Breaking News

<b>2005 yilning Besh Muhim Voqeasi</b>


XXI asrning birinchi besh yilligi sarhisob qilinmoqda. Tarix insoniyatning eng ulug' ustozi, degan naql bor. 2006 yil umidlar eshigini ochar ekan, ko’plarni armon ichra qoldirgan 2005 yil O’zbekiston hayotida qonli, siyosiy jihatdan shiddatli va keskin burilishlar davri sifatida yodda qoladi.

1. 2005 yilning eng unutilmas voqeasi shubhasiz Andijon fojiasi bo’ldi. 12 maydan 13 mayga o’tar kechasi Andijon qamoqxonasiga qurolli hujum qilindi. 13 may kuni Bobur maydonida o’tayotgan ommaviy namoyishga hukumat o’qi bilan barham berildi. Rasmiy Toshkent 180 ga yaqin odam o’ldi, desa, guvohlarga ko’ra yuzlab aholi qirib tashlangan. Tarixda ilk marta o’zbekistonlik qochqin degan tushuncha paydo bo’ldi. Qirg’izistondan panoh izlagan o’zbekistonliklar BMT yordamida Ruminiyaga yo’l oldilar va hozirda uchinchi davlatga jo’natilmoqda. O’zbekiston mustaqil xalqaro tergovdan bosh tortib, hozirgacha voqeada yuzga yaqin kishini aybdor deb topdi. O’zbekiston tutgan yo’ldan norozi Yevropa Ittifoqi o’z a’zolariga bu davlatga qurol sotishni man etdi va Toshkent rasmiylariga o’z darvozalarini yopdi.

2. 2001 yil sentyabrida AQShdagi terror xurujlaridan so’ng keskin kuchaygan O’zbek-Amerika aloqalari 2005 yilga kelib o’zining eng past nuqtasiga yetdi. AQSh bilan aloqalarning yaxshilanishi hisobiga zaiflashgan O’zbekiston-Rossiya aloqalari AQSh bilan aloqalarning sovuqlashishi hisobiga kuchaydi. Andijon voqealaridan so’ng tergov o’tkazish talabi bilan chiqqan hamda shundan so’ng O’zbekistonni qattiq tanqid ostiga olgan AQSh Xonoboddagi harbiy bazasidan ayrildi. O’zbek matbuotida AQShga qarshi propaganda kuchaydi. AQSh O’zbekistondagi tuzumni yemirishga harakat qilayotganlikda ayblandi. Iroqdagi urushni ikki yil oldin qo’llab-quvvatlagan O’zbekiston parlamenti AQShni bosqinchilikda aybladi. O’zbekiston AQSh qo’llab-quvvatlab kelgan GUUAM tashkilotini tark etdi. AQSh yetakchilik qilayotgan NATO yig’iniga O’zbekistondan bu yili hech kim qatnashmadi. Rasmiy Toshkent NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo ba’zi davlatlardan o’z qo’shinlarini uning hududian olib chiqishni va havo kengliklaridan foydalanmaslikni talab qildi. O’zbekiston tashqi ishlar vazirligining bir amerikalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishiga javoban AQSh ham Vashingtondagi o’zbek diplomatlaridan birini chiqarib yubordi.

3. May oyidagi Andijon voqealari va AQSh bilan aloqalarning yomonlashishi O’zbekiston hukumatini o’zini Rossiya quchog’iga otishga majbur qildi. Ko’plab million dollarlik sarmoyalar haqida kelishildi. Rossiya kompaniyalarining O’zbekiston bozoridagi faoliyatlari kuchaydi. Rossiya bilan ittifoqchilik shartnomasi imzolandi. O’tmishda prezident Karimovning tanqidiga uchragan Rossiya yetakchilik qilayotgan Yevroosiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo’lish haqida niyat bildirildi. O’zbekistonning Rossiya va Xitoy boshchiligidagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi mavqei kuchaydi. Prezident Karimov 2005 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchdan ortiq marotaba uchrashdi. Yangi yildan boshlab rus tiliga rasmiy til maqomi berilishi va lotin alifbosidan voz kechib, kiril alifbosiga qaytish haqida mish-mishlar tarqaldi.

4. 2005 yil davomida O’zbekiston hukumatinin mustaqil va chet-el matbuoti hamda nodavlat tashkilotlarga nisbatan tazyiqi kuchaydi. Demokratik qadriyatlarni targ’ib qiluvchi INTERNEWS va IREX kabi xalqaro nohukumat, notijorat tashkilotlari, hamda Ozodlik va BBC kabi xalqaro radio stansiyalar siyosiy bosim ostida O’zbekistondagi idoralarini yopishga majbur bo’ldilar. O’nlab mustaqil jurnalistlar vatanlarini tark etdilar. So’z erkinligi yo’lida kurashgan faolla va matbuot xodimlari panjara ortiga tashlandilar. Muxolifatga nisbatan tazyiq kuchaydi. Serquyosh O’zbekistonim koalitsiyasining rahbari Sanjar Umarov va tashkilot vakili Nodira Hidoyatova moliyaviy qalloblikda ayblanib, qamoqqa olindi.

5. G’arbda yangi mustaqil “istonlar” deb atalgan mintaqada ilk inqilob yuz berdi. Qirg’izistonda yil boshida o’tgan parlament saylovlaridan so’ng norozilik namoyishlari boshlandi. Mart oyida saylovlarning ikkinchi bosqichi yakunida namoyishlar kuchayib, Jalolobod va O’shda olomon hukumat binolarini qo’lga oldi va prezident Akayev iste’fosini talab qildi. 24 martda xaloyiq poytaxt Bishkekda hokimiyat binolariga bostirib kirgach, mamlakatning 15 yillik rahbari Akayev Moskvaga qochdi. Yangi hukumat a’zolari bilan muzokaradan so’ng quvg’inda iste’foga chiqishga rozilik berdi. Uning o’rniga muxolifatchi va sobiq bosh vazir Kurmanbek Bakiyev muvaqqat prezident etib tayinlandi. Iyul oyidagi prezidentlik saylovlarida Bakiyev 89 foiz ovoz bilan g’alaba qozondi. Qizg’aldoq inqilobi deb atalgan voqea ketidan Markaziy Osiyo va Rossiyada g’arbga qarshi propaganda va g’arb moliyalovchi nohukumat tashkilotlariga tazyiq kuchaydi.

XS
SM
MD
LG