Breaking News

AQShga xayrixoh O'zbekiston rasmiylari ishdan olinmoqda


O`zbekiston prezidenti farmoniga ko`ra, mamlakat mudofaa vaziri Qodir G`ulomov 18 noyabr kuni o`z lavozimidan chetlashtirilgan. Uning o`rniga O`zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi bo`lib ishlagan Ruslan Mirzayev tayinlangan. Bundan avval esa ko`p yillar davomida respublika tashqi siyosatida faoliyat yuritgan rasmiylardan biri Sodiq Safoyev Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektorligidan bo`shatilgan edi. Ba'zi kuzatuvchilar nazarida, O`zbekistonda kadrlar siyosatiga oid so`nggi o'zgarishlar mamlakat tashqi siyosatidagi o'zgarishlar bilan hamohangdir.

Qodir G`ulomov prezidentning fan va ta'lim bo'yicha maslahatchisi lavozimiga o`tkazilgan. Mahalliy ekspertlar biri Kamron Aliyevning izohiga ko`ra, yaqin kelajakda AQSh bilan qay-bir darajada bog`liq bo`lgan yuqori martabali amaldorlarning iste'fosi davom etishi mumkin.

Kamron Aliyev bundan avval rektorlik lavozimidan tushirilgan sobiq tashqi ishlar vaziri va O'zbekistonning AQShdagi elchisi Sodiq Safoyevning siyosiy faoliyatiga baho berishda ham uning AQSh va O`zbekiston aloqalarining rivojlanishidagi o`rniga ahamiyat qaratadi.

Kuzatuvchilardan yana biri Bahodir Musayevga ko`ra, Qodir G'ulomovning ishdan olinishi uning harbiy emas, balki ziyolilar vakili ekanligi bilan bog`liqdir.

" O`zbekistonga nisbatan xalqaro hamjamiyatning bosimi davom etmoqda, bunday vaziyatda prezidentga sodiq va shafqatsiz mudofaa vaziri kerak bo`ladi," deydi Bahodir Musayev. "Qodir G`ulomov esa bunday kishi emas. Yangi tayinlangan vazirda aynan shu tomonlar hisobga olingan bo`lsa kerak. Agar ikkinchi bor Andijon voqealari takrorlanadigan bo`lsa, Mirzayev prezidentning buyru`gini so`ssiz ijro etadi."

Ruslan Mirzayevning mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishini mahalliy kuzatuvchilardan Toshpo`lat Yo`ldoshev shunday izohlaydi:

"U prezidentning yaqin odamlaridan biri. Milliy xavfsizlik kengashi kotibi bo`lib ishlashi mobaynida rossiyalik maxsus xizmat vakillari bilan yaqindan aloqalarni mustahkamlagan bo`lsa kerak. U Rossiya bilan aloqalarni kengaytirish maqsadida mudofaa vazirligiga tayinlagan bo`lishi mumkin."

Qodir G'ulomov ham, yangi tayinlangan mudofaa vaziri Ruslan Mirzayev ham Yevropa Ittifoqi tomonidan Yevropa davlatlariga kirishi ta'qiqlangan 12 nafar O'zbekiston ramiysi ro`yxatidan joy olgan. Toshpo`lat Yo`ldoshevning izohiga ko`ra, Qodir G'ulomovning Yevropa Ittifoqi ro`yxatidan joy olishi adolatli.

"Chunki Qodir G'ulomov Andijondagi qon to`kilishlardagi aybdorlardan biri. U o`sha paytdayoq iste'foga chiqmagan."

XS
SM
MD
LG