Breaking News

"Uch e'tiqod va yagona xudo" filmi ekran yuzini ko'rdi


Shu kunlarda Amerikada nozik mavzudagi yangi hujjatli film ekran yuzini ko’rdi. “Uch e’tiqod, yagona xudo”filmi, uch din – iudaizm, nasroniylik va islomni tahlil qiladi. Bu uch dinning bir-biriga oxshash jihatlari va xususiyatlari borligi ko’pchilik amerikaliklarni hayratga solar ekan, kino tanqidchilar filmni ijobiy baholashmoqda.

“Uch e’tiqod, yagona xudo” hujjatli filmi asosan uch din: yahudiylik, nasroniylik va islomni tahliliy nuqtai nazardan bir-biriga taqqoslaydi. Muqaddas qo’lyozmalar, kitoblar, an’analar, fundamentalizm, ekstremizm va tolerantlik, bularning barchasi tarixiy ixtilof sifatida tadqiq etiladi.

"Eng muhimi, bu uch din orasidagi o’zaro bog’liqlik va hamjihatlikni ko’rsata olish. Filmning asosiy maqsadi ham shunda,"-deydi film ijodkorlaridan biri, Gerald Krell.

Krellning 40 yillik kasbdoshi va do’sti Meyer Odze esa,"Filmda insoniylik, mehr-muhabbatni aks ettirmoqchi bo’ldik. Qaysi jihatdan qaramang, insonni e’zozlamasdan iloji yo’q,"-deydi.

Ikki yil davomida Krell va Odze Amerika bo’ylab sayohat qilib, turli din vakillari va olimlar bilan jami 100 soatlik suhbat qilishdi. Jumladan, islomshunos olim Akbar Ahmad bilan.

"Menimcha, dinlar orasida ko’plab o’xshashliklar bor,"-deydi Akbar Ahmad. "Albatta, tarixiy va teologik tomondan bu gapim ko’plab baxslarga sabab bo’lishi mumkin. Sabab, xudoga ishonish, muqaddas yozuvlarni talqin qilishda har bir din o’ziga xos yo’lga ega. Ammo, umumbashariy jihatdan bu uch din bir-biriga juda yaqin va XXI asrga birdek quchoq ochadi, desak xato bo’lmaydi."

Bu uch dinning umumiy tomonlari shundaki, barchasida faqat yagona xudoga ishoniladi; 10 ga yaqin diniy ta’limotlar e’tiqod asosidir; toat-ibodat inson va xudo orasidagi muloqotdir, deb tan olinadi va hayr-ehson berish iymon-e’tiqodli insonlarga xos xususiyat sanaladi.

"Filmimizning maqsadlaridan biri, bu mavjud diniy stereotip va anglashilmovchiliklarga barham berishdir,"- deydi Krell.

Mazkur film uch yirik din qayg’uli kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda yaratildi. Ammo, ular orasida hamkorlik va hamjihatlikka intilish alomatlari ham ko’zga tashlanadi. Ulamolar ishonchsizlik emas, birdamlikni tashviq qilayotganliklarini ko’rasiz.

XS
SM
MD
LG