech qachon qo'llab-quvvatlamagan. Ular uchun bu taktik chora bo'lgan va ular Moskva bilan Vashington o'rtasidagi kelishmovchiliklardan ustalik bilan o'z manfaatlari yo'lida foydalanishyapti. Masalan, Rossiyaning mintaqadagi ta'sirini cheklaganday bo'lib, ular AQShdan ba'zi bir imtiyozlar olishga erishishgan.

Hozir esa, deydi Ulunyan, AQSh O'zbekistondagi vaziyatning asosiy tanqidchisi bo'lganligi sabab, Markaziy Osiyo rejimlari o'zlarini Rossiya quchog'iga tashlamoqdalar.

Agar mazkur mamlakatlarda avtoritarizm holati bundan keyin ham kuchaysa hamda iqtidosiy va siyosiy ahvol yomonlashsa, rahbarlar ko'proq o'z nigohlarini AQSh emas, Rossiya tomon uzoq muddatga qaratadilar. Bundan esa Rossiyaning mintaqadagi ta'sirini cheklash hisobiga faqatgina betaraf Turkmaniston foyda ko'rishi mumkin xolos, deb o'z tahlilini yakunlaydi rossiyalik siyosatshunos, tarix fanlari doktori Artyom Ulunyan.

XS
SM
MD
LG