Tojikiston
Tojikiston rasmiylariga ko'ra, 8 yanvar kuni poytaxt Dushanbedagi ruhan kasal bolalar uchun mo'ljallangan markazga o't tushgan va natijada 13 ta bola o'lgan. Yong'in boshlanganda markazdagi 100 ga yaqin bola uxlayotgan edi. Mahalliy matbuotga ko'ra, yong'in boshlanishi bilanoq atrofda istiqomat qiladigan odamlar shu jumladan markaz yonida joylashgan Yaponiya elchixonasining qo'riqchilari o't o'chiruvchilar yetib kelguncha, o'nlab bolalarni qutqarishga muvaffaq bo'lishgan. O't o'chirish xizmati yong'in sodir bo'lgan joydan bir kilometr narida joylashganiga qaramay, o't o'chiruvchilar yong'indan yarim soat keyin keldilar. Omon qolgan bolalarning ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan. Yong'in tushgan bino 1934 yilda qurilgan. Tojikiston mehnat vazirining birinchi o'rinbosari Maxmud Qosimovning aytishicha, yong'in qisqa elektr tutashuv oqibatida yuzaga kelgan bo'lishi mumkin.
Qozog'iston
Yaqinda qayta saylangan Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning 11 yanvarda Ostonada bo'ladigan inaguratsiyasiga 32 davlatdan yuqori darajali delegatsiyalarning kelishi kutilmoqda. Tashqi ishlar vazirligi vakili Yerjon Oshiqboyevga ko'ra, Nazarboyevning qasamyod keltirish marosimida Rossiya, O'zbekiston, Tojikiston, Ukraina, Gruziya, Afg'oniston, Qirg'iziston va Xorvatiya davlat rahbarlarining ishtirok etishi kutilmoqda. Xitoy, Bolgariya, Ozarbayjon, Latviya, Turkiya va Ruminiyadan ham vitse-prezidentlar yoki bosh vazir o'rinbosarlarining kelishi haqida axborot bor. Oshiqboyevga ko'ra, jami 70 davlatdan va yirik xalqaro tashkilotlardan delegatsiyalar keladi.
Qirg'iziston
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Qirg'izistondagi doimiy vakili Jerzi Skuratovichga ko'ra, BMT joriy yilda respublikadagi loyiha va dasturlarini qisqartirmaydi. Uning aytishicha, tashkilot Qirg'iziston Vazirlar Mahkamasi bilan 2006 yilda birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar rejasini muvofiqlashtirgan. Muhim loyihalardan biri, deydi Skuratovich, 2004 yildan beri tatbiq etib kelinayotgan qashshoqlikni kamaytirish dasturidir. Loyiha doirasida 8,000 ga yaqin qirg'iz fuqarolariga o'z bizneslarini rivojlantirish uchun mikrokreditlar ajratilgan.
Qirg'iziston
Qir'giziston tashqi ishlar vaziri Alibek Jekshenkulovning aytishicha, tez kunlarda AQShning Qirg'izistondagi harbiy bazasiga doir muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo'lib o'tadi. Muzokaralarda AQSh harbiy bazasining maqomi qayta ko'rib chiqiladi. Baza 4 yil ilgari AQSdagi 11 sentyabr voqealaridan so'ng ochilgan edi. Qirg'iziston AQShdan baza uchun ko'proq pul to'lashni talab qilmoqda.