Breaking News

Xelsinki O'zbekistonni e'tiqod erkinligini e'zozlashga chaqirmoqda


Xelsinki kommissiyasi nomi ostida tanilgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik bo’yicha AQSh komissiyasi kecha Vashingtonda O’zbekiston va Turkmanistondagi diniy erkinlik muammolarini muhokama qildi. Komissiya ikki mamlakat hukumatlarini diniy jamoalarni ta’qib qilishni to’xtatishga, ularning qayddan o’tishiga va a’zolarining ibodat uchun erkin yig’ilishiga yo’l ochib berishga chaqirdi.

O’zbekiston jinoyat kodeksi va diniy faoliyatni o’ta cheklovchi qonunlardan foydalanib va qayddan o’tmagan diniy tashkilotlarni ta’qib qilib, o’zining repressiv siyosatini davom ettirmoqda, dedi Nyu Jersi shtatidan kongressmen va Xelsinki komissiyasi raislaridan biri Kristofer Smit.

" Men Karimov hukumatini diniy faoliyati yoki e’tiqodi tufayli qamoqqa olinganlarni ozod etishga chaqiraman,"-dedi janob Smit.

Turkmaniston esa diniy qonunlarini isloh qilish, bir necha diniy guruhlarni qayddan o’tkazish va ular a’zolarining erkin yig’ilishini ta’minlash tomon kichik qadamlar tashlagan bo’lsa-da, dedi kongressmen, o’tgan yil mobaynida sodir etilgan bir qator diniy qonunbuzarliklar bu ijobiy o’zgarishlarni yo’qqa chiqardi.

Shu o’rinda tinglovda guvoh sifatida qatnashgan, ammo ismini oshkor qilishni istamagan Turkmaniston fuqarosi nasroniylikni qabul qilgani va ibodatga borgani uchun Turkmaniston xavfsizlik xizmati tomonidan ta’qib qilingani va qiynoqqa solingani haqida so’zlab berdi.

"Ko’plab nasroniylar ta’qib tufayli qochoqqa aylangan. Ko’pchilik e’tiqodi tufayli doimiy qo’rqinchda yashashga majbur,"- dedi Turkmaniston fuqarosi.

Markazi Norvegiyada joylashgan va faoliyati dunyo bo’ylab aynan diniy erkinlik masalalarini tez va aniq yoritishga qaratilgan Forum-18 tashkiloti muharriri Feliks Korley hamda muharrir yordamchisi Jon Kinexen tinglovda ma’ruza qildilar. Ularning aytishicha, O’zbekistonda turli din vakillari ibodat qiladigan joylarda to’satdan tekshiruvlar o’tkazish oddiy holga aylangan, diniy adabiyotga nisbatan senzura mavjud, diniy tashkilotlarning ro’yxatdan o’tishi esa ancha mushkul.

"O’zbekistonda ro’yxatdan o’tish uchun menimcha 17 muassasadan tasdig’idan o’tish kerak. Agar ularning atigi bittasi sizga rad javobini bersa, keyingi safar butun jarayon qaytadan boshlanadi,"- dedi janob Korley.

Din va Siyosat instituti prezidenti Josef Griboski Turkmaniston va O’zbekistonda diniy erkinlikni targ’ib qilish borasida AQSh siyosatini, xususan bu ikki mamlakatga AQSh Davlat departamenti tomonidan haligacha “o’ta tashvishlanarli davlat” maqomi berilmaganini tanqid ostiga oldi.

"AQShning Turkmaniston va O’zbekistonga nisbatan amaldagi siyosati inson huquqlari va diniy erkinlikka nisbatan e’tiborsizlikning davom etishiga olib borishi mumkin,"-dedi janob Griboski.

1975 yilda Finlyandiya poytaxti Xelsinkida imzolangan xalqaro qonun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga a’zo 55 mamlakatdan inson huquqlarini himoya qilishni, jumladan diniy erkinlikni hurmat qilishni talab qiladi.

XS
SM
MD
LG