Breaking News

O'zbekistonning UEFA ga a'zo bo'lishi borasida


Reyter agentligining 21 oktyabr kuni ma'lum qilishicha, O’zbekiston futbol federatsiyasi Yevropa futbol federatsiyalarini birlashtiruvchi tashkilot - UEFA ga o’tmoqchi. Bunga asosiy sabab Jahon chempionatiga chiqish uchun Bahraynga qarshi o’tkazilgan pley-off o’yinidagi Osiyo futbol federatsiyasi hamda FIFA ning loqaydligi hamda Osiyo futbolidagi saviyaning pastligidir. Reyter bu axborotni federatsiya vakili Alisher Nikimboyev bilan intervyusida olinganligini aytgan.

Nikimboyevning Reyterga aytishicha, UEFA ga o’tishdan o’zbek futboli yutadi, sifat darajasi hamda moddiy sharoiti yaxshilanadi. O’zbekistonning UEFA ga a’zo bo’lish imkoniyati past bo’lsada, Nikimboyev Yevropada joylashmagan qo’shni Qozog’istonning 2002 yilda UEFA ga hamda geografik jihatdan Osiyoga aloqasi yo’q Avstraliyaning shu yili Osiyo futbol konfederatsiyasiga (AFK) o’tishini misol tariqasida keltirdi.

Nikimboyevning aytishicha, Sovet Ittifoqi parchalangach, UEFA O’zbekistonga a’zolikni taklif etgan, biroq O’zbekiston rahbariyati AFK ga qo’shilishni afzal ko’rgan.

Biroq 22 oktyabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi O'zbekistonning bu rejasini inkor qildi. AFK yana aynan Alisher Nikimboyevni axborot manbasi sifatida ko'rsatib, uning Reyter bilan bo'lgan intervyusi noto'g'ri talqin qilinganligini aytdi.

"Reyter bergan ma'lumot haqiqatdan yiroq. Balki agentlik muxbiri UEFA ga a'zo bo'lmoqchidir," deyiladi AFK ning rasmiy saytida Nikimboyev nomidan. "O'zbekiston oldida turgan asosiy vazifa - Jahon chempionatiga chiqish va bu vazifani Osiyodan turib uddalash osonroqdir", deb qo'shib qo'ydi Nikimboyev.

XS
SM
MD
LG