Breaking News

Andijon voqealarida O'zbekiston Islomiy Jihodining qo'li bormi?


25 noyabr’ kuni Rossiyada chiqadigan “Moskovskie novosti” internet-nashri O’zbekiston Islomiy Harakatining bundan bir necha oy ilgari Pokistondan O’zbekistonga ekstraditsiya qilingan a’zosi Shuhrat Masiroxunovning interv’yusini e’lon qildi.

O’IH kontrazvedka bo’limini boshqarganligi aytilayotgan Shuhrat Masiroxunovga ko’ra, 13 may kuni Andijonda yuz bergan voqealarni O’IH ajralib chiqqan O’zbekiston Islomiy Jihodi tashkiloti a’zolari uyushtirganlar. Eslatib o’tamiz, Shuhrat Masiroxunov ayni paytda Toshkentda qamoqda saqlanmoqda va 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Biz Shuhrat Masiroxunovning gaplarida qanchalik jon bor-yo’qligini aniqlash maqsadida ayni paytda Erondagi “Asqarobod” qochqinlar jamlog’ida yashayotgan andijonlik sobiq O’IH a’zosi bilan bog’landik.

- Andijon voqealarida musulmonlarni qoralash noto’g’ri. Nimaga desangiz, hozir Islomiy Harakati moliyaviy jihatdan juda zaif. U yerga o’z odamini yetkazib, portlash qilib yoki bo’lmasa qurol bilan odamlarning orasidan turib otishlikka zaif. Al-Qoidani gapirsak, O’zbekiston bilan Al-Qoidaning ishi bo’lmasa kerak. Negaki arablar ko’pincha Amerikaga zid ish olib boradi.

Hozir Tohir Yo’ldosh nimaning hisobiga kun kechirayotgan bo’lishi mumkin, Sizningcha? Uning boshqa guruhlar bilan aloqasi bormi? – so’rayman suhbatdoshimdan.

- Boshqa guruhlar bilan aloqasi bor. U guruhlar moliyaviy jihatdan, qorni, kiyim-kechak va boshqa narsalar bilan Tohir Yo’ldoshni ta’minlaydilar. Tohir Yo’ldoshning boshqa bir joydan keladigan puli yo’q. Arablar unga yordam bersa kerak. Amerikaning ziddiga ishlagani uchun unga yordam berishyapti. Agar Tohir Yo’ldosh Amerikaning ziddiga nafar chiqarib [askar demoqchi] postlarga yordam ko’rsatmasa, unga yordam berilmaydi.

- O’IH Afg’onistonda o’tkazilgan aksilterror amaliyotlari chog’ida parchalangani, Juma Namangoniyning o’lgani aytiladi. O’IH Tohir Yo’ldosh boshchiligidagi asosiy jangovar qismi hozir aynan qaysi jug’rofiy mintaqada joylashgan?

- O’IH jangovar qismlari Afg’oniston va Pokiston o’rtasida joylashgan. U mintaqa Pokistonga bo’ysunmaydi va na Afg’onistonning yeri hisoblanadi. Qaboyil deydi [qabilalar], shularning yerida, tog’larda yurishibdi. Lekin O’zbekiston Islomiy Harakatining boshqa taraflarda odami yo’q. Avval Tojikistonda bo’lgan, boshqa joyda bo’lgan emas. Hozir u yerlarda hech kim yo’q. Hozir bular Afg’onistonning ichki siyosatiga aralashib yurishibdi. O’IH moliyaviy tomondan juda zaif. Bir odam tashqariga chiqib ish qilishi uchun moliya bo’lmasa, ish qilolmaydi.

- O’IH parchalanishining asosiy sababi nimada?

- O’IH parchalanishining sababi, muhojirlarga muhabbat bilan qaralmaganida. Talablarga javob berilmagandan keyin, muhojirlar harakatni tashlab chiqib ketishga majbur bo’ldilar.

- Muhojirlarning talablari nima edi?

- Harakat O’zbekistonga yo’naltirilsa, Afg’onistonning ichki siyosatiga biz aralashmasak, behuda qonimiz to’kilmasa, siyosiy kurash olib borsak, farzandlarimiz o’qisa degan ko’p talablar bor edi. Tohir Yo’ldosh bu talablarga e’tibor bermadi, faqat o’z manfaati, obro’si yo’lida Afg’oniston siyosatiga aralashdi. Yosh yigitlarni majburlab postlarga chiqardi. Muhojirlar bu narsalarga rozi emas edilar. Ular iqtisodiy tomondan juda qiynaldilar. Shundan so’ng ruxsat so’rab yoki qochib, tarqab ketishga majbur bo’ldilar.

- O’zbekiston Islomiy Harakatini yana qayta tiklash mumkinmi?

- Yana qayta Islomiy Harakat qilish mumkin emas. “Og’zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi” deydi-ku. Muhojirlarning og’zi kuyib bo’ldi. Hech kim hech br natijaga erishmadi. Vatandan ayrilib, xotin, bola-chaqadan ayrilib, kelganlar bo’lmag’ur janglarda o’lib, xotinlari beva qoldi. Buni ko’rib turgandan keyin Islomiy Harakatning yana qayta tiklanishiga hech kim rozi bo’lmaydi. Harakatga qo’shilish tugul, kelayotganlarni ham adashishlikdan qaytarish kerak.

Shuhrat Masiroxunov Rossiyaning “Moskovskie novosti” nashriga bergan interv’yusida Tohir Yo’ldoshning o’tgan yili qishda amerikalik harbiylar bilan uchrashganini aytadi. Bundan tashqari, amerikaliklar go’yoki, Shuhrat Masiroxunovga ham Karimov rejimiga qarshi kurashda hamkorlik taklif qilganlar. Shuningdek, interv’yudan ma’lum bo’lishicha, hozir O’IH Qirg’izistonda jangarilarni tayyorlash bazasini ochishni rejalashtirmoqda…

“Farg’ona vodiysida siyosiy Islom” mavzusida tadqiqot olib borayotgan o’shlik siyosatchi Iqbol Mirsaitovga ko’ra, O’IH a’zosining interv’yusi O’zbekiston hukumati tomonidan uyushtirilgani ko’rinib turibdi.

- Chunki, 13 may kuni Andijonda yuz bergan fojealardan keyin O’zbekiston hukumati mas’uliyatni o’z zimmasidan soqit qilmoqchi. Shu maqsadda O’zbekiston hukumati qo’shni davlatlar va o’zini tanqid ostiga olayotgan G’arbga qarshi axborot urushini e’lon qilgan. Bu O’zbekiston hukumatining xurujidan boshqa narsa emas, - deydi Iqbol Mirsaitov.

XS
SM
MD
LG