Breaking News

Vaktsina - ehtimoliy pandemiyaga qarshi asosiy quroldir


Bugungi kunda dunyoda parranda grippi deyilganda, o’ta xavfli virus, agar odamdan odamga yuqadigan turi tarqalsa, pandemiyaga olib kelishi mumkin, degan dahshatli tasavvurga egamiz. Osiyo bo’ylab virus hozirgacha 60 dan ziyod kishini o’ldirdi.

Qahraton qish yaqinlashar ekan, parranda grippi vahimasi yanada ortmoqda. Virus tarqalishni boshlagan taqdirda unga qarshi ikki chora ko’rish mumkin, biri vaktsina, ikkinchisi esa grippga qarshi kuchli dorilar.

Aslida parranda grippi qushlarga eng katta tahdid solmoqda, ammo mutaxassislar nazarida, virus tarkibi o’zgarib, odamlar orasida ham tarqalishi mumkin. Demak, pandemiya boshlanishi ehtimoli bor. Virusning tarqala boshlash vaqtini aniqlash uchun, uni kuzatib borish o’ta muhim, chunki dori va vaktsinalarni o’z vaqtida ishga solish lozim.

AQShning Sog’liqni Saqlash vazirligida grippga qarshi tayyorgarlik guruhining boshqaruvchisi doktor Bryus Gellinga ko’ra, sog’liqni saqlash xodimlari dorilarni ommaviy ravishda qachon qo’llashni aniq bilishlari kerak.

- Dori va vaktsina taqchilligini hisobga olganda, ulardan samarali foydalanish va taqsimlash tizimini yo’lga qo’yish – dolzarb masala,- deydi Bryus Gellin.

Doktor Entoni Fauchi - AQSh Allergiya va Yuqumli kasalliklar institutining direktori.

- Virusga qarshi dorilar-u vaktsinalar g’amlab qo’yilgandan so’ng, Indoneziyada bo’lganidek parranda grippining tovuqdan odamga o’tish hollari bir-ikki marta kuzatilsa, bu hali kasallik tarqaldi degani emas,- deydi u.

Shuning uchun g’amlab qo’yilgan vaktsina va dorilarni ishlatib qo’yish yaramaydi. Aksincha, virus kuchayib kasallik keng qanot yoza boshlasa, ana o’shanda qattiq chora ko’rish vaqti yetgan bo’ladi. Xuddi pandemiya o’chog’i nazorat ostiga olingani kabi, odamlarni davolash, ularni vaktsinalash ishlari boshlanadi. Bu holat – virusning tarqala boshlaganidan xabar beradi.

Ehtimoliy epidemiyaga qarshi ishlatiladigan ikki qurol – anti-virus dorilari va vaktsina – turli maqsadlarda ishlatiladi. Masalan, anti-virus dorisi - virus yuqqan kishini davolash uchun kerak.

Doktor Fauchiga ko’ra, grippdan davolanish uchun anti-virusning ikki turi mavjud.

- Birinchisi - Tamifluga o’xshagan dorilar kategoriyasidan. Pandemiya boshlansa, undan keng foydalaniladi, va ayni paytda g’amlanmoqda. Anti-virusning ikkinchisi turi bu – virusning kuchini pasaytiruvchi M2 oqsilli dorilardir. Biz ularni amantadin vositalar deb ham ataymiz. Hozirda amantadin vositalari H5N1 deb atalgan gripp virusiga qarshi yaxshi kurasha olmayapti. Ammo Tamiflu hali ham kuchli ta’sirga ega. Bunga sabab – ba’zi Osiyo davlatlarida tovuqlarga parranda grippi yuqmasligi uchun, doniga amantadin qo’shib berilgan. Bu katta xato bo’lgan, chunki natijada virus bu doriga moslashgan.

Hozirda ko’p mamlakatlar anti-virus dorisi - Tamifluni g’amlamoqda, garchand yaqinda virusning H5N1 degan turi bu doriga ham moslashyapti , degan xabarlar chiqdi. Sog’liqni saqlash xodimlari bu faqatgina mish-mish degan umidda. Agar parranda grippi odamlar orasida ham tarqalsa, unga qarshi yana bir qurol bu vaktsinadir.

Vaktsina – virusning odamga o’tishini oldini olish uchun ishlatiladi. Agar ma’lum bir joyda gripp xavfi ostida turgan odamlar soni yetarlicha kamaytirilsa, virusning tarqalish ehtimoli ham shunchaga pasayadi. Shuning uchun ham, ko’p mamlakatlar grippga qarshi yangi vaktsinalar yaratishga kirishgan.

Doktor Gellinning aytishicha, AQShda sinovdan o’tayotgan vaktsina ta’sirlidir.

- Muammo shuki, virusning tarkibi o’zgarishda davom etsa, yaratgan vaktsinamiz uncha ta’sirli bo’lmay qoladi,-deydi u.

Sog’liqni saqlash xodimlari yaratilayotgan vaktsinalar virusga juda bo’lmaganda qisman ta’sir qiladi, degan umidda. Shunda uning tarqalish darajasi pasayib, balki minglab odamlarning hayoti saqlab qolinar.

XS
SM
MD
LG