Breaking News

"Ruhan nosog'lom" Yelena Urlayeva majburiy muolaja xavfi ostida


Inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayevani majburiy ravishda ruhiy kasallikdan davolash haqidagi sud qarori O’zbekiston huquq tartibot organlari tomonidan ko`rsatilgan navbatdagi tayziq ekanligi aytilmoqda. Bunday chora odatda sobiq ittifoq tizimida ham qo`llanganligiga urg’u berilmoqda.

Yelena Urlayeva bundan ikki oy muqaddam ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan va unga nisbatan davlat ramziga hurmatsizlik qilganligi uchun jinoiy ish ochilib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi. O’zbekiston jinoyat kodeksining 215 moddasiga ko’ra, davlat ramziga hurmatsizlik eng kam ish haqining 25 barobarida jarima yoki uch oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shunday buyon Yelena Urlaeva ruhan kasalliklar shifoxonasidan chiqarilgani yo`q. Dastlabki, tibbiy ko`rik komissiyasi inson huquqlari himoyachisini mutlaqo sog`lomligi haqida xulosa bergan bo`lsa, yaqinda Yelena Urlayeva Toshkentdagi 1- ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ko`chirilgan va Sirg`ali tuman sudining qarori bilan qayta o`tkazilgan tibbiy ko`rik xulosasiga ko`ra, ruhan nosog`lom deb topilib, uni majburiy davolash haqida qaror qabul qilingan.

Yelena Urlayevani majburiy ravishda davolanishi yuzasidan “Xyuman Rayts Uotch” xalqaro inson huquqlarini himoyalash tashkiloti o`z bayonatini tarqatdi. Xalqaro tashkilotning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Elison Gil, “Biz Yelena Urlayevaning zudlik bilan ozod qilinishini va uning sog`ligini aniqlash yuzasidan mustaqil ekspertiza o`tkazilishini talab qilamiz. Chunki 10 kun avvalgi tibbiy ko`rik xulosasini uni sog`lom topgan bo`lsa, hozirgi komissiya uni ruhan nosog`lom deb baholamoqda. Bundan tashqari biz bu ishni siyosiy ish deb hisoblaymiz. Chunki hibsga olinganligi haqidagi protokolda, unda siyosiy xarakterdagi varaqalar bo`lganligi ko`rsatilgan”.

Inson huquqlari himoyachisi Rahmatilla Aliboyevga ko`ra, siyosiy varaqa yopishtirish odamni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizish uchun asos bo`la olmaydi.

Yelena Urlayeva inson huquqlari himoyachisi bo`lishi bilan birga muxolifatdagi “Ozod Dehqonlar” partiyasining markaziy kengashi a`zosi hamdir.

“Ozod Dehqonlar” partiyasining taftish hay’ati raisi Bahodir Namozov “Yelena Urlayeva karikatura yopishtirgan taqdirda ham buning biror jinoiy tomoni yo`q. Butun dunyoda davlat rahbarlariga nisbatan siyosiy karikaturalar ishlatilishini tabiiy qabul qilinadi. Hamma gap Urlayevaning davlatni tanqid qilishdagi faolligida”, - deb hisoblaydi.

Yelena Urlayevaning safdoshlaridan biri Abdujalil Boymatov esa hozirda inson huquqlari himoyachilariga ko`rsatilayotgan tayziqlarni sobiq sovet ittifoqida ishlatilgan tayziqlarga qiyoslaydi.

“Yelena Urlayevaning siyosiy va huquqiy ongi juda yaxshi rivojlangan” – deydi Abdujallil Boymatov.

Yelena Urlayevaning onasi Vera Afanasevnaga ko`ra, ayni paytda Urlayevaga nisbatan majburiy muolaja boshlanmagan.

Xalqaro inson huquqlartini himoyalash “Xyuman Rayts Uotch” tashkilotining Ozbekistondagi vakili Elison Gilga nazarida esa, “keyingi vaqtda bir qator inson huquqlari himoyachilari va jurnalistlarning hibsga olinishi O`zbekistonda haqiqatni aytishga intilayotgan odamlarga nisbatan repressiya boshlanganini ko`rsatmoqda” .

XS
SM
MD
LG